13:21 / 15.03.2023
21875

WP: Ukraina keng ko‘lamli yurish uchun yetarli kuchga ega bo‘lmasligi mumkin

Ukraina armiyasi bir yil ichida katta yo‘qotishlarga uchragan. Oldingi chiziqqa jang ko‘rmagan yangi askarlar yuborilmoqda.

Foto: John Moore / Getty Images

Keng ko‘lamli urushning bir yili davomida Ukraina qurolli kuchlari katta yo‘qotishlarga uchragan. The Washington Post gazetasi G‘arbdagi mulozimlarga tayanib yozishicha, Ukrainaning 120 mingga yaqin askari halok bo‘lgan yoki yaralanib safdan chiqqan (dekabr oyida Kiyev rasman, 10-13 ming harbiysi halok bo‘lganini xabar qilgandi). Bu esa, o‘z navbatida, qo‘shinlarning umumiy sifati pasayishiga olib kelmoqda, chunki oldingi chiziqda amalda tajribali jangchilar qolmagan. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari, Rossiya bosqinining ilk davrida bo‘lgani kabi qurol-yarog‘ yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda, Ukraina ittifoqchilari yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldira olmayapti.

The Washington Post nashrining yozishicha, Ukraina rahbariyatida va harbiylarida Ukraina qurolli kuchlari armiyadan bir necha oydan buyon kutilayotgan yirik qarshi hujumni uyushtira olishiga shubha paydo bo‘lgan.

«Bu yoki qirg‘in va jasadlar uyumidan iborat bo‘ladi, yoki professional qarshi hujum. Ikki variant bor. Nima bo‘lganda ham qarshi hujum uyushtiriladi», — deydi jurnalistlarga 46-desant-shturm brigadasi batalonining «Kupol» laqabli komandiri.

Ushbu harbiyning so‘zlariga ko‘ra, keng ko‘lamli bosqinning bir yili davomida uning bataloni shaxsiy tarkibi to‘liq yangilangan. Rossiya bosqini arafasida safda bo‘lgan 500 jangchidan endi hech kim qolmagan — 100 kishi halok bo‘lgan, qolganlar jarohat olgan. «Kupol»ning bo‘linmasi janglarda chiniqmagan safarbar qilinganlar bilan to‘ldirilgan, uning o‘zi batalonda harbiy harakatlarda tajribaga ega bo‘lgan yagona professional harby bo‘lib qolgan.

«Urushda eng qadrli narsa — bu jangovar tajribadir. Yarim yillik harbiy harakatlardan o‘tgan askar va poligondan kelgan askar — bular turlicha askarlardir. Farqi osmon va yerdek. [Oldingi chiziqda] janglarda chiniqqan askarlar esa — barmoq bilan sanarli. Afsuski, ko‘pchilik allaqachon halok bo‘lgan yoki yaralangan».

Batalon komandiri tasdiqlashicha, yangi chaqirilganlar harbiy harakatlarga tayyor emas. «Men 100 nafar yangi jangchi qabul qilaman va ularni tayyorlashga ham vaqt berilmaydi. Menga aytishadi: „Ularni jangga olib bor“. [Jangda esa] yangi kelganlar shunchaki barchasini tashlaydi va qochib qoladi. Tamom vassalom. Bilasizmi nima uchun? Chunki bu askarlar jang ko‘rmagan. Men so‘rayman: „Nima uchun?“ U esa aytadi: „Men o‘q ovozidan qo‘rqaman“. Va qandaydir sababga ko‘ra u hatto granata otib ko‘rmagan», — deydi harbiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, oldingi chiziqda o‘q-dori ham yetishmayapti, jumladan artilleriya va minomyot snaryadlari.

Yana bir ukrainalik harbiy xizmatchi — 36-dengiz piyodalari brigadasidan bo‘lgan Dmiro — The Washington Post nashriga, uning qismida ham juda ko‘p yangi kelgan askarlar borligi va ular «okopdan bosh ko‘tarishdan ham qo‘rqishi» haqida aytib berdi. Bir safar uning jangchilari pozitsiyani tashlab qochib ketishgan. «Ular shu qadar sarosimaga tushib qolishgandi», — deydi u.

Jurnalistlar gaplashgan ayrim ukrainalik mulozimlar ham Ukraina qurolli kuchlarining yirik yurishi istiqbollariga shubha bilan qaragan. Ulardan biri G‘arb mamlakatlari Ukrainaga yetkazib berishni va’da qilgan tanklar soni «ramziy» darajada ekanini aytgan. Boshqa biri esa qurollar jang maydoniga o‘z vaqtida yetib kelishiga shubha bilan qaramoqda.

«Agar sizda katta resurslar bo‘lsa, siz faollik bilan hujum qilasiz. Agar sizda resurslar kamroq  bo‘lsa, siz ko‘proq himoyalanasiz. Shuning uchun, agar shaxsan mendan so‘raydigan bo‘lsangiz, men katta yurish bo‘lishiga ishonmayman. Bunga ishonishni istardim, ammo men resurslarga qarayman va so‘rayman: „Nima bilan [yurish qilamiz]?“» — degan The Washington Post manbalaridan biri.

Ammo rasmiylar va ekspertlar orasida boshqacha fikrda bo‘lganlar ham bor. The Washington Post nashrining amerikalik manbalaridan biri, jang maydonidagi hozirgi vaziyat Ukraina qurolli kuchlarining holatini to‘liq aks ettirmasligini, chunki yurish qiladigan qo‘shinlar alohida tayyorlanayotganini aytadi — ularni ataylab janglarga tashlashmayapti, jumladan ular Baxmut mudofaasida ishtirok etmayapti. Ukrainalik mulozimlardan biri jurnalistlarga, Baxmut uchun janglardan maqsad— Rossiya armiyasini holdan toydirish ekani, shahar mudofaasidagi ukrain harbiylari bo‘lajak yurishda ishtirok etmasligini ta’kidlaydi.

«Biri himoyalanadi, boshqasi tayyorlanadi», — deya xulosa qilgan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondoni, general-polkovnik Oleksandr Sirskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa liniyasini ushlab turish zaxira kuchlarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan vaqtdan yutishga yordam beradi. The Washington Post nashri qayd etishicha, 2023 yilda Buyuk Britaniya va Yevroittifoq davlatlarida 50 ming ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash rejalashtirilmoqda.

The Washington Post nashri Rossiya armiyasi ham qiyinchiliklarga uchrayotgani va Ukraina qurolli kuchlari kabi o‘q-dorilar va shaxsiy tarkib taqchilligini his qilayotganini ta’kidlaydi. Qolaversa, G‘arbdagi ayrim mulozimlar Rossiya armiyasining holati ukrainlarnikidan yomonroq deb hisoblaydi. Xususan, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uollesning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya o‘z armiyasining 97 foizini Ukrainaga yuborib bo‘lgan. The Washington Post nashri G‘arbdagi amaldorlarga tayanib yozishicha, urushning bir yili mobaynida Rossiyaning yo‘qotishlari halok bo‘lganlar va yaralanganlar bilan birgalikda 200 ming kishini tashkil etadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top