19:31 / 07.07.2023
17912

Qozog‘iston chiqishni istayotgan kelishuv va O‘zbekiston uchun kutilmalar - suv xo‘jaligi vaziri bilan intervyu 

Qozog‘iston 2023 yil oxirigacha Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan Sirdaryo havzasi resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.

Kun.uz muxbiri Qozog‘istonning bu rejasi nimani anglatishi va uning O‘zbekiston uchun oqibatlari borasidagi savollar bilan Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevga yuzlandi.

— Qozog‘iston 2023 yil oxirigacha Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan Sirdaryo suv havzasi resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu nima degani o‘zi va uning natijasi O‘zbekiston uchun qanday ta’sir qilishi mumkin?

— Xalqimizda yangisini qurmay, eskisini buzma, degan gap bor. Markaziy Osiyoda suv bo‘yicha ko‘p kelishuvlar bor, shularga amal qilish kerak. Ba’zilarini takomillashtirish ham lozim.

Qozog‘iston Sirdaryoning quyi qismda joylashgan davlat. Buning ta’sirida esa suv taqchilligi ularga ko‘proq seziladi. Yildan yilga suv masalasi qiyinlashib borayotgani sababli ular ham o‘z manfaatlarini o‘ylayapti. Tushunsa bo‘ladi buni.

Siz aytgan suv kelishuvi aslida 1998 yilda tuzilgan. Ammo kelishuv o‘sha vaqtda 2-3 yil ishlab, keyin umuman ishlamay qo‘ygan. Yildan yilga shartlar buzilib borgan. Bu kelishuv uchala davlat rasmiylari tomonidan tasdiqlansa to‘xtashi mumkin. Qozog‘iston esa bu kelishuvni takomillashtirishni, ishlatishni xohlayapti. Ba’zi masalalar borki, uchala davlat ham amal qilish kerak.

Biz Qirg‘izistonga qishda elektr berish hisobiga suvni o‘zimizda saqlab qolamiz. Yozda esa elektrni qaytib olamiz. Bu ham kelishuv bandlaridan biri. Ayrim masalalarda 3-4 yildan beri Qozog‘iston bilan muloqot qilyapmiz. Agar qandaydir kelishuv bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni uchun ham foydali bo‘ladi, bir tomon manfaati ko‘zlanmaydi faqat.

— Biz shartnomani o‘zgartirish haqida qancha gapirmaylik, u haqda sodda qilib gapirganda, bugun Qozog‘istonning maqsadi — ko‘proq suv olish, aniq masala bu. Xo‘sh, qozoqlar qancha suv olmoqchi-yu va ular ko‘zlagan miqdor biz uchun qanchalik xavotirli?

— Sovet ittifoqi davrida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan sxemalar bor Amudaryo va Sirdaryo uchun alohida. Ittifoq tarqalgach, mustaqil davlatlar 1992 yilda kelishuvlarga amal qilish bo‘yicha shartnoma imzolashgan. Hozirgacha amal qiladi bu limitlar. Ba’zida Qozog‘istonga ko‘proq suv o‘tib ketyapti. O‘sha suvdan O‘zbekistonga qoldirish kerak. Aydarko‘l va shu kabi muammolarimiz bor. Har kim o‘ziga tortib, muvofiqlashtirish qiyin bo‘lyapti. Biz ham O‘zbekiston manfaatini ko‘zlab harakat qilamiz. Shu bilan birga qo‘shni davlatlar manfaatini ham hisobga olamiz. Xalqaro muloqotda ham birinchi navbatda O‘zbekiston manfaatini ko‘zlashimizni, lekin ularning manfaatini ham hisobga olishimizni ochiq aytaman o‘zim.

— Ha, biz bizdan oldinroqda qazib olinayotgan kanallar yoki o‘zgaradigan shartnomalar haqida qancha gapirmaylik, lekin o‘zimizdagi mavjud, olayotgan suvimizni, juda katta miqdordagi suvimizni isrof qilayotganimiz ham bor gap. Bugun daryo-kanallardan ekin yerlariga yetib borguncha 40-45 foiz suvimiz yo‘qotilyapti. Cho‘lli mintaqalarda raqamlar bundan ancha katta va qo‘rqinchli.

Umuman, harakatlarimizni suv yo‘llarini betonlashtirish va shu orqali suv isrofini kamaytirishga qaratish ham katta samara beradi. Nega bu borada harakatlarimiz sezilmayapti?

— 2030 yilgacha konsepsiyamiz va 3 yillik strategiyamiz bor. Bu borada yanada faol ishlab, tegishli idoralar bilan qayta ko‘rib chiqyapmiz dasturlarni. Suv isrofi bor masala. Lekin to‘xtab qolganimiz yo‘q. Katta-katta kanallar betonlashtirilyapti, nasos stansiyalar ta’mirlanyapti. Hozir 1 yilda 200-300 km kanal betonlashtirilyapti.

— Balki sizda mablag‘ yetarli emasdir hukumatdan?

— Bu muammo ham bor. Agar hozirgidan 4 barobar ko‘p pul berilsa, 10 yillik vazifamizni 2-2,5 yilda bajarib qo‘yardik. Lekin to‘g‘ri tushunamiz, boshqa sohalarga ham pul kerak. Imkon qadar bizga ham mablag‘ ajratilyapti. Keyingi yillarda chet el investitsiyalari jalb qilinadi, JB va Osiyo taraqqiyoti banklari ham buni aytib o‘tdi.

Ba’zilar O‘zbekistonning tashqi qarzi ortib ketyapti deydi. Lekin kanallarni betonlashtirish, nasos stansiyalarini ta’mirlashga budjetdan berilayotgan pul yetarli bo‘lmaydi. Xalqaro kreditlar imtiyozli berilyapti bizga. Hozir Xorazmdagi kanallarni betonlashtirishning ikkinchi bosqichini boshlamoqchimiz. Surxondaryoda nasos stansiyalari olinib, o‘z oqimi bilan suv bilan ta’minlanadigan bo‘lib, kanallar betonlashtirildi. Farg‘ona vodiysida ham 140 mln dollarlik katta loyihalar amalga oshdi. Qoraqalpog‘istondagi kanallar betonlashtirilyapti, bundan tashqari. Lekin to‘g‘ri tanqid qilinyapti bu masala va to‘g‘ri qabul qilaman men ham. Bizdagi sug‘orish tarmoqlari umumiy 180 ming kmni tashkil etadi. Shulardan 27 ming kilometri katta kanallar bo‘lsa, yiliga 1,5-2 ming km betonlashtirilsa, tezroq maqsadga erishamiz. Hozir 300-400 km betonlashtirilyapti.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Top