O‘zbekiston | 18:28 / 23.06.2023
5937
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda vodorod ishlab chiqarilishi va soha kadrlari tayyorlanishi mumkin

Vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik jarayonlarni iqtisodiy baholash orqali asoslangan ilmiy-tajriba tadqiqotlari o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston–Yaponiya Yoshlar Innovatsion Markazi (UJICY), Yaponiyaning Kyushu universiteti (KU) hamda Karbon-neytral energiya tadqiqotlari Xalqaro instituti (I2CNER) olimlari hamkorligida ishlab chiqiladigan loyiha «SATREPS – Yaponiya va rivojlanayotgan mamlakatlar tadqiqotchilari tomonidan global muammolarni xalqaro hamkorlikda tadqiq qilish dasturi» g‘olibi bo‘ldi.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, loyihada O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamkorlik qiluvchi tashkilot sifatida ishtirok etmoqda.

SATREPS – Yaponiya Hukumatining global muammolarni hal qilishga qaratilgan xalqaro qo‘shma tadqiqotlarni ilgari surish uchun Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan moliyalashtiriladigan dasturidir.

Loyihaning maqsadi O‘zbekistonda vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik jarayonlarni iqtisodiy baholash orqali asoslangan ilmiy-tajriba tadqiqotlari o‘tkazish va vodorod energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashdan iboratdir.

Hozirgi vaqtda to‘rtta eng zamonaviy texnologiyalar sohasida dastlabki tadqiqotlar boshlangan:

- tugallangan neft quduqlaridan foydalangan holda vodorod ishlab chiqarish;

- O‘zbekiston iqlim sharoitida zamonaviy perovskit quyosh batareyalarini rivojlantirish;

- bug‘ elektrolizi asosida vodorod ishlab chiqarish;

- fotokatalitik uslubda vodorod ishlab chiqarish.

Loyiha besh yil davom etadi hamda tadqiqot faoliyati, tajriba asbob-uskunalarni xarid qilish va o‘zbekistonlik yosh olimlarni o‘qitish uchun 500 million Yaponiya iyenasi (3,5 million AQSh dollari) ajratiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish