Jahon | 17:08 / 10.07.2023
24722
11 daqiqa o‘qiladi

Pakana, dangasa va quyon panja. G‘ayrioddiy va qiziqarli taxallusga ega bo‘lgan qirollar

Tarixda, ayniqsa o‘rta asrlarda hukmdorlarni turli laqablar bilan atash urf bo‘lgan. Bu taxalluslar qirollarning jasurligi, donoligi, yoki ahmoqligi va boshqa sabablarga nisbat berib qo‘yilgan. Ularning ba’zilari juda g‘ayrioddiy, ba’zilari esa kulgili ham.

Alfonso IX So‘lakdor

Ispaniya shimolidagi Leon va Galisiya qirolligi hukmdori bo‘lgan Alfonso IX ancha mashhur va kuchli qirol bo‘lgan. U Leon va Kastiliya qirolliklarini birlashtirish borasida muvaffaqiyatga erishgan.

Tarixchi Ibn Xaldunning yozishicha, ushbu qirol g‘azablanganda yoki kayfiyati buzilganda og‘zidan ko‘pik sachratgan, shuning uchun ham uni Boboso (ho‘l soqol) yoki So‘lakdor deb atashgan.

Alfonso IX So‘lakdor

Ivar Suyaksiz

Angliyani zabt etgan vikinglarning mashhur qiroli Ivar Ragnarsson ilk o‘rta asrlarda Yevropadagi muhim shaxslardan biri bo‘lgan. Uning Suyaksiz deb atalashiga qadimgi qo‘lyozma va poemalarda turli talqinlar berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, askarlari Ivarni qalqonda ko‘tarib yurgan (vikinglar rahbarlarini qalqonda ko‘tarib yurishi an’anasi ham shunga bog‘liq). Tarixchilar bunga sabab sifatida Ragnarssonning irsiy kasallikdan aziyat chekkani, bu kasallik oqibatida uning suyaklari mo‘rtlashgani va yurish qobiliyatini yo‘qotganini taxmin qiladi. Aynan shu sabab ham u Suyaksiz degan laqabni olgan bo‘lishi mumkin.

Ivar Cuyaksiz akasi Ubba bilan otasi Ragnar huzurida

Harold I Quyon panja

1035-1040 yillarda Angliyani boshqargan Harold I o‘zining tez yugurishi va ovchilik mahorati bilan mashhur bo‘lgan. Aynan shu sabab ham unga Quyon panja laqabi berilgan.

Harold I Quyon panja

Jon Mulksiz, Yumshoq qilich

Jon Mulksiz Angliya tarixidagi eng omadsiz hukmdorlardan biri edi. U mamlakatga hujum qilgan fransuz qiroli Filipp II ga hech qanday tarzda qarshilik ko‘rsata olmaydi, o‘z baronlari qo‘zg‘oloni tufayli taxtdan ayrilishiga sal qoladi, o‘zi ishtirok etgan urushlarda ketma-ket mag‘lub bo‘ladi.

Jon yoshligida Genrix II ning kenja o‘g‘li sifatida Fransiyadan yer mulklari olmagan. To‘g‘ri, keyinchalik u oxir-oqibat qirol sifatida Angliya va Irlandiyadagi hududlarni meros qilib oladi, lekin baribir haqoratli Mulksiz laqabiga loyiq ko‘riladi. Shuningdek, juda ko‘p harbiy mag‘lubiyatlari uchun uni qo‘shimcha ravishda Yumshoq qilich deb ham atashgan.

Undan keyin Jon ismi ingliz qirollari orasida omadsiz ism deb hisoblana boshlaydi, shu sabab ingliz monarxlari o‘shandan beri bunday ism bilan nomlanmaydi.

