O‘zbekiston | 14:56 / 27.06.2023
10301
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuraturada ekologiya sohasidagi qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi maxsus boshqarma tuzildi

Yangi tuzilmaga O‘ktam O‘tayev rahbarlik qiladi.

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuratura tuzilmasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etildi. Bu 31 mayda qabul qilingan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida ko‘zda tutilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, yangi boshqarmaga O‘tayev O‘ktam Choriyevich boshliq etib tayinlangan. Yangi boshqarma uchun Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida qo‘shimcha 6 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida jami 70 ta shtat birliklari ajratilgan.

Yangi tuzilmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash;
  • tabiatni muhofaza qilish;
  • tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta ishlash;
  • chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda davlat ekologik nazorati olib borilishida qonuniylikni ta’minlash;
  • iqlim o‘zgarishi sohasiga doir dasturlar va loyihalarda belgilangan dasturlar va chora-tadbirlarning o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash;
  • atmosfera havosi, yer, yerosti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish;
  • ekoturizm, ov va safar turizmi sohasini yanada rivojlantirish;
  • “yashil” o‘sish tamoyillarini joriy etish;
  • ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasiga oid boshqa vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirish.

Avvalroq Toshkent, Xorazm va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar tashkil etilgan edi. Endilikda ushbu organlar faoliyati Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid