Jahon | 19:14 / 21.03.2023
13427
1 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Ukrainaga boyitilmagan uranli o‘q-dorilarini yetkazib berishini e’lon qildi

Bunday qurollar yadroviy hisoblanmaydi, ammo yuqori halokatli kuchga ega.

Foto: AP

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Annabel Goldi mamlakat Ukrainaga boyitilmagan uranli o‘q-dorilarini topshirishini aytdi.

«Ukrainani Challenger 2 asosiy jangovar tanklar eskadroni bilan ta’minlash bilan bir qatorda, o‘q-dorilar, jumladan, tarkibida boyitilmagan uran bo‘lgan zirhni teshuvchi snaryadlarni ham yetkazib beramiz. Bunday snaryadlar zamonaviy tanklar va zirhli transport vositalariga nisbatan yuqori samaradorlikka ega», dedi vazir o‘rinbosari Ukrainaga yetkazilayotgan qurol tarkibida boyitilmagan uran bor yoki yo‘qligi haqidagi savolga javoban.

O‘q-dorilarda boyitilmagan urandan foydalanish uning yuqori massa zichligi va portlovchi xususiyatlari bilan bog‘liq. Bunday snaryadlarning zirhni teshib o‘tish xususiyati va halokatliligi yuqori, bu esa oxir-oqibat ularning samaradorligini belgilaydi.

Avvalroq, Rossiya NATO tomonidan uranli qurollardan foydalanishni iflos bomba sifatida qabul qilishi haqida bayonot bergan edi.

Mavzuga oid