07:22 / 15.03.2023
9704

Ekspert: Putin urushdan hokimiyatni mustahkamlash uchun foydalandi

Brukings institutining katta ilmiy xodimi Anjyela Stent DW nashriga bergan intervyusida Putin «paradoksal tuyulsa-da, bir yilgi urushdan o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun foydalandi» dedi.

Foto: Shutterstock

Rossiya prezidenti Vladimir Putin - «paradoksal tuyulsa-da, bir yilgi urushdan o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun foydalandi». Bunday fikrni 14 mart, seshanba kuni DW nashriga bergan intervyusida AQShning Rossiya bo‘yicha taniqli eksperti, Brukings institutining katta ilmiy xodimi Anjyela Stent bildirdi.

Millionlab odamlar Rossiyani tark etganiga qaramay, qolganlarning aksariyati, katta ehtimol bilan, «yo urushni qo‘llab-quvvatlaydi, yoki unga befarq», dedi Stent. «Hozircha u (Putin) ularni, aftidan, G‘arb haqiqatan ham Rossiyani yo‘q qilishga urinayotganiga ishontira oldi va bu - ularning mavjudligi uchun kurash», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

U Rossiya rahbarining Ulan-Udega safari va samolyotsozlik zavodiga tashrifi haqida fikr bildirdi. Putin jamoatchilikka «o‘zi hamma narsani boshqarayotgani to‘g‘risida aholiga yanada optimistik xabar yubormoqchi» ekanligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Stent.

Katta ilmiy xodimning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik Putin «bunkerda» bo‘ladi va uchrashuvlarni bekor qiladi, deb o‘ylagan, shu munosabat bilan zavodga tashrif buyurish ma’lum bir signal yuboradi: «Sog‘ligim yaxshi. Vaziyatni nazorat qilyapman. Men sizning rahbaringizman».

Rossiya prezidentining G‘arbni oxir-oqibat qarama-qarshilikdan charchatishga qaratilgan ehtimoliy niyatini izohlar ekan, Anjyela Stent shunday dedi: «U (Rossiya davlati rahbari) uzoq vaqtni o‘ylab o‘ynayapti».

Oldingi tajribaga asoslanib, Rossiya yetakchisi shunday xulosaga kelgan: G‘arb birdamlikni abadiy saqlay olmaydi, demokratik davlatlarda saylovlar o‘tmoqda, mamlakatlar e’tiborni boshqa jihatlarga qaratishi kerak, dedi DW suhbatdoshi.

U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan kiritilgan cheklovlar samaradorligiga to‘xtalib o‘tdi. «Rossiya iqtisodiyoti G‘arb o‘ylagandan ko‘ra ancha chidamli bo‘lib chiqdi», dedi Stent. «Sanksiyalar o‘z ta’sirini o‘tkazdi, lekin ular o‘rtacha daromadga ega rossiyalikning hayotiga ta’sir qilmadi», — dedi ekspert.

Avvalroq, fevral oyida xavfsizlik bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tgan Myunxenda Anjyela Stent Rossiya arsenalida 6 mingga yaqin yadro kallaklari borligini eslatgan edi. «Agar Ukraina Qrimni muvaffaqiyatli qaytarib olishga urinsa, Putin yadro qurolidan foydalanishi mumkin», deb hisoblaydi u.

Anjyela Stent - Yevrosiyo, Rossiya va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazining katta maslahatchisi va Jorjtaun universitetining faxriy professori.

2004-2006 yillarda u AQSh Milliy razvedka kengashida Rossiya va Yevrosiyo bo‘yicha Milliy razvedka xodimi lavozimida ishlagan. 1999 yildan 2001 yilgacha u AQSh Davlat departamentining Siyosiy rejalashtirish bo‘limida xizmat olib borgan. Stent «Putin dunyosi: Rossiya va uning yetakchisi G‘arb nigohida» kitobining muallifi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top