Jahon | 09:13 / 28.03.2023
6364
3 daqiqa o‘qiladi

Isroilda sud islohoti norozilik namoyishlari tufayli to‘xtatildi

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Isroilda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan munozarali sud islohoti kechiktirilishini ma’lum qildi.

Foto: AFP

Isroilda bir necha hafta davom etgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng, bosh vazir Benyamin Netanyaxu munozarali sud-huquq islohotini vaqtinchalik to‘xtatganini e’lon qildi. «Men ushbu yig‘ilishda ikkinchi va uchinchi o‘qishni to‘xtatishga qaror qildim», dedi Netanyaxu 27 mart, dushanba kuni Quddusda. Shunday qilib, qonun loyihasi aprel oyining oxiridan kechiktirmay parlamentda ovoz berishga kiritiladi.

Avvalroq mamlakat milliy xavfsizlik vazirligi vakili idora boshlig‘i Itamar Ben-Gvir bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan islohotni iyul oyi oxiridagi parlament tanaffusi oxirigacha kechiktirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. Buning evaziga vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng qanotda bo‘lgan Ben-Gvir boshchiligidagi «milliy gvardiya» tuziladi.

Sud-huquq islohoti vazirlar mahkamasining Oliy sud sudyalarini tayinlash bo‘yicha vakolatlarini kengaytirishi va ushbu sud organining vakolatlarini cheklashi kerak edi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, hukumat amalda sudyalarni tayinlash ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘lardi. 20 fevral kuni Isroil parlamenti qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Isroilda 27 martdan boshlab «Milliy falajlik haftasi» e’lon qilindi - tanqidchilar demokratiyaga tajovuz deb baholagan islohotlarga qarshi qator namoyishlar va ish tashlashlar haqida ma’lumot berildi. Aksiyaga yirik kasalxonalar qo‘shila boshladi. 

Bosh vazir mudofaa vaziri Yoav Galantni lavozimidan ozod qildi. 25 mart kuni u mamlakat hukumatini milliy xavfsizlikni saqlash maqsadida sud-huquq islohotlarini to‘xtatishga chaqirdi. «Mamlakat ichidagi bo‘linish Isroil mudofaa kuchlari va tuzilmalariga chuqur kirib bordi, bu Isroil xavfsizligiga aniq va jiddiy tahdid. Men bunga yo‘l qo‘ymayman», dedi u. The Jerusalem Post nashrining yozishicha, shundan so‘ng Netanyaxu Galantni o‘z xonasiga chaqirtirgan va shaxsan unga «ishonch yo‘qolgani haqida» aytgan. 

Isroilda ommaviy norozilik namoyishlari yanvar oyi o‘rtalaridan beri davom etmoqda. 

Mavzuga oid