Katta urush o‘zgarmagan: Ukrainaning qarshi hujumidan 5 saboq
Ukraina armiyasining mamlakat janubi va Donbassda boshlagan qarshi hujum harakatlaridan bir oydan oshiq vaqt o‘tib voqealar rivoji bo‘yicha ayrim xulosalarni chiqarish mumkin.
Ular nafaqat Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi uchun, balki dunyodagi zamonaviy urushning mohiyatini tushunish uchun ham muhimdir.
Ukrainalik harbiy sharhlovchi Kirill Danilchenko Ukraina frontidagi vaziyatni kuzatish orqali qanday saboqlar chiqarish mumkinligi haqida fikr yuritdi.
1-saboq. Urushlar o‘zgarmaydi
Ukrainaning yurishining birinchi oyidan va keng ko‘lamli urushning 500 kunidan ham, asosiy xulosa shundaki, urush o‘zgarmaydi.
Kelajakdagi nizolar raqamli makondagi janglarga, xususiy harbiy kompaniyalar to‘qnashuviga yoki Liviyada bo‘lgani kabi past intensivlikdagi ekspeditsiya to‘qnashuvlariga aylanishi haqidagi barcha nazariyalar yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Maxsus ko‘zoynak taqib olib dronlarning raqibga zarbalarini yo‘naltirish bilan shug‘ullanuvchi FPV-dron operatorlari tomonidan yozib olingan videolar ham bo‘lsa-da, urushdagi asosiy ishni vagon-vagon snaryadlar va tank batalonlari bajarishda davom etmoqda.
Shuning uchun Daniya o‘zidagi barcha CAESAR rusumli o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini, Norvegiya esa – o‘zining barcha tanklarining to‘rtdan bir qismini Ukraina qurolli kuchlariga yubordi.
Ukrainaga yetkazib berilgan zirhlangan mashinalar va zirhli transportyorlar (BTR) soni allaqachon ikki ming donadan oshib ketgan va bu miqdor o‘sishda davom etmoqda.
G‘arb koalitsiyasi Ukraina armiyasini jami 500 ga yaqin o‘ziyurar artilleriya qurilmalari bilan ta’minlagan, ukrain tankchilari esa allaqachon yetib kelgan 500 tankka qo‘shimcha ravishda yana bir necha yuz tankni qabul qilib olishga tayyorlanmoqda.
Bu bilan Ukraina mudofaa kuchlari Donbass g‘arbidagi Vremevka bo‘rtig‘ida sakkiz kilometr, Baxmut atrofida bir necha kilometr, Zaporijjya oblastida esa Jyerebyankigacha to‘rt kilometr ilgariladi. Buni «rangli» Birinchi jahon urushi deyish ham mumkin.
So‘nggi oylarda vzvod «posadka»ga (o‘rmonzor) kirishi, kechga borib minalarda portlash, dronlardan tashlangan o‘q-dorilar, snaryad va minalar uchib kelishi tufayli safdan chiqishi bilan bog‘liq o‘nlab epizodlar kuzatildi. Bu esa oskolkalardan yaralangan, oyoqlari singan, kontuziyaga uchragan va ruhiy tushkunlikka tushgan jangchilar zarbalar kelgan vaqtda shunchaki engashishni to‘xtatishidir. Shuning uchun vzvod yo‘q qilinmasa ham, chekinishga majbur bo‘ladi.
Va bunday holat ikki tomonda ham ro‘y bermoqda.
Avdiyivka va Kreminna atrofida qarshi hujum qilayotgan rossiyaliklarning ishlari yanada chatoqroq, shunki ularda g‘arbning taktik tibbiyoti yo‘q, «DXR»ning tibbiy muassasalaridagi esa ahvol unchalik yaxshi emas.
Rossiya uchun ham urush allaqachon yangi darajaga chiqqan.
Birinchi chechen urushi vaqtida Yarish-Mardi qishlog‘i yaqinida bo‘lib o‘tgan jangda 80 nafar jangchi halok bo‘lib yigirmata texnika yondirib yuborilganida, rossiyaliklar buni falokat deb hisoblagan, 1985 yilda Afg‘onistonda Maravara yaqinida rus rotasi tor-mor etilishi esa sovetlar ittifoqida fojia deb baholangandi.
Endi bunday ko‘lamdagi yo‘qotishlar Rossiya-Ukraina urushida Urojayne va Makarovka o‘rtasidagi oddiy posadka uchun jangda yoki, masalan, rossiyaliklar Vuhledarga hujum qilishga uringanida berilmoqda.
Rotalar gugurt kabi «yoqib yuborilmoqda», o‘nlab tanklar, zirhli mashinalar va minalardan tozalash mashinalaridan iborat kolonnalar bir nuqtada yakson etilishi endi hech kimni hayron qoldirmayapti.
2-saboq. Qit’alararo urush xalqaro ittifoqlarni qaytaradi
Yil davomida ittifoqchilar Ukrainaga ikki milliondan ortiq snaryad yuborishdi. Buni amalga oshirish uchun Yevropadagi uchta yirik iqtisodiyot hamda AQShning sa’y-harakatlari talab etildi.
G‘arb yangi snaryadlarni ishlab chiqargunicha esa Pentagon Ukraina qurolli kuchlari uchun kassetali o‘q-dorilar yubormoqda.
Yangi zelandiyaliklar ukrainalik artilleriyachilarni 105-mm kalibrli L119 gaubitsalaridan foydalanishga o‘rgatishadi, norveglarning MLRS baravar o‘t ochish tizimlarini esa britanlar Ukraina qurolli kuchlari uchun sozlab berishmoqda.
Bunday ko‘p qirrali xalqaro qo‘llab-quvvatlash shuni ko‘rsatadiki, endi biror mamlakat o‘zini xavfsiz his qilmayapti va mintaqaviy mudofaa ittifoqlari yana «katta o‘yin»ga qaytgandek ko‘rinmoqda.
Axir hech bir davlat Buyuk qit’a urushi uchun kerak bo‘ladigan miqdorda ko‘p qurol va o‘q-dorilarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va saqlashga qodir emas.
Bu hatto Fransiya va Germaniya kabi iqtisodiy «og‘ir vaznli»larga ham taalluqli, agar ular o‘z fuqarolarining aksar qismining turmush tarzini keskin o‘zgartirishni istamasa.
3-saboq. Quruqlik kuchlari – prioritet
Hatto militar davlatlarda (shartli Eron, Shimoliy Koreya yoki Rossiya) ham quruqlik kuchlari tarkibi to‘liq bo‘lishiga muhtoj.
Buni hatto Ikkinchi livan urushi — 2006 yilgi Isroil va Livanning janubiy hududlarini nazorat qiladigan «Hizbulloh» guruhi o‘rtasida to‘qnashuv ham ko‘rsatgandi.
O‘shanda isroilliklar uzoq masofadan turib zarba yo‘llash orqali Livan janubidagi har bir ombor va ko‘prikni vayron qilishgandi, ammo amalda raqibning minalangan maydonlar va tankka qarshi raketa tizimlaridan tarkib topgan mudofaasini yengib o‘ta olmagandi.
Ya’ni armiya yuqori aniqlikdagi minglab snaryadlar, boshqariluvchi bombalar va uzoq masofaga yetib boruvchi raketalarga ega bo‘lishi, ammo jang maydonidagi asosiy vazifani uddalay olmasligi mumkin.
Ukraina HIMARS tizimidan GMLRS reaktiv snaryadlari bilan yuzlab zarbalar beradi, ko‘p hollarda rossiyaliklarning nafaqat shaxsiy tarkibi va neft bazalari, balki o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari ham alohida nishonlarga aylanadi. Oy boshidagi bir haftaning o‘zida Makiyivka va Suxodolskedagi omborlar, Volnovaxada ma’muriyat binosi va turli hududlarda shaxsiy tarkib joylashtirilgan bir qancha punktlar yakson etildi.
Yakunda esa amalda deyarli o‘zgarish yo‘q - ukrainlar yurishi pozitsion janglar bilan o‘ralashib qolmoqda.
ATACMS rusumli uzoq masofaga boruvchi o‘nlab ballistik raketalar ham katta urush vaqtida operativ muammolarni hal etishda yordam berishi dargumon. (Ukraina 300 km masofaga yetib boruvchi shunday raketalarni ham yetkazib berishni so‘ragan va AQSh buning imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda).
Dunyoda hech bir davlatda (AQSh istisno bo‘lishi mumkin) qit’a urushida «masofadan» turib g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘ladigan ko‘p sonli yuqori aniqlikdagi snaryadlar, boshqariluvchi bombalar va yetarli miqdorda aviatsiya parvozlarini amalga oshirish imkoni mavjud emas.
4-saboq. Taktik havo hujumidan mudofaa tizimlarisiz jang maydoni ustini yopib bo‘lmaydi
G‘arbda taktik havo hujumidan mudofaa tizimi hech qachon eng kuchli tomoni deb hisoblanmagan.
NATO mamlakatlarida uzoq masofadan turib radar orqali kuzatish ishlarini amalga oshiradigan samolyotdan nishonni belgilash va qiruvchi samolyotdan mo‘ljalga o‘z-o‘zidan to‘g‘rilanadigan raketa uchirilishi kombinatsiyasini eng yaxshi havo hujumidan mudofaa deb bilishadi.
Rossiya armiya aviatsiyasi eng yaxshi optikaga ega bo‘lmasa va dvigatel resurslari bo‘yicha muammolari bo‘lsa ham, hozirda rossiyaliklarning zarbdor vertolyotlari «posadka»lar ustiga «Vixr» tankka qarshi raketalari uchirish orqali ukrain kuchlariga muammolar tug‘dirmoqda.
G‘arbdan o‘nlab samolyotlar olish mumkin, ammo ustida vertolyotlar past balandlikda uchuvchi va rossiyaliklar zarbdor aviatsiyasi boshqariluvchi bombalarni yo‘llaydigan bu barcha o‘rmonzorlarni «tozalash» oson emas.
Shuning uchun kichik va o‘rta radiusda harakatlanadigan taktik havo hujumidan mudofaa tizimlari jang maydonidagi muhim komponentligicha qolmoqda.
5-saboq. Minalangan maydonlar – jiddiy xavf
Minalangan maydonlar, fugaslar, masofadan o‘rnatiladigan minali to‘siqlar kombinatsiyasi, shuningdek ZRP-2 «Tropa» kabi minalardan tozalash qurilmalari hamon zamonaviy urushdagi samarali vositalar bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa artilleriya qo‘llash va dronlardan o‘q-dorilar tashlash birgalikda olib borilganda.
Minalangan maydonlarni tozalash ishlarini kunduzi tutun pardasi qo‘llash bilangina amalga oshirib bo‘lmaydi, bu vaqtda artilleriya o‘qqa tutib turadi.
Bunday hududda tunda harakatlanganda esa texnikalar «tozalangan» yo‘llardan chetga chiqib ketishi yoki yo‘llarga yana kichik guruhlar tomonidan tankka qarshi minalar qo‘yib chiqilgan bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun jangchilar poligonlarda ko