Rossiya aholisi ketma-ket ikkinchi yil milliondan ziyodga kamaymoqda: bunga urushning qanday ta’siri bor?
Rossiyadagi demografik falokat urushdan ham avvalroq boshlangan edi. Ammo Kreml tomonidan Ukrainada boshlangan bunday hajmdagi harbiy harakatlar uni yanada kuchaytirdi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda rossiyalik erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 65,5 yoshni tashkil etgan edi. Bu 2014 yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkich. O‘sha 2021 yilda — Ukrainada hali keng miqyosli urush boshlanmasdan avval Rossiyada aholining qisqarishi (tug‘ilganlar va o‘lganlar o‘rtasidagi farq) Ikkinchi jahon urushidan buyon jamiki rekordlarni yangiladi — 1 mln 43 ming kishi.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda RFda 1 mln 306 ming 162 chaqaloq dunyoga kelgan, 1 mln 905 ming 778 kishi vafot etgan. Tabiiy kamayish 599 ming 616 kishini tashkil etgan va bu 2021 yilning ko‘rsatkichidan 42,5 foizga kam», — deyiladi Rosstat ma’lumotnomasida.
Absolyut raqamlarda Rossiya Federatsiyasi aholisi 2021 yilda 613 ming kishiga kamaygan, chunki tabiiy qisqarish migratsion o‘sish (430 ming kishi) bilan kompensatsiya qilindi.
Tabiiyki, yanada muhimroq savol o‘rtaga qalqib chiqadi: bir yillik intensiv harbiy harakatlardan so‘ng Rossiya demografiyasi qay ahvolga tushdi? Rosstat Rossiyaning 2022 yilda aholi kamayishi bir muncha qisqarganini ta’kidlamoqda. Uning hisoblarga ko‘ra, aholi «bor-yo‘g‘i» 600 ming kishiga kamaygan.
O‘z-o‘zidan tushunarliki, Putinning rasmiy statistikasi ishonchga sazovor emas. Biroq, 2021 yilgi demografik falokat ko‘rsatkichlarga nisbatan shartli ravishda «xayrliroq» deb atash mumkin bo‘lgan raqamlarni ham u yoki bu darajada mantiqiy tushuntirish mumkin.
Gap shundaki, Rossiya aholisi kamayishi bo‘yicha 2021 yilgi antirekordga COVID-19 ham katta «hissa» qo‘shgandi. Ortiqcha o‘lim ko‘rsatkichlari o‘sha yili mamlakatda 300 mingdan ziyod bo‘lgan. 2020 yilda kamayish 703 ming bo‘lgani hisobga olinsa, 2021 yilda kovid yo‘qotishlari bo‘lmaganda ko‘rsatkich xuddi shunday, 700 ming atrofida bo‘lishi mumkinligi taxmin qilish mumkin, lekin shu ham kam emas. Rossiya aholisining bu darajada ko‘p kamayishi Putin tilga olishni xush ko‘radigan «musibatli 90-yillar»ga xos.
Biroq, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, keng miqyosda urush olib borilgan 2022 yilda mutlaqo kutilmagan hodisa kuzatilgan: Odatiy tarzda Rossiyada aholi soni qisqarib borayotganini ko‘rsatib turuvchi son 600 minggacha pasayibdi.
Bu yerda mavzuning yana bir jihati muhim. So‘nggi yillarda aholi qisqarishi birinchi navbatda tug‘ilish kamayishi hisobiga ro‘y bermayapti, garchi buning ham o‘z o‘rni bo‘lsa-da. Masalan, 2022 yilda Rossiyada 2021 yilga nisbatan 100 mingga kamroq bola tug‘ilgan. Biroq, so‘nggi yillarda Rossiyada aholi qisqarishining asosiy omili aynan o‘lim ko‘rsatkichlari oshishi bo‘lmoqda.
Mutlaqo ajablanarli holga guvoh bo‘lish mumkin: ikkinchi jahon urushidan buyon miqyosi bo‘yicha misli ko‘rilmagan urush olib borilayotgan yilda Rossiyada o‘lim ko‘rsatkichlari kamayib, 540 ming kishini tashkil etmoqda!
Tushunarli bo‘lishi uchun: bir yil ichida o‘lim ko‘rsatkichlari pasayish tomonga bu qadar tebrangan yil Rossiyada hech qachon bo‘lmagan. Hattoki nisbatan farovon turg‘unlik yillarida ham, aholi soni barqaror o‘sishda davom etgan Gorbachyov yillarida ham.
