18:23 / 25.03.2023
20737

O‘zbekistonda saratonni 99 foizgacha davolovchi dori yaratilgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid - SSV

Dunyoda saraton kasalliklarini to‘liq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas.

O‘zbekistonda saratonni 99 foizgacha davolovchi preparat yaratilgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qildi.

Qayd qilinishicha, internetda bu haqda tarqalgan xabarda nomi keltirilgan dori radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasi bo‘lib, 2022 yil iyun oyida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan. Preparat tarkibi «lyutetsiy-177» radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali «antigen-617» oqsil moddasidan iborat ekani aytilgan.

SSV xabariga ko‘ra, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSh, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin o‘smalar diagnostikasi va muolajasida qo‘llaniladi.

«Xorijiy tajribaga asoslangan holda shuni aytish mumkinki, ushbu vosita prostata bezi saratonining 4-bosqichida suyakda metastazalanish jarayonidagina ishlatiladi», dedi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi.

SSV ma’lum qilishicha, preparat shu kungacha O‘zbekistondagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qo‘llanilgan hamda mutaxassislar fikriga ko‘ra, xasta insonlarda o‘sma o‘choqlari (metastazalar) va ularni bezovta qilayotgan og‘riqlar sezilarli darajada kamaygan.

Bundan tashqari, har qanday yangi dori vositasi samarasi tasdiqlanishiga qadar turli izlanishlar, o‘rganishlar olib borilishi va samaradorligi to‘g‘risida tegishli xulosalar qilinishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.

SSV xabariga ko‘ra, dunyoda barcha saraton kasalliklarini to‘liq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas.

Mavzuga oid
Top