Jahon | 10:35 / 25.03.2023
37229
19 daqiqa o‘qiladi

Millionlab insonlarning qoni to‘kilgan bosqinchilik urushi: AQSh nega Iroqni bosib olgandi?

Bundan rosa 20 yil oldin, 2003 yil 20 mart kuni AQSh harbiylari xavfli kimyoviy qurollar ishlab chiqaryapti degan da’vo bilan Iroqqa bostirib kiradi. Teng bo‘lmagan janglarda Iroq armiyasi yengiladi. Mamlakat prezidenti Saddam Husayn AQSh harbiylari tomonidan hibsga olinadi. So‘ng sud qilinib, qatl etiladi. Keyinchalik Iroqdan birorta ham jiddiy qurol topilmaydi va AQShning ayblovlari noto‘g‘ri bo‘lgani isbotlanadi. Biroq bu paytda dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan Iroq vayron bo‘lib bo‘lgandi.

Insoniyat 50 milliondan oshiq odamning yostig‘ini quritgan Ikkinchi jahon urushidan ham yetarli xulosa chiqarmadi va keyin ham ko‘plab urushlarni ko‘rdi. XX asrning ikkinchi yarmida AQSh–Vetnam, Iroq-Eron urushlari, SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi, 1990 yilda Iroq Kuvaytni bosib olishi ortidan kelib chiqqan urush sodir bo‘ldi.

1992 yilda sobiq Yugoslaviya parchalanishi ortidan Bolqon yarimorolida ham urush boshlandi va u qariyb 10 yil davom etdi.

2001 yil 11 sentabr kuni Amerikada bir nechta samolyot olib qochildi va turli binolarga olib borib urildi. Bu AQShning 2001 yilda Afg‘onistonga, 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishiga sabab bo‘ldi.

AQSh Iroqda xavfli bakteriologik qurollar ishlab chiqarilyapti degan ayblov bilan bostirib kirgandi. Keyinchalik Iroqdan birorta ham jiddiy qurol topilmadi.

AQSh harbiylari Bog‘dodda

Shundan so‘ng Iroq urushining tashabbuskori bo‘lgan Kichik Jorj Bush tanqidlar ostida qolib ketdi. Biroq bu paytda dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan Iroq vayron bo‘lib bo‘lgandi.

Bosqindan oldingi vaziyat

AQSh Iroqqa bostirib kirishidan avval bu davlatni Saddam Husayn boshqarardi. Amerika siyosatchilarining azaldan bu odam bilan «o‘zaro hisob-kitob»lari bor edi.

Gap shundaki, 1980-yillarda Iroq Eron bilan qariyb o‘n yil urushadi. 1988 yilda urush tugaydi. Biroq bu paytga kelib Iroq neftga boy bo‘lsa-da iqtisodiy muammolarga duch kelgandi.

Ana shunday vaziyatda Iroq rahbari Saddam Husayn Kuvaytni bosib olishni reja qiladi. 1990 yil 2 avgust kuni Iroq armiyasi Kuvaytga bostirib kiradi.

O‘sha paytda Kuvaytdagi barcha neft konlari AQSh kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlar, Iroqning bostirib kirishi ularning faoliyatini to‘xtatgandi.

Shundan so‘ng BMT xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi qabul qilinadi. Iroqqa o‘z qo‘shinlarini Kuvaytdan olib chiqish talabi qo‘yiladi. Biroq Saddam pisand qilmaydi.

Shundan so‘ng AQSh boshchiligida xalqaro koalitsiya shakllantiriladi. 1991 yil 15 yanvar kuni Saddamga berilgan so‘nggi muddat tugaydi va xalqaro koalitsiya harbiy aviatsiyasi Iroqni bombardimon qila boshlaydi.

O‘shanda urush uzoqqa cho‘zilmaydi va tez orada Iroqning mag‘lubiyati bilan tugaydi. Iroqning bir qismini bosib olgan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari bu davlatni tark etadi. Saddam Husayn esa Iroq rahbari bo‘lib qolaveradi. O‘sha paytda AQShda Jorj Bush prezident edi.

Ota-o‘g‘il Jorj Bushlar

1992 yildan boshlab AQShni ikki muddat (8 yil) Bill Klinton boshqardi. Klinton davrida AQSh-Iroq munosabatlari sovuq bo‘lsa ham keskin emasdi. Biroq 2000 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Jorj Bushning o‘g‘li Kichik Jorj Bush g‘alaba qozongach, u Iroq bilan munosabatlarni keskinlashtira boshladi.

Kichik Bush o‘z chiqishlarida Iroqda insoniyatga xavf solishi mumkin bo‘lgan kimyoviy qurollar ishlab chiqarilayotgani, Saddam Husayn tuzumi yadro quroli yaratish ustida ishlayotgani haqida gapira boshladi.

2001 yilda AQShda terrorchilar bir nechta samolyotlarni olib qochishdi va turli binolarga olib borib urishdi. Oqibatda Nyu-Yorkdagi egizak binolar qulab tushdi. Pentagon binosi shikastlanadi.

Shundan so‘ng Kichik Bush ma’muriyati AQShda terrorchilik xurujini amalga oshirganlar «Al-qoida» a’zolari bo‘lganini, bu tashkilot Afg‘onistonda qo‘nim topganini aytib chiqdi. Ko‘p o‘tmay AQSh armiyasi boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirdi.

AQSh harbiylari Afg‘onistonda o‘sha paytda mamlakatning asosiy qismini egallab olgan «Tolibon» harakati bilan jang olib borar ekan, Kichik Bush Iroqqa ham bostirib kirish rejasidan voz kechmagandi.

AQSh prezidenti tinimsiz Iroqda xavfli qurollar ishlab chiqarilayotganini, agar Saddamning tanobi tortib qo‘yilmasa u ham AQSh uchun jiddiy xavf tug‘dirishini aytardi.

O‘sha paytda Amerika xavfsizlik tizimlarida Saddam Husaynning «Al-qoida» bilan hamkorligi haqida umuman dalillar bo‘lmagan. (Aslida ham Iroq prezidenti bu tashkilot bilan hamkorlik qilmagan.)

Shu sababli Kichik Bush o‘z fuqarolariga asosan Iroqning xavfli kimyoviy qurollar ishlab chiqarayotganini, bu ishning oqibati AQShliklar uchun yomon bo‘lishini aytib qo‘rqitardi.

Shuningdek, Amerikadagi aksariyat OAV ham Iroqdagi vaziyatni ko‘pirtirib ta’riflab olovga «kerosin» separdi.

Holat shu darajaga kelib qoldiki, xalqaro siyosatdan xabardor insonlar AQSh Iroqqa bostirib kirishiga shubhalanmay qo‘ydi. Amalda shunday ham bo‘ldi.

Shu bilan birga 2002 yilning kuziga kelib Kichik Bush ma’muriyati yashirincha Iroqqa bostirib kirish uchun o‘ziga tarafdorlar yig‘a boshladi. AQShning Iroqqa bostirib kirishini o‘sha paytda dunyoning 50 dan oshiq davlati qo‘llab-quvvatlaydi. (Ular orasida O‘zbekiston ham bo‘lgan.)

Iroqqa bosqin

18 mart kuni Jorj Bush Saddam Husaynga ultimatum e’lon qiladi. Unga ko‘ra Saddam 48 soat ichida Iroqni tark etishi kerak edi. Iroq prezidenti bu shartni pisand qilmaydi.

2003 yil 20 mart kuni AQSh harbiylari Iroqqa bostirib kirdi. Ikki o‘rtada qaqshatqich janglar boshlandi. Iroqqa qarshi urushga bir qancha arab davlatlari ham qo‘shilgan bo‘lib, koalitsiyaning bosh shtabi Qatarda joylashgan edi.

O‘shanda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning bir necha yuz ming harbiydan iborat qo‘shini Iroqqa bostirib kiradi. Ularning aosiy qismi AQSh harbiylari edi. Urush boshlanganidan uch hafta o‘tib 9 aprel kuni Bag‘dod egallanadi.

AQSh tanklari Bog‘dodda

Iroq armiyasining so‘nggi bo‘linmalari Saddam Husayn tug‘ilgan Tikritda yig‘ilib qarshilik ko‘rsatadi. 15 aprel kuni bu shahar ham ishg‘ol qilinadi. Shundan so‘ng Iroq armiyasi qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatadi.

2003 yil 1 may kuni AQSh prezidenti Kichik Jorj Bush xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqda g‘alaba qozonganini e’lon qiladi.

Urushda AQSh armiyasi bilan birga dunyoning 40 nafar davlati harbiylari qatnashadi. Ular orasida sobiq ittifoq respublikalaridan Armaniston, Gruziya, Ozarboyjon, Latviya, Litva, Estoniya, Qozog‘iston, Moldova va Ukraina harbiylari bor edi.

Saddam Husaynning qatl etilishi

Iroq armiyasi mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng AQSh harbiylari 2003 yil 13 dekabr kuni Saddam Husaynni Tikrit shahri yaqinidagi Ad-Daur manzilida yashirinib yotgan joyidan topib olishadi.

Uning yonidan naqd 750 ming AQSh dollari, Kalashnikov avtomati va pistolet topiladi. U bilan birga ikkita qo‘riqchisi ham ushlanadi.

Saddam Husaynning ushlanishi

Keyinchalik amerikalik harbiylar Saddamni 13 emas, 12 dekabr kuni Tikritdagi uydan ushlashgani, qo‘lga olish chog‘ida u AQShlik harbiyni otib o‘ldirgani haqida gaplar chiqadi. Biroq bu tasdiqlanmaydi.

2005 yil 19 oktyabr kuni Saddamning sudi boshlanadi. Aynan uni jazolash uchun Iroqda o‘lim jazosi qayta joriy etiladi.

Saddamga quyidagi ishlar bo‘yicha ayblovlar e’lon qilinadi:

·       1987-1988 yillarda Anfol harbiy operatsiyasi davomida kurdlarni qatag‘on qilish;

·       1991 yilda shia mazhabiga e’tiqod qiluvchilar va kurdlarning qo‘zg‘olonini bostirish paytidagi harbiy zo‘ravonlik uchun;

·       1982 yilda shia mazhabiga e’tiqod qiluvchilar yashaydigan qishloqda qatliom o‘tkazish;

·       1988 yilda Xalabja shahrida kurdlarga qarshi kimyoviy qurollar ishlatish;

·       1983 yilda kurdlarning barzan qabilasiga mansub 8 ming kishining qirib tashlanishi;

·       1990 yilda Kuvaytga bostirib kirish;

·       Iroqdagi turli diniy va siyosiy rahnamolarni yo‘q qilish;

·       Iroqdagi turli diniy harakatlar va siyosiy partiyalarga qarshi jinoyatlar;

Saddam Husayn sudda

Iroqning sobiq prezidenti o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarning hech birini tan olmaydi. Saddam Husayn qo‘lga olingandan keyin va sud jarayonlari ketayotgan paytda AQSh harbiylari tomonidan juda qattiq qo‘riqlanadi.

Sud Saddamni ko‘plab jinoyatlarda aybdor deb topadi va uni o‘lim jazosiga hukm qiladi. 2006 yil Iroq vaqti bilan soat 6:00 da Saddamni osib o‘ldirishga kirishiladi.

O‘sha kuni musulmonlarning muqaddas bayramlaridan biri Qurbon hayiti bayrami edi. Jarayon AQShdagi telekanallardan birida jonli ko‘rsatiladi. Bu ish dunyo musulmonlarining g‘azabini keltiradi va o‘sha kuni dunyoning ko‘plab shaharlarida AQShga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tadi.

Saddam osib o‘ldirilgandan so‘ng sobiq prezidentning jasadi u mansub bo‘lgan Abu Nasr qabilasiga beriladi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Tikrit shahriga dafn etiladi.

Saddam Husaynning osilishi

Urushdan keyingi urush

Garchi Saddam Husayn ag‘darilib, Iroq xalqaro koalitsiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan bo‘lsa-da Iroq aholisi uzoq yillar davomida bosqinchilarga qarshi partizanlik urushlari olib boradi.

Bu urushlar oshkora bo‘lmay, asosan qo‘poruvchilik ko‘rinishida bo‘ladi. Bunda bosqinchilarning harbiy texnikalariga minalar o‘rnatishdan tortib, xudkush tomonidan o‘zini portlatib yuborishgacha bo‘lgan ishlar qilinadi.

Iroq bosib olinganidan so‘ng koalitsiyaga qo‘shilgan turli davlatlar navbati bilan Iroqdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqa boshlaydi.

2011 yil 15 dekabriga kelib Barak Obama prezidentligi davrida AQSh Iroq harbiy kampaniyasi yakunlangani haqida rasman e’lon qiladi. Amerika harbiylari ushbu mamlakatdan olib chiqiladi. 2014 yilda esa AQSh armiyasi yana qaytadi — bu safar IShIDga qarshi kurash olib borish uchun.

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden va Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy 2021 yil yozida amerikaliklarning Iroqdagi jangovar missiyasi butunlay yakunlangani haqida e’lon qilishadi.

Bayden va Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy

Iroqning talafotlari

AQShning Iroqqa nohaq hujum qilishi va mamlakatni bosib olishi ortidan mamlakat tanazzulga uchraydi. Shahar va qishloqlar misli ko‘rilmagan darajada vayron bo‘ladi. Millionlab odamlar halok bo‘ladi, qochoqqa aylanadi.

Umumiy hisobda Iroqda halok bo‘lganlarning aniq soni ma’lum emas. Eng konservativ baholarga ko‘ra, Amerika harbiy amaliyotining dastlabki uch yilining o‘zida kamida 100 ming kishi qurbon bo‘lgan. To‘rt milliondan ortiq iroqlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra 2003 yildan 2010 yilgacha Iroqning tinch aholisidan 733 mingdan 1 million 446 ming nafar odam halok bo‘lgan. Yana millionlab iroqliklar uy joyini tashlab ketib, qochoqqa aylangan.

Butunlay vayron bo‘lgan Mosul shahri

Ayrim manbalar urushda halok bo‘lgan iroqliklar ancha kam ekani, umumiy miqdorga urush davomida boshqa sabablar bilan halok bo‘lganlar soni ham qo‘shilganini bildirgan.

2003 yildan 2011 yilga qadar xalqaro koalitsiyaning 4 799 nafar harbiy xizmatchisi o‘ldirilgan, shundan 4,4 mingdan ortig‘i amerikaliklar bo‘lgan. Iroq urushini yoritish bilan shug‘ullangan jurnalistlardan kamida 136 nafari halok bo‘lgan.

Urushga qarshiliklar

AQShning Iroqqa bostirib kirishiga hali Kichik Bush Saddam Husaynni ag‘darib tashlash rejasini tuzayotganda qarshi gaplar bo‘lgandi.

Jumladan, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Dominik de Vilpen 2003 yil 20 yanvar kuni «Biz Iroqqa bostirib kirish eng yomon qaror bo‘ladi hisoblaymiz» degandi.

Yevropaning yana bir yirik davlati Buyuk Britaniyada vaziyat biroz boshqacha kechadi. O‘sha paytda bu davlatga Toni Bler bosh vazir edi va u AQShning Iroqqa nisbatan yuritayotgan tajovuzkorona siyosatini boshdan qo‘llab kelayotgandi.

Shu sababli ham Britaniya jamoatchiligi Toni Blerni «AQShning nog‘orasiga o‘ynayotganlikda» ayblab chiqadi. Biroq u oxirigacha AQShni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler va Kichik Jorj Bush

2003 yil 15 fevral kuni Londonda AQShning Iroqqa bostirib kirishiga qarshi yirik namoyish bo‘lib o‘tadi. Unda qariyb 2 million odam qatnashadi. Shu bilan birga namoyishchilar Blerning iste’fosini ham talab qilishadi.

Oradan biroz o‘tib Britaniyadagi Xalq assambleyasining yig‘ilishi o‘tkaziladi va unda mamlakatdagi ko‘plab tashkilotlardan 1 500 nafar vakil qatnashadi. Yig‘ilishda Leyboristlar hukumatining urushga qo‘shilishiga qarshi deklaratsiya qabul qilinadi.

Shu bilan birga yig‘ilishda qatnashgan vakillar Toni Blerning iste’fosini talab qilib chiqishadi. Shundan so‘ng uning reytingi minimal ko‘rinishda pastlab ketadi.

O‘sha paytda AQShning Iroqqa bostirib kirishi aniq bo‘lgach butun dunyo bo‘ylab bunga qarshi namoyishlar o‘tkazilgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, 2003 yil 3 yanvardan 12 aprelgacha AQShning Iroqqa bostirib kirishiga qarshi dunyo bo‘ylab 3 mingdan oshiq namoyish o‘tkazilgan va ularda 36 million nafar odam qatnashgan.

AQSh shaharlaridan birida Amerikaning Iroqqa bostirib kirishiga qarshi o‘tkazilgan namoyish.

AQShning o‘zida ham Iroq urushiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa Iroq bosib olinganidan so‘ng u yerda hech qanday jiddiy qurol topilmagach namoyishlarning ko‘lami kengayadi. Deyarli har kuni Oq uy oldida Kichik Bush va uning ma’muriyatiga qarshi namoyishlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, AQSh harbiylari orasida Iroqdagi harbiy harakatlardan bo‘yin tovlash, qochib ketish hollari ko‘payadi. Jumladan, Iroq bosib olingandan so‘ng 2003 yil martdan 2004 yil boshigacha uyga ta’til berilgan AQSh harbiylaridan 1,7 ming nafari Iroqqa qaytishdan bosh tortadi.

2003 yil martdan 2009 yilgacha Iroqdagi harbiy harakatlarda qatnashgan AQSh harbiylaridan 8 ming nafari xizmat joyidan qochib ketadi.

AQShning Iroqqa bosqiniga qarshi namoyish
Foto: Sputnik

Jorj Bushga otilgan tufli

2008 yil dekabr oyi o‘rtalarida AQSh prezidenti avvaldan e’lon qilinmagan tashrif bilan Iroqqa keladi. 14 dekabr kuni Bag‘dodda Bush va Iroq bosh vaziri Nuriy Malikiy ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Matbuot anjumanida Bush va Malikiy yonma-yon turib gapiradi, savollarga javob beradi. Shu paytda pastda o‘tirgan Misrning Al-Bag‘dodiya telekanali muxbiri, iroqlik jurnalist Muntazar Zaydiy keskin harakat bilan o‘rnidan turadi va oyog‘idagi tuflilarini yechib Bushga otadi.

AQSh prezidenti iroqlik jurnalist otgan tufliga chap bermoqda.

Bush chaqqonlik bilan har ikki tufliga ham chap beradi. Muntazar tuflilarini otayotgan paytda Bushga qarab «Bu senga iroqliklardan sovg‘a. Sen ko‘ppaksan» deb baqiradi. Bushning qo‘riqchilari tezda Muntazirni ushlab, zaldan olib chiqib ketishadi.

Hodisa tasvirlangan video tez orada butun dunyo telekanallarida namoyish etiladi. Shundan so‘ng dunyoning turli burchaklarida jurnalistning himoyasi uchun namoyishlar boshlanadi.

Shu jumladan hodisadan ikki kun o‘tib 16 dekabr kuni Bag‘dodda ham jurnalistni ozod qilishlarini talab qilib ko‘p ming kishilik namoyish o‘tkaziladi. Hodisadan ikki kun o‘tib internetda «Bushga valenka uloqtir» nomli o‘yin paydo bo‘ladi.

2008 yil 18 dekabr kuni Zaydiyning «quroli» bo‘lgan tuflilar Amerika maxsus kuchlari tomonidan yo‘q qilinadi. 2009 yil 12 mart kuni Zaydiy uch yil qamoq jazosi oladi. O‘sha yili 11 sentabr kuni u «o‘zini yaxshi tutgani uchun» qamoqdan ozod qilinadi.

Muntazir Zaydiyning Bushga tuflilarini otishi tasvirlangan surat

Xulosa

AQShning Iroqqa bosqini yaqin tarixdagi AQShning Vetnamga, SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi kabi nohaq urushlaridan biri bo‘ldi.

Bu bosqin dunyo gegemonligiga da’vogar davlatlar Yer yuzining turli hududlarida o‘z ta’sir doirasini o‘rnatish yoki kengaytirish uchun hech narsadan qaytmasligini ko‘rsatdi.

Katta ehtimol bilan bundan keyin ham ular o‘zi to‘g‘ri deb biladigan shu mash’um ssenariyni boshqalarga nisbatan qo‘llab ko‘rishdan qaytmoqchi emas.

Dunyo yirik davlatlar kuchsizroqlarining hududini bosib olib, o‘zlariga yarim vassal hukumat tuzishga intilishidan hali-beri qutuladiganga o‘xshamaydi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi o‘tkazilgan namoyish

Asrimizning 23-yiliga kelib ham bu yovvoyilik odamlarni qiynamoqda. Yevropa markazida mustaqil Ukraina davlatiga Rossiyaning bostirib kirishi ham shundan dalolatdir.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid