Amerika kashf etilganidan keyin bu qit’a yevropaliklar tomonidan to‘liq bosib olinadi. Shundan so‘ng yangi egallangan yerlarni o‘zlashtirish uchun yevropaliklar Amerikaga afrikaliklarni majburan qul qilib olib bora boshlashadi.

Qullar kemalar ostidagi maxsus xonalarga qamab olib ketilar va manzilga yetib borguncha ularning yarmidan ko‘pi halok bo‘lardi. Taxminlarga ko‘ra, 300 yil davomida yangi qit’aga Afrikadan tirik yetkazib borilgan qullar soni 10 milliondan oshgan.

XIX asrga kelib Amerikada qullikka qarshi bo‘lgan sog‘lom fikrli odamlar ko‘payadi. Natijada quldorlikka qarshi harakatlar jiddiy tus oladi va uni bekor qilish uchun harakatlar boshlanadi.

1808 yilda AQSh Kongressi mamlakatga Afrikadan qul olib kelib sotishni taqiqlaydigan qonun qabul qiladi. Ammo bu qonun mamlakatdagi qul savdosini to‘xtata olmaydi. Qulfurushlar kontrabanda yo‘liga o‘tishadi va qullarni yashirincha olib kirish davom etadi.

Afroamerikalik qullar paxta dalasida

Shundan so‘ng AQSh hukumati mamlakatda quldorlikni bekor qilish haqida qonun loyihasini tayyorlaydi. Biroq mamlakat janubidagi zamindor boylar unga qarshi chiqib isyon ko‘taradi. Oqibatda 1861 yilda AQShda fuqarolar urushi boshlanadi.

1865 yilda quldorlikka qarshi bo‘lgan shimol janubni yengib chiqadi. Shu tariqa mamlakat yaxlitligi saqlab qolinishi bilan birga, AQShda quldorlikka qarshi qonun qabul qilinadi. Dastlab uni to‘rtta shtat ratifikatsiya qiladi. Keyin qolganlar ham tasdiqlashadi. Qonunni eng oxirgi bo‘lib 2013 yilda Missisipi shtati ratifikatsiya qilgan.

1861 yilda AQSh prezidentligiga saylangan Avraam Linkolnning mamlakatda quldorlik va qullikni tugatishdagi xizmatlari beqiyos bo‘ladi. 1865 yilda aynan uning sa’y-harakatlari bilan quldorlikni bekor qilish AQSh konstitutsiyasida belgilab qo‘yiladi.

Avraam Linkoln Foto: Fullpicture

AQShda irqchilik avjga chiqishi va tugatilishi

AQShda quldorlik qonunan bekor qilingani bilan mamlakatning oq tanli aholisi o‘zi ozod qilgan qora tanli sobiq qullarga nisbatan munosabatini o‘zgartirmaydi. Mamlakatda irqchilik avj oladi.

Quldorlik bekor qilingani haqida fikr bildirgan amerikalik mashhur yozuvchi Mark Tven «Quldorlikning bekor qilinishi mamlakatda irqchilikka barham bera olmadi, aksincha uni kuchaytirdi», deb yozgandi. U o‘z asarida qora tanli qahramonni ijobiy obraz sifatida tasvirlagan birinchi adib edi.