08:22 / 13.03.2023
16800

Rossiyaliklar tomonidan o‘ldirilgan asirga Ukraina Qahramoni unvoni berildi

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, asirlikda otib tashlanishidan oldin «Ukrainaga shon-sharaflar» so‘zlarini aytgan Aleksandr Matsiyevskiy abadiy xotirada qoladi.

Videodan kadr

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 mart, yakshanba kuni Rossiya kuchlari tomonidan asirga olingan va qurolsiz otib o‘ldirilgan Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi Aleksandr Matsiyevskiyga vafotidan keyin Ukraina Qahramoni unvonini berdi. 6 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda harbiy asirning qatl etilishi aks etgan rezonansli video paydo bo‘ldi. Yozuvda harbiy xizmatchi «Ukrainaga shon-sharaflar» deydi, shundan so‘ng avtomatdan o‘q ovozi eshitiladi.

«Bugun men Aleksandr Matsiyevskiyga Ukraina Qahramoni unvonini berdim. Askarga, barcha ukrainaliklar taniydigan insonga. U abadiy esda qoladi. Jasorati, Ukrainaga ishonchi va «Ukrainaga shon-sharafi uchun!» - dedi Zelenskiy.

Avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati o‘zining Telegram-kanalida foto va videomateriallarni qayta ishlash, qarindoshlar bilan muloqot qilish va sud-portret ekspertizasidan so‘ng otib o‘ldirilgan asirning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgandi. Matsiyevskiy Aleksandr Igorevich Chernihiv viloyati 119-alohida brigadasi 163-bataloni mergani bo‘lgan.

«U chinakam Qahramon, hatto o‘limga tik qarab, butun dunyoga ukrainaliklar xarakteri va qat’iyatini ko‘rsatib berdi, - dedi Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk jangchining o‘limiga izoh berib. - Biz uning o‘limida qatnashganlar munosib jazoga tortilishini ta’minlash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz».

Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Matsiyevskiy 2022 yil mart oyida harbiy xizmatga chaqirilgan. Dekabr oyining oxiridan beri u Donetsk viloyatidagi Krasnaya Gora qishlog‘i yaqinida bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. Ukraina maxsus xizmati Matsiyevskiy 2022 yil 30 dekabrda otib tashlanganini aniqladi. Uning jasadi 2023 yil fevralida uyga qaytarilgan.

Hozirda Ukraina Xavfsizlik xizmati bosh prokuror protsessual rahbarligi ostida ushbu harbiy jinoyatni sodir etgan rossiyalik harbiy xizmatchilarni aniqlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ularga nisbatan Ukrainada urush qonunlari va odatlarini buzganlik haqidagi jinoiy modda bo‘yicha tergovga qadar tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top