Jon Mulksiz

Ivaylo Karam yoxud Cho‘chqaboqar

Bolgariya podshohi Ivaylo tarixdagi eng past qatlamdan eng yuqori tabaqaga erishgan insonlardan biri hisoblanadi. Ivaylo Karam o‘rta asrlardagi Bolgariya tarixida mashhur shaxs bo‘lib, u oddiy dehqonlar armiyasi bilan mamlakatga hujum qilgan Oltin O‘rda va Vizantiya imperiyalari qo‘shinlarini mag‘lub etib, ularni Bolgariyadan haydab chiqargan.

Ammo u ichki fitna qurboniga aylanadi va surgunda halok bo‘ladi.

Oddiy kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan Ivaylo yoshligida non va sabzavot uchun ishlagan va qirol mansabiga erishganda ham ko‘p sabzavot yeyish odatini to‘xtatmagan. Natijada unga «karam» laqabini berishgan. Shuningdek, bo‘lajak qirol qo‘zg‘olon boshlashidan oldin cho‘chqa boqish bilan shug‘ullangani uchun uni «Cho‘chqaboqar» deb ham atashgan.

Ivaylo Cho‘chqaboqar

Lyudovik V Dangasa

Atigi bir yil hukmronlik qilgan yosh Lyudovikning bunday atalashi uning mamlakatda hech qanday o‘zgarish qila olmagani, to‘g‘rirog‘i qilishga ulgurmagani bilan bog‘liq.

Otasining irodasi bilan Akvitaniya hukmdorining bevasiga uylanib, gersogga aylangan Lyudovik V keyinchalik o‘zidan ancha katta bo‘lgan rafiqasi bilan kelisha olmaydi. Oqibatda ular ajrashadi, yosh shahzoda maishatga beriladi hamda Akvitaniya taxtidan ayriladi. Lyudovikning qirol bo‘lgach, Reyms arxiyepiskopi bilan olib borgan kurashi ham muvaffaqiyatsiz kechadi.

Yigirma yoshli qirol ov paytida otdan yiqilib halok bo‘ladi. U o‘zidan hech qanday qonuniy voris qoldirmaydi va shu bilan Buyuk Karl boshlab bergan Karolinglar sulolasi ham xotima topadi.

Lyudovik V Dangasa

Qonli Mariya

Tarixda shafqatsiz, qonli tuzum o‘rnatgan hukmdorlar juda ko‘p, biroq ularning aksariyati erkak qirol, sultonlar. Ammo ayol yetakchilar orasida ham qattiq qatag‘onlar olib borganlari bor, shulardan biri Angliya qirolichasi Mariya.

U xotinboz otasi davrida, ajdodlaridan farqli ravishda protestantlikni emas, katoliklikni o‘rganadi. Otasi va protestant o‘gay ukasi o‘limidan so‘ng taxtni egallab, mamlakatda Kontrreformatsiya o‘tkazadi. Uning buyrug‘i bilan yuzlab odamlar «dahriy» deb topiladi va gulxanda yoqiladi. Ko‘pchilik mamlakatdan qochib ketadi yoki surgun qilinadi. Aynan mana shu qonli repressiyalar sabab unga Qonli Mariya laqabini berishgan.

Ammo yana bir qiziq fakt bor. Qonli Mariya 5 yillik hukmronligi davomida uch yuzdan ortiq odamni o‘ldirgan bo‘lsa, uning otasi Genrix VIII 36 yillik qirolligi zamonida 57 mingga yaqin odamni qatl qildirgan. Ularning ko‘pchiligi ruhoniylar hamda Genrixga qarshi chiqqan oddiy aholi va dvoryanlar vakillari edi. Biroq «Qonli» laqabini Genrix emas, qizi Mariya olgan.

Qirolicha Mariya

Karl VI — «Aqldan ozgan qirol»

Fransiyani 42 yil boshqargan (1380-1422) Karl VI Yuz yillik urushdagi mag‘lubiyatlari va tez-tez sodir bo‘luvchi ruhiyatidagi psixologik buzilishlar bilan mashhur.