Buni qandaydir obektiv sabablar bilan tushuntirish imkonsiz. Albatta, Rossiyada o‘lim soni kamayganiga sabab qilib COVID-19 pandemiyasi o‘tib bo‘lganini ko‘rsatish mumkindir. Chunki 2021 yilda ortiqcha o‘limlar soni 300 mingdan ziyodni tashkil etgan. Agar bu raqamni 2022 yilgi 540 ming bo‘lgan umumiy sondan ayirsak, 2022 yilda Rossiyada o‘limlar soni mutlaqo noma’lum sabablarga ko‘ra 240 mingga kamaygani kelib chiqadi. Bunaqasi esa zamonaviy Rossiya tarixida hech qachon bo‘lmagan. Boz ustiga, bu ko‘rsatkich mamlakat olib borayotgan keng miqyosli urush fonida ro‘y bermoqda.
Buni demografik statistikani qo‘shib yozish va qog‘ozda tahrirlashdan bo‘lak narsa bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Bu yerda hali Rosstatning ochiq ma’lumotlarida aholi o‘limi va mamlakatni tark etishi borasida «tinchlik davri»dagi (Rossiyada rasman «tinchlik davri hukm surmoqda, axir!) harbiy yo‘qotishlar hisobga olinmasligi qo‘shilmagan. Chunki RFning amaldagi qonuniga ko‘ra, ularni oshkor etish taqiqlangan.
Yuqorida sanab o‘tilgan manipulyatsiyalarga qaramasdan, Putin statistikasining rasmiy raqamlari Rossiya aholisining kamayishi 2022 yilda juda yuqori darajada — qariyb 600 ming kishi bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.
Bu xulosa Rosstatning boshqa ma’lumotlari bilan tasdiqlanadi va raqamlarning oshishi tomon yanada aniqlik kiritiladi. Masalan, 2021 yilning oktyabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan aholini sanoqdan o‘tkazish ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 147 mln 590 ming 600 kishi yashagan. Albatta, bu yerga annexia qilingan Qrim aholisi ham qo‘shilgan. Agar hisob-kitob Rossiyaning faqat xalqaro tan olingan chegaralarida olib borilganida, raqam 2,5 millon kishiga kamroq bo‘lardi.
Oradan bir yildan sal ziyod vaqt o‘tgach, 2023 yilning 1 yanvarida Rosstat RFning umumiy aholi sonini 146 mln 424 ming 729 kishi deb e’lon qildi. Shunday qilib, absolyut raqamlarda Rossiya aholisi 2022 yilda 1 mln 165 ming 871 kishiga kamaygan.
RF aholisining bunday qisqarishi, albatta, faqat aholining sifatsiz tibbiyot, iste’mol darajasi pasayishi va harbiy yo‘qotishlar evaziga tabiiy kamayishi tufayli emas, rossiyaliklarning boshqa davlatlarga yoppasiga emigratsiya qilishi ortidan ham kelib chiqqan.
Qayd etmoq joyizki, Rossiya naqd aholisi sonining keskin kamayishi Ukrainadan Rossiyaga qochqinlar soni oshishi fonida ro‘y bermoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiya Federatsiyasiga turli yo‘llar bilan (ayrim holatlarda majburan) qariyb 2,9 mln ukrainaliklar olib o‘tilgan. Bu holatda Rosstat foydalanadigan, mamlakat aholisini sanoqdan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro uslubga ko‘ra, «aholi soni» tushunchasi tranzit yo‘lovchilardan tashqari mamlakat hududida bo‘lib turgan barcha odamlarni qamrab oladi. Xorijliklar va fuqaroligi yo‘q bo‘lgan shaxslarni ham hatto. Ya’ni Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistondan borib ishlayotgan mehnat migrantlari ham hisobga olinadi.
Lekin, yana bir bor takrorlash lozimki, Ukrainadan millionlab qochqinlar mamlakatga oqib kirishi, kovid pandemiyasidan so‘ng o‘lim darajasi pasayishiga qaramasdan, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, absolyut raqamlarda Rossiya aholisi soni 1,16 million kishiga kamaygan. Bu esa Ikkinchi jahon urushidan buyon yangi rekord.
Raqamlar o‘zidan hikoya qiladigan holat.
Mavzuga oid
14:45 / 18.07.2024
Rosstat birinchi marta tashqi sabablardan o‘lim haqidagi ma’lumotlarni yashirdi
08:33 / 08.04.2023
Rosstat: 2022 yilda Rossiya iqtisodiyotining pasayishi 2,1 foizni tashkil etdi
08:04 / 17.11.2022
Rosstat uchinchi chorakda YaIM pasayishini 4 foizga baholadi
08:26 / 06.09.2022