O‘zbekiston | 17:19 / 29.06.2023
9921
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 15 gektar maydonda qon preparatlari ishlab chiqaruvchi zavod quriladi

Xitoy bilan hamkorlikda barpo etiladigan farmatsevtika zavodi o‘z yo‘nalishida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Samarqandda Xitoy bilan hamkorlikda qon preparatlari ishlab chiqariladi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. 27 iyun kuni vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Xitoyning “Xindeyuan Bioengineering” kompaniyasi vakillari bilan ayni shu masalada muzokara o‘tkazilgan.

“Keyingi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi.

Birgina misol. Bugun bitta jigar transplantatsiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Shuning o‘ziyoq qonning ahamiyati naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Shu jihatdan olganda gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur qon komponentlari va dori vositalari bilan ta’minlash, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri”, deyiladi SSV xabarida.

Qayd etilishicha, Xitoy kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda Samarqand viloyati “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 250 million dollarlik investitsiyaviy loyihani amalga oshirish borasida kelishuvga erishilgan.

Yangi zavod 15 gektar maydonda qurilishi va u qon preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan Markaziy Osiyodagi yagona zavod bo‘lishi kutilmoqda.

Ushbu zavod O‘zbekistondagi qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali import hajmining kamayishiga xizmat qilishiga umid bog‘langan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish uchun 128 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda qo‘llanadigan 67 turdagi dori vositalari va reagentlar prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qaroriga muvofiq asosan chetdan keltirilmoqda. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid