Jahon | 13:35 / 25.03.2023
11127
3 daqiqa o‘qiladi

«Shimoliy oqim»dagi portlashlardan oldin u yerga Rossiya harbiy kemalari yo‘l olgan - OAV

«Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlaridagi portlashlardan sal avval voqea joyiga portlovchi moslamalarni o‘rnatish uchun uskunalari bo‘lgan Rossiya harbiy kemalari yo‘l olgan, deb xabar berdi Germaniyaning t-online nashri.

Foto: AP

2022 yil sentabrida «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlarida ro‘y bergan portlashlardan bir necha kun oldin voqea joyida Rossiya harbiy kemalari bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi 25 mart, shanba kuni Germaniyaning t-online axborot portali. Nashr jurnalistlari xavfsizlik tuzilmalaridagi manbalardan olingan ma’lumotlar hamda ochiq ma’lumotlarga tayangan tekshiruvdan so‘ng shunday xulosaga kelishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu kemalar portlovchi moslamalarni o‘rnatish uchun uskunalar bilan jihozlangan

T-online ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar 21 sentabrga o‘tar kechasi, ya’ni portlashlardan besh kun avval Kaliningraddagi Rossiya harbiy-dengiz bazasidan kamida uchta shubhali kema chiqib ketganini ko‘rsatadi. Nashrning ta’kidlashicha, SS-750 kemasiga tutqichli mini-suvosti kemasi o‘rnatilgan, SB-123 va «Aleksandr Frolov» shatakchi kemalari esa yuk kranlari bilan jihozlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, g‘arb tomon harakatlangan ikkita shatakchi kema 21 sentabr kuni tushdan keyin o‘z pozitsiyalarini ma’lum qilgan. 

Rossiya Harbiy-dengiz flotining yana uchta kemasi operatsiyaga hamrohlik qilgan va harbiy himoyani ta’minlagan bo‘lishi mumkin: Rossiya Mudofaa vazirligining 22 sentabrdagi hisobotiga ko‘ra, «Soobrazitelnyy» korveti (uch machtali yelkanli kema) va «Yaroslav Mudryy» qo‘riqlash kemasi dengiz konvoyini ta’minlash mashqlarida qatnashgan. Bundan tashqari, deb yozadi t-online, sun’iy yo‘ldosh suratlari «Syzran» razvedka kemasi ham 21 sentabr kuni Kaliningrad portini tark etganini ko‘rsatmoqda, biroq bulutlilik tufayli yakuniy xulosa chiqarishning iloji yo‘q.

Jurnalistlarning fikricha, Rossiya Boltiq flotining 2022 yil 19 sentabrda boshlangan yirik manyovrlari operatsiya uchun niqob bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Xususan, Kaliningraddan suvosti diversiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun o‘qitilgan maxsus kuchlar yuborilgan. 

Germaniya Federal prokuraturasi, shuningdek, Daniya va Shvetsiya tergovchilari t-online so‘rovlariga javoban Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining harakatlariga izoh berishdan bosh tortdilar. 

2022 yil 26 sentabrda «Shimoliy oqim»ning ikkita tarmog‘ida, keyin esa «Shimoliy oqim-2»da jami to‘rtta sizib chiqish joyi aniqlangan. Bungacha Shvetsiya va Daniyadagi seysmologik stansiyalar xuddi shu hududda kuchli suvosti portlashlarini qayd etgan.

Germaniya, Daniya va Shvetsiyada hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda. Portlash sabablari haqida hali ishonchli ma’lumotlar yo‘q.

Mavzuga oid