21:30 / 20.03.2023
46790

Baxmut: Rossiya armiyasining yo‘qotishlari o‘smoqda, ammo uning taktikasi takomillashmoqda

Foto: DARREN CONWAY / BBC

Yarim yildan ortiq vaqt davomida Baxmut frontning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib qolmoqda. O‘tgan haftada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy qo‘mondonlik shtabi yig‘ilishi o‘tkazdi, unda shaharni mudofaa qilishni davom ettirishga qaror berildi. BBC muxbiri Kventin Sommervil Baxmutda bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Ukraina qizil chiziq tortdi va bu chiziq – Baxmutdir. Shahardagilar shu haqda, bu shahar strategik ahamiyatga egaligi, shuningdek bu shahar uchun janglarda allaqachon o‘n minglab kishilar halok bo‘lgani haqida gapirishmoqda. Shahar uchun janglar boshlanganiga yetti oydan oshdi, janglar shu vaqtga qadar to‘xtovsiz olib borilmoqda va bu urushda eng uzoq davom etgan to‘qnashuvga aylangan.

Ukraina armiyasining shaharning janubiy chekkalarini himoya qilayotgan ikki brigadasi o‘tgan haftada BBC muxbirlarini o‘z pozitsiyalariga kiritishdi, bu vaqtda esa shaharning o‘zida va uning atrofida shiddatli janglar ketayotgandi. Bu askarlar bir necha oydan buyon Rossiya armiyasining muntazam qismlariga qarshi ham, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan yollangan va Rossiya tomonidagi okoplarni to‘ldirgan sobiq mahbuslar bilan ham jang olib bormoqda. Ukrainalik harbiylarning aytishicha, rossiyaliklarning yo‘qotishlari ularnikidan ancha ko‘proqni tashkil qilmoqda, ammo raqib shahar va unga yondosh qishloqlarni egallashga urinish uchun yangidan yangi metodlarni qo‘llamoqda.

Ukraina kuchlari qurollar va shaxsiy tarkib soni borasida raqibdan ortda qoladi, ammo shahardan janubdagi bo‘rli qiyalikda 3-alohida shturm brigadasining tankka qarshi guruhi joylashgan. Ularni 3Storm guruhi deb nomlashadi, o‘zlarining aytishlaricha, ular «yengilmas». Ular yer ostida chuqur okoplar qazishgan. Rossiya artilleriyasi snaryadlari yaqin atrofda portlaganida, ularning istehkomlari tomlarini ushlab turuvchi yog‘och tirgaklar silkinadi va dala sichqonlari taxtalar bo‘ylab yugura boshlaydi. Yog‘och burchakda eskicha dala telefoni turadi. Ularning bobolari ham shunday sharoitlarda jang qilishgan.

«Ular bizga yeta olishmaydi, biz barcha tarafda bir kilometrda nima bo‘layotganini ko‘rib turamiz», – deydi rossiyaliklar pozitsiyasini ko‘rsatib, 26 yoshli soqolli askar, u o‘zini «Gnom» deb ataydi. «Biz o‘zimizdagi bor barcha vositalar bilan dushmanga zarba bera olamiz», – deydi u.

«Gnom» laqabli 26 yoshli bu yigitni «Uzuklar hukmdori» muxlisi ekani tufayli shunday chaqirishadi
Foto: QUENTIN SOMMERVILLE / BBC

Rossiya armiyasi ham, Ukrainaniki ham Baxmutdagi yoki boshqa nuqtalardagi talafotlari haqida rasmiy ma’lumot bermaydi, ammo tashlandiq shahar haqiqiy qassobxonaga aylangan.

Shahar uchun janglarning bir haftasida «Gnom»ning rotasi «Vagner» safida jang qilayotgan mahbuslar bilan to‘qnashib ulgurgan. «Bizda har ikki soatda jang bo‘lib turadi, – deydi u. – Ishonchim komilki, har bir rota kuniga o‘rtacha 50 kishini yo‘q qilgan». Shubha tug‘ilmasligi uchun bu raqamlar havo razvedkasi ma’lumotlari orqali tasdiqlanganini qo‘shimcha qiladi. «[Rossiya mashinasi] keladi – 50 jasad ortiladi, kun o‘tadi – yana 50 jasad olib ketiladi», – deydi u. Uning aytishicha, rotasi hisoblashda adashib ketgan.

Ukraina rasman o‘zining har bir halok bo‘lgan askariga rossiyaliklarning yetti nafari to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan. Avvalroq Rossiya tomoni Baxmut uchun janglarning bir kunida 220 nafardan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchi o‘ldirilganini xabar qilgandi. Bu raqamlarning hech qaysisini mustaqil manba orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida «Vagner»ning asirlikka tushgan ikki jangchisi frontga yuborish oldidan ularni juda kam shug‘ullantirishgani - ular faqat qorong‘i paytda o‘rmon bo‘ylab qanday emaklab harakatlanishni o‘rganishganini aytishgandi. Frontdagi olti oylik xizmatdan keyin ular ozod etiladi – buning uchun esa janglardan omon chiqish kerak.

600 milya uzunlikdagi butun sharqiy front bo‘ylab vaziyat o‘zgara boshladi. 3Storm guruhining tepalikda joylashgan bo‘rli boshpanasi atrofdagi hudud bilan solishtirganda «quruq yer» (orol) kabi ajralib turadi. Erta bahor qishda qattiq bo‘lib turgan zaminni botqoqlikka aylantirdi, bu esa himoyalanuvchilarga qo‘l keladi. BBC muxbirlari ularning pozitsiyasiga yetib borishi uchun ukrain askarlari ortidan piyoda yo‘l yurishiga to‘g‘ri keladi – bir necha qadam tashlaboq oyoq kiyimlar loy yopishishidan og‘irlashadi. Tez tibbiy yordam mashinasi maydon bo‘ylab zo‘rg‘a harakatlanib boradi, uning gusenitsalari yerni maydalab, yo‘llardagi ko‘lmaklar loyqasini atrofga sachratadi.

Atrofda qishloqlar – aniq manzilni aytish taqiqlangan – xarobaga aylangan. Uylarning darvozalarida qo‘l bilan, asosan rus tilida quyidagicha yozuvlar bitilgan: «Zdes jivut lyudi» (Bu yerda odam yashaydi). Bu ham ma’lumot, ham iltimos. Ammo ko‘chalar, qarovsiz qolgan va vayronaga aylangan binolarni izg‘ib yurgan kuchuklarni aytmaganda, bo‘shab yotadi.

Foto: STU HOLLAND/ BBC

So‘nggi ikki oy mobaynida Rossiya qo‘shini Baxmutni qurshab olish maqsadida barqaror ravishda oldinga siljidi. Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, general Oleksandr Sirskiy uning kuchlari qarshilik ko‘rsatishda davom etishini ma’lum qildi. «Sabot bilan qilinayotgan qarshilikning har bir kuni bizga raqibning hujum qilish qobiliyatini susaytirish uchun qimmatli vaqt taqdim etmoqda», – dedi u bu hududga qo‘shimcha kuchlar yuborar ekan. Ammo Baxmut tuzog‘iga tushayotganlar faqat ruslar emas. Bu yerda ukrainlar ham halok bo‘lmoqda va qurbonlar soni kundan kunga ortib bormoqda.

Askarlar tepalik yonbag‘ridagi artilleriya pozitsiyasi atrofida to‘planganida, muxbir «Gnom»dan Ukraina o‘z askarlarini, Rossiya esa o‘qitilmagan mahbuslarni yo‘qotayotgan sharoitda dushman tomonidan deyarli o‘rab olingan o‘lik shaharni himoya qilishda qanday ma’no borligi haqida so‘raydi.

U aytadi: «Men ham o‘zimdan bu haqda so‘rayman, biz Baxmutni himoya qilishda davom etishimiz kerakmi? Bir tomondan, hozirda bu yerda bo‘layotgan voqealar dahshatli. Buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Ammo buning muqobili shunday bo‘ladi: biz Baxmutdan chekinamiz va boshqa aholi yashash manzilida himoyalanamiz. Nima farqi bor – Baxmutni himoya qilasanmi yoki boshqa bir qishloqni?»

Uning quroldoshi, «Xolm» laqabli to‘q qora soqol qo‘ygan bahaybat askar ham unga qo‘shiladi: «Bu yerda bu biz uchun strategik masala emas. Biz oddiy askarlarmiz. Ammo bu bizning yer. Biz keyin Chasiv Yarga chekinishimiz mumkin, Chasiv Yardan esa Slovyanskka va biz Kiyevgacha chekinib borishimizga to‘g‘ri keladi. Bu qancha vaqt olmasin – bir yil, ikki, to‘rt yoki besh – ammo biz yerimizning har bir parchasi uchun kurashishimiz kerak».

«Gnom» o‘zining «Xolm» laqabli quroldoshi bilan. Foto: DARREN CONWAY / BBC

Bu odamlar bir yildan ortiq vaqt davomida jang qilishmoqda va Rossiya armiyasi taktikasi takomillashib borayotganini qayd etishadi.

«Ular o‘rganishmoqda, aqlliroq bo‘lib borishmoqda va bu meni chindan ham cho‘chitadi, – deydi «Gnom». – Guruh yuborishadi – qamoqdan olib kelingan besh jinnini. Ularni otib tashlaymiz, ammo dushman buni ko‘rib turadi va qayerda joylashganimizni aniqlab, aylanib o‘tib, o‘rab oladi».

«Xolm» hozirda Rossiya granatalar bilan jihozlangan dronlardan tobora samarali foydalanayotganini qayd etadi. «Avvallari biz ularga granatalar tashlab, qo‘rqitardik, – deydi u. – Endi esa ular bizning pozitsiyalarimizga dronlardan granatalar uloqtirishmoqda».

Urushga qadar «Gnom» mamlakatning g‘arbiy chekkasida yoshlarni Karpat tog‘lariga ekskursiyalarga olib chiqish bilan shug‘ullangan. Endi esa, Ukraina sharqidagi frontda bu shunchaki xotira bo‘lib qolgan. O‘tgan vaqt mobaynida u juda ko‘p janglarda qatnashgan, ammo Baxmutdagi dahshat — u hozir yashayotgan voqelikdir.

U «Vagner»ning mahbuslardan iborat armiyasi haqidagi savolga javob asnosida biroz o‘ylab turadi va deydi: «To‘g‘risini aytaman. Bu dohiyona. Shafqatsiz, insoniylikdan yiroq, ammo samarali taktika. Bu ish berdi. Va shu vaqtga qadar Baxmutda ish bermoqda».

Loyli yo‘llar bo‘ylab ketayotgan «uazik». Foto: QUENTIN SOMMERVILLE / BBC

Bir necha kun o‘tib muxbir to‘rt kishi bilan sovetlar davridan qolgan «uazik»ka tiqilib yana shu hududga boradi. Eski mashina ruliga BMW logotipi o‘rnatilgan — haydovchi Oleg bu shunchaki hazil ekanini aytadi. U boshqa hech narsa demaydi va rulga mahkam yopishgancha bor diqqatini mashinani qirlar va loy joylardan olib o‘tishga qaratadi. Avtomat ovozlari mashina rossiyaliklarning ro‘parasida joylashgan 28-mexanizatsiyalashgan brigada pozitsiyasiga yaqinlashayotgani haqida ogohlantiradi.

Urush manzarasi bir zumda o‘zgaradi — odamlar kichik o‘rmonzor ichiga o‘tib yashirinadi, bu yerdagi daraxtlar rossiyaliklarning zarbalari tufayli sinib va parchalanib ketgan. Bir oydan keyin o‘sib chiqadigan barglar bu yerdagi odamni yashirishi mumkin. Ammo ayni vaqtda yalang‘och novdalar odamlarni razvedkachi dronlar ko‘zidan pana qila olmaydi. Yaqin orada otishma ketmoqda va bu yerdan taxminan 500 metr masofada rossiyaliklar snaryadlari portlaydi. Ammo 48 yoshli Boris, u o‘tmishda arxitektor bo‘lgan, hozir kapitan, bunga parvo qilmaydi.

«Bugungi urush — dronlar urushi, – deydi u, – ammo biz hozir erkin harakatlanishimiz mumkin, chunki bugun shamol va yomg‘irli kun, bunday holatda dronlarni shamol uchirib ketadi. Agar bugun tinch kun bo‘lganida ustimizda ham o‘zimizning, ham dushmanning dronlari uchib yurgan bo‘lardi».

Ortga qaytishda Oleg «uazik»ni nogoh to‘xtatadi. Loyli yo‘lda yo‘nalishdan og‘ib ketgan dron yotardi. Uning akkumulyatori tezda yechiladi va ichkariga qaraladi — u ukrainlarniki bo‘lib chiqadi.

Ammo bugungi kundagi urush o‘tmishdagi urushlardan ko‘pam farq qilmayapti.

«Maksim» pulemyoti. Foto: QUENTIN SOMMERVILLE / BBC

Bundan ikki kun oldin 28-brigada pozitsiyasiga rossiyaliklar piyodalari va tanklari hujum qilgan. Yer ostidagi yog‘ochli qo‘rg‘on tomidan chakka o‘tib, polni ifloslaydi va bu yerda yalang‘och landshaftga qarab turgan, tasmali va mustahkam temir g‘ildirakka ega «Maksim» pulemyoti ko‘rinadi.

«U faqat yoppasiga hujum bo‘lganida ishga tushadi… o‘sha paytda u chindan ham ishlaydi, – deydi Boris. – Shuning uchun biz uni har hafta ishlatamiz».

Baxmut uchun kurash shunday kechmoqda, Yevropada XXI asrda, qish o‘rnini bahor egallayotgan kunlarda. XIX asr quroli hozirga qadar o‘nlab odamlarni Ukrainaning qora yeri bag‘riga qulatmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top