19:10 / 16.05.2023
19947

Bu so‘nggi ogohlantirish, AQShda defoltga ikki hafta qoldi - Yyellen

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen qonunchilarga hukumatning moliyaviy ahvoli qaltisligi haqidagi so‘nggi ogohlantirish xatini yubordi.

Foto: Reuters

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen, agar Kongress qarz limitini oshirmasa yoki to‘xtatmasa, 1 iyungacha o‘z majburiyatlari bo‘yicha pul to‘lash uchun mablag‘ qolmasligidan ogohlantirdi.

Avvalroq, Moliya vazirligi 1 iyun kuni hal qiluvchi sana ekani, shundan so‘ng, federal hukumat o‘z qarzlarini to‘lamasligi mumkinligi haqida ham ma’lum qilgan edi.

Qonunchilarga yo‘llagan maktubida Yyellen federal hukumatning naqd puli tugashi mumkin bo‘lgan haqiqiy sana bu taxminlardan bir necha kun yoki hafta keyinroq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

«Qarz limitini to‘xtatib turish yoki oshirish uchun so‘nggi daqiqagacha kutish biznes va iste’molchilar ishonchiga jiddiy putur yetkazishi, soliq to‘lovchilar uchun qisqa muddatli qarz olish xarajatlarini oshirishi va AQSh kredit reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», dedi Yyellen.

Moliya vazirligi 19 yanvardan boshlab 31,4 trillion dollarlik qarz chegarasini buzmasdan, to‘lovlarni amalga oshirish uchun favqulodda choralar deb nomlanuvchi buxgalteriya manyovrlaridan foydalanmoqda.

2022 yil iyul oyida JPMorgan AQSh iqtisodiyoti retsessiya yoqasida ekanini e’lon qildi. 2022 yil sentabr oyida AQSh fond indekslari ikki yillik eng past darajaga tushdi.

2023 yilning 7 fevralida AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Kongressni mamlakat iyun oyidayoq moliyaviy majburiyatlarini bajara olmay qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Yyellen, shuningdek, agar qarzni cheklash bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, «global moliyaviy inqiroz» bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Top