21:27 / 11.03.2023
30125

Frontdagi vaziyat: Ukraina qarshi hujumga o‘tishi mumkin bo‘lgan muddat aytildi

Politico nashri amerikalik harbiylarga tayanib yozishicha, Ukraina armiyasining yirik qarshi hujumi yaqin olti–sakkiz hafta ichida ro‘y beradi. Ukrainaliklar bahorgi loygarchiliklar tugab, kunlar isishini, shuningdek o‘z bo‘linmalarining Yevropa davlatlaridagi o‘qishlari yakunlanishini kutmoqda.

Ukraina askarlari Baxmutda. Foto: Madeleine Kelly / Keystone Press Agency

Shu vaqtning o‘zida mutaxassislar g‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan «havo – havo» sinfidagi raketalarni Ukrainaning sovet davrida ishlab chiqarilgan qiruvchi uchoqlarga o‘rnatish imkoniyatini o‘rganishmoqda. Bu sa’y-harakatlar qo‘shimcha o‘t ochish quvvatlari hamda havo hujumidan mudofaaga ehtiyoj sezayotgan Kiyevning F-16 qiruvchi samolyotlari borasidagi muammosini yopishi mumkin.

Politico nashri AQSh mudofaa vazirligining nomi oshkor qilinmayotgan ikki mulozimi, shuningdek Ukraina bo‘yicha muhokamada ishtirok etayotgan yana bir manba so‘zlarini keltirmoqda. Amerika va ukrain harbiylari ayni vaqtda Ukraina harbiy havo kuchlariga tegishli «MiG» harbiy qiruvchi samolyotlariga «havo – havo» sinfidagi o‘rta masofaga harakatlanuvchi AIM-120 raketalarini qanday o‘rnatish ustida bosh qotirishmoqda. Bu raketalar g‘arbning F-16 kabi samolyotlaridan uchirishga mo‘ljallangan.

Integratsiya jarayoni muammolarga to‘la, chunki raketa nafaqat jismonan samolyotga o‘rnatilishi, shuningdek uning radari bilan «so‘zlashishi» ham talab etiladi. O‘t ochish uchun avvaliga samolyot radari raketaga nishonni ko‘rsatadi, so‘ng raketaning o‘zi nishonni topib olgunga qadar uni yo‘naltirib turadi.

«Asosiy muammo shundaki, amerikancha va sovet tizimlari shu qadar farqliki, raketa va samolyot bir birining tilini tushunmayapti», deyiladi maqolada.

Agar muvaffaqiyatga erishilsa, bu AQSh tomonidan Ukraina samolyotlariga «havo – havo» tipidagi raketalardan foydalanish imkonini taqdim etgan ilk holat bo‘ladi. Ayni paytda Ukraina qurolli kuchlarida g‘arb davlatlari tomonidan yetkazib berilgan, xorijda ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali uchiriladigan ayrim raketalar bor. Bundan tashqari, Ukraina armiyasi ixtiyorida «havo – yer» sinfidagi AGM-88B raketalari ham borki, ular bilan yerda joylashgan nishonlarni bemalol urish mumkin.

Slovakiya mudofaa vaziri Yaroslav Nad avvalroq o‘z mamlakati Ukrainaga o‘nta «MiG-29» qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishga tayyorligi, Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Vopke esa vazirlar mahkamasi F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish imkoniyatini o‘rganib chiqishini aytgan edi.

Ayni paytda AQSh harbiy havo kuchlari milliy gvardiyasining Arizonadagi harbiy bazasida ukrain pilotlarining turli harbiy samolyotlar, jumladan F-16 samolyotini boshqarish uchun qancha vaqt talab qilinishi bo‘yicha mahoratlari sinovdan o‘tkazilmoqda. O‘tgan haftada AQShning oliy martabali generallari ukrain harbiylarini birgalikdagi qo‘shma mashqlar o‘tkazilgan Germaniyada qabul qilishgan. Ular urushning keyingi bosqichiga tayyorlanishmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to‘lishi arafasida AQSh prezidenti ma’muriyati Kiyevni urush vektorini o‘zgartirish uchun hal qiluvchi fursat yetganidan ogohlantirgan. Oq uy harbiy qurol-aslahalar yetkazib berish hajmi ortib borar ekan, Ukraina hukumatiga bosimni oshirmoqda va frontda muvaffaqiyatli natijalar kutmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlariga ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha keng front bo‘ylab siquvga olish buyurilgan, lekin ularga front chizig‘ini yorib o‘tish uchun kuch yetmayapti, shu sababli istiqbolda Ukraina armiyasining qarshi hujumini kutish mumkin.

Donetsk oblastidagi Baxmut shahri hozircha frontning intensiv to‘qnashuvlar ketayotgan so‘nggi uchastkasi bo‘lib qolmoqda. Aftidan, Ukraina kuchlari Baxmutdan cheklangan miqdorda taktik chekinishni amalga oshirmoqda, lekin shaharni to‘liq tark etish haqida hali gapirishga erta. Bu hududda Rossiya hujumi o‘zining muqarrar kulminatsiyasiga yetgani, RF QKning Vuhledardagi hujumi yakunlangani va ruslarning Luhansk oblastidagi hujumi to‘xtab qolgani Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumi uchun mustahkam sharoitlar yaratadi. Chunki ayni paytda hujum qilayotgan tomon tamomila holdan toygan, deya qayd etgan Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW).

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak esa mamlakat qurolli kuchlarining qarshi hujumi ikki oydan so‘ng boshlanishini aytdi.

«Biz rossiyaliklarni Baxmutda holdan toydiramiz, so‘ng boshqa joyga diqqatimizni jamlaymiz. Bizga uzoq masofadagi nishonlarni ura oladigan raketalar kerak. Biz 155 mm kalibrli og‘ir artilleriya snaryadlari yetkazilishi ko‘paytirilishiga muhtojmiz. Biz shoshilayotganimiz yo‘q, keyingi ikki oy ichida qaytadan tizilib olamiz», degan Podolyak.

Tahlilchilar fikricha, Baxmutdan so‘ng Rossiya kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining yopirilma hujumiga bardosh bera olmaydi, Kreml og‘ir yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun harbiy safarbarlikning yana bir to‘lqinini o‘tkazishga majbur bo‘ladi. ISW frontdagi ulkan yo‘qotishlar Rossiyaga boshlangan hujumning miqyosini ko‘paytirib, sezilarli muvaffaqiyatga erishish uchun yetarli tarzda bo‘sh zaxiralar yetishmayotganini ta’kidlagan. Ayniqsa Rossiya qo‘shinlariga o‘tgan yilda ulkan yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan tank qismlari yetishmayapti. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top