Karl VI 12 yoshida taxtga o‘tiradi va undagi birinchi psixologik buzilish 24 yoshida sodir bo‘ladi. Qirol har qanday baland yoki keskin tovush oqibatida o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, «hukmdor obro‘siga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar va imo-ishoralar» qilgan. Lekin oradan vaqt o‘tishi bilan o‘ziga kelgan.

Karl VI ning «aqldan ozishi» bilan bog‘liq mashhur voqealardan biri «Olovli bal» deb nomlanadi. Karlning xotini qirolicha Izabella o‘zining saroydagi xizmatkorlaridan birining to‘yini maskarad-bal (niqobli bazm) ko‘rinishida o‘tkazishga qaror qiladi. Qirol va yana besh kishi balga «yovvoyi odamlar» niqobida keladi. Ular yonuvchi moddalar surtilgan, uzun etakli ko‘ylaklar kiygandi. Gersog Lyudovik Orleanskiy «yovvoyi» niqoblilardan birining yoniga mash’alani juda yaqin olib keladi va kutilmaganda «yovvoyi» kiyimi yonishni boshlaydi. Olov ularning barchasiga o‘tib ketadi. Qirolni qarindoshi Janna II qutqarib qoladi, biroq yonayotgan odamlarni ko‘rgan qirolni tutqanoq tutadi.

Bu safargi «aqldan ozish» bir necha kun davom etadi. Qirol atrofidagi hech kimni tanimaydi, o‘z ismini va qirol ekanini rad etadi, rafiqasi ham, bolalari ham yo‘qligini aytadi.

Karl VI

Bu voqeadan so‘ng qirolning ruhiy kasalligi borligi butun ommaga ma’lum bo‘ladi. Aholi hukmdor tuzalishi uchun xayriyalar, ziyoratlar uyushtiradi. Qirol huzuriga Parij hunarmandlari va savdogarlaridan iborat delegatsiya yuboriladi. Eng qizig‘i, qirolning «ruhini qutqarish uchun» Parijdagi barcha yahudiylar shahardan quvib chiqariladi.

Umumiy hisobda Karl VI jami 43 marta «aqldan ozgan». Ularning har biri bir necha kundan bir necha oygacha cho‘zilgan.

Yustinian II Kesiqburun

Vizantiya imperiyasining eng omadsiz hukmdorlaridan biri bo‘lgan Yustinian II o‘z shafqatsizligi, qattiqqo‘lligi, mashhur laqabi va ayanchli taqdiri bilan nom qozongan. Dastlab arablar, so‘ngra bolgarlar bilan urush olib borib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan Yustinian o‘z sarkardasi Leontiy tomonidan taxtdan tushirilgan.

Taxtdan qulatilgan qirolning burni kesib tashlangan va surgun qilingan. Aynan shu sabab ham Yustinian Rinotmit (grekcha ma’nosi «kesilgan burun») laqabi bilan atalgan.

Biroq Yustinian II Bolgariya qiroli yordamida taxtni qayta egallagan va uning burnini kesganlarni qatl qildirgan. Shundan so‘ng u tilladan yasalgan protez burun taqib yurgan.

Pipin Pakana

Pipin Pakana tarixidagi mashhur qirollardan. U Yevropada yangi davrni boshlab bergan Buyuk Karlning otasi, Karolinglar sulolasi asoschisi edi.

Ko‘plab katta yutuqlarga erishgan qirolning «pakana» deb atalishi uning past bo‘yi bilan bog‘langan. Biroq ba’zi tarixchilar qadimiy qo‘lyozmalar noto‘g‘ri tushunilgani, Pipin «pakana» ma’nosida emas, «kichik farzand» ma’nosida «kichik» deb chaqirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Lekin bu nazariya unchalik ham keng tarqalmagan.

Umuman, bo‘y muammosi bilan to‘qnashgan fransuz qiroli faqat Pipin III emas. Yana bir buyuk fransuz hukmdori, imperator Napoleon Bonapartning ham bo‘yi past bo‘lgan.

Pipin Pakana