Jahon | 20:47 / 20.06.2023
13126
9 daqiqa o‘qiladi

Blinkenning tashrifi: muloqot tiklandi, ammo kelishmovchilik hamon mavjud

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga amalga oshirilgan ikki kunlik tashrifi yakunlari bo‘yicha brifingda Xitoy vakillari bilan o‘tkazgan muzokaralarni samarali deb atadi. Ammo qanchalik samarali bo‘lgani haqida hozircha nimadir deb bo‘lmaydi.

Foto: Reuters

Blinkenning aytishicha, Xitoyga tomonlar qaysi masalada hamfikr, qaysi borada fikrlar xilma-xil ekanini aniqlashtirib olish uchun borgan va bu vazifa uddalangan. Blinken ikki davlat o‘rtasidagi muloqot doimiy bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

AQSh davlat kotibi tashrif davomida Xitoy tomoni bilan global muammolar bo‘yicha «faol muloqot o‘tkazgani», xususan, «Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan agressiv urushi»ni muhokama qilganini aytdi. U avval ko‘p marta ta’kidlagani kabi Xitoy bilan raqobat mojaroga aylanib ketmasligi kerakligini takrorladi.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Xitoyning Ukrainadagi urushni to‘xtatishga BMT nizomlari doirasida amalga oshiradigan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. AQSh davlat kotibi Qora dengizdagi g‘alla kelishuvini uzoq muddatga cho‘zishni ham taklif qildi.

Blinkenning brifingda aytgan eng muhim gapi baribir Ukrainadagi urush mavzusida bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Ukraianaga bosqinni davom ettirayotgan Rossiyaga o‘lim keltiruvchi qurollar yetkazib bermaslikni va’da qilgan. «Bu juda muhim va’da bo‘lib, Xitoyda u haqda oxirgi vaqtlarda ko‘p gapirishmoqda. Xitoy bu majburiyatlarini nafaqat Vashington, balki boshqa davlatlar oldida ham ta’kidlamoqda», dedi Blinken. Uning aytishicha, Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib bermayotgani haqiqat va AQShda bu faktni inkor etadigan hech qanday dalil yo‘q.

Foto: EPA

Ammo Blinken amerikaliklar hamon Xitoy kompaniyalarining harakatidan xavotirda ekanini yashirmadi va Xitoy tomonini bu borada sergaklikka chaqirdi. AQSh davlat kotibining aytishicha, Xitoy kompaniyalari yetkazib beradigan mahsulotlar orqali Rossiya Ukrainadagi harbiy qudratini yaxshilab olishi mumkin.

Blinken AQShning «Yagona Xitoy» siyosati borasidagi uzoq yillik qarashlari o‘zgarmagani, AQSh hamon Tayvan mustaqilligini tan olmasligini eslatdi. «AQSh Tayvan mustaqilligini qo‘llamaydi», dedi Blinken. O‘z navbatida, mamlakat status-kvo o‘zgarishsiz qolishi kerak deb hisoblashini aytdi. AQSh hududda faqat bitta – Xitoy hukumati mavjud ekanini tan oladi, ammo ikkita siyosiy tizim tinch-totuv yashashini istaydi.

Blinken Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashuvda mamlakat harbiy kemalarining Tayvan bo‘g‘ozidagi provokatsion harakatlari Amerikada xavotir uyg‘otayotganini ham aytgan. Blinken Tayvan atrofidagi keskinlik butun dunyoga ta’sir qiladigan iqtisodiy inqiroz keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlagan.

Diplomat Si Jinpingni AQSh Xitoyning iqtisodiy rivojlanishini cheklashga urinmayotganiga ishontirishga harakat qilgan. «Bu qarashni faktlarning o‘zi inkor qiladi», degan Blinken bunga misol sifatida o‘zaro savdo aylanmasi oshganini keltirar ekan.

AQSh davlat kotibiga ko‘ra, Xitoyning iqtisodiy o‘sishi AQSh uchun ham foydali. «Ammo ba’zi muayyan texnologiyalar azbaroyi milliy xavfsizligimizni ta’minlash uchun ham himoyalanishi kerak», deb qo‘shimcha qildi amerikalik diplomat.

Murakkab tashrif

AQSh bosh diplomatining Xitoyga tashrifidan ko‘p narsa kutish kerak emasdi. Chunki oxirgi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi emas. Blinkenning o‘zi ham tashrif oldidan ikki tomonning munosabatlari turbulent holatida ekanini aytdi.

Ikki tomon ham munosabatlar barqarorlashishi kerakligini ta’kidlab kelayotgandi. Amerika tomoni yuqori darajada diplomatik uchrashuv o‘tkazilganining o‘zini uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan sovuq munosabatlardan keyin yaxshigina o‘sish deb hisoblamoqda.

Van I bilan uchrashuvda AQSh manziliga «Xitoy tahdidini shishirib ko‘rsatish» bo‘yicha ayblovlar yangradi. Foto: Getty Images

BBC nashrining Xitoydagi muxbiri Stiven Makdonellning aytishicha, Xitoy raisi Si Jinping Entoni Blinkenni qabul qilgani uning hukumati AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashni istashidan dalolat.

Diplomatik protokolga ko‘ra, Xitoy raisi faqat mehmon davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Ammo ikki davlatning oxirgi vaqtlardagi sovuq munosabati ramziy ma’nodagi harakatlarni talab qilar, Blinkenning Xitoyga tashrifi vaqtida Si tomonidan mana shu qadam tashlandi deyish mumkin.

Tahlil

BBC'ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker

AQSh tomoni muloqot tiklanganini yaxshi natija sifatida qayd etayotgan bo‘lsa ham, ular ikki davlat o‘rtasida hal qilish qiyin bo‘lgan masalalar borligini ham tan olishmoqda. Eng jiddiy muammo, shubhasiz, Tayvan. Aynan mana shu muammo ortidan so‘z urushi qurol urushiga aylanib ketishi mumkin. Xitoy tashqi siyosati bo‘yicha hal qiluvchi siyosatchilardan biri Van I amerikalik diplomat tashrifi vaqtida bu borada hech qanaqa murosa bo‘lishi mumkin emasligini dangal aytdi.

Keyingi masala Xitoyning xuddi AQSh kabi global o‘yinchiga va mintaqaviy kuchga aylanib borayotganidir. Jo Baydenning ta’biri bilan aytganda, AQShning demokratiya va avtokratiya o‘rtasidagi kurashda hal qiluvchi tomon sifatida xalqaro masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bor.

AQSh o‘zaro munosabatlarda Xitoyni yakkalash yoki tiyib turishga emas, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan mojaro riskini pasaytirishga harakat qilishini ta’kidlaydi. Ammo Xitoy AQShning mintaqadagi boshqa davlatlar Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin va Hindiston bilan aloqalarni chuqurlashtirayotganini aynan tiyib turuvchi harakat deb qaramoqda.

Diplomatik maydonda nima deyilayotgani boshqa masala. Amalda vaziyat biroz boshqacha. Masalan, Bayden administratsiyasi iqtisodiy frontda davlatning milliardlab dollar yordami bilan AQSh kompyuter chiplari ishlab chiqarish sektorini rag‘batlantirishga e’tiborni kuchaytirmoqda. Shuningdek, AQSh Xitoyga ilg‘or kompyuterlarni eksport qilishni taqiqlab qo‘ygan. Xitoy ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushida «otilgan birinchi o‘q» deb biladigan Tramp joriy qilgan bojlar ham o‘zgarishsiz turibdi. Amerikaliklar o‘z navbatida buni Xitoy ulardagi asosiy sohalarni subsidiyalashtirayotganiga javob sifatida qarashmoqda.

Diplomatik maydonda Bayden va boshqa amerikalik rasmiylar Xitoyni raqib emas, raqobatchi deb bilishini har qancha takrorlashmasin, bu borada muvozanatni ushlash oson bo‘lmaydi. Chunki harbiy sohada ham, iqtisodiy jabhada ham raqobat tobora keskinlashib bormoqda. Shunday ekan, ikki davlat munosabatlarni barqarorlashtirish istagida bo‘lsa ham, ularning manfaatlari vaziyatni baribir mojaro tomon burayotgandek. Bunday kelishmovchiliklar qanday bartaraf etilishi esa har ikki tomon kelajakdan nima kutayotganiga bog‘liq.

Blinken Xitoyga tashrifi davomida Kommunistik partiyadagi xalqaro munosabatlar bo‘yicha bosh mulozim Van I bilan ham uchrashdi. U ikki tomonlama munosabatlar sovuqlashganida ochiqchasiga AQShni ayblab, Bayden administratsiyasi «Xitoy tahdidi» haqida bo‘rttirib gapirishni bas qilishi kerakligini ta’kidladi.

AQSh davlat kotibi xitoylik hamkasbi Sin Gan bilan sakkiz soat davomida tushlik ustida gaplashdi. Bu reja qilinganidan ham bir soat ko‘proq. Ikki davlat bosh diplomati Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Ganning qachondir AQShga borishiga kelishib olgan. Ular okean ortidagi muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi tijoriy parvozlar sonini oshirishni muhokama qilishi mumkin.

Jurnalistlar uchun kechki vaqtda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Blinken Vashington o‘zaro muloqotni tiklash orqali asosiy maqsadga erishganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bo‘lajak muzokaralar uchun asos bo‘lishini ma’lum qildi. Blinkenga ko‘ra, uchrashuvlar juda ochiq va dangal o‘tgan. Ikki tomon muzokaralarda ochiqchasiga xilma-xil fikrlarni bildirgan bo‘lsa-da, uchrashuvlar «hech qanday syurprizlarsiz o‘tgan».

Mavzuga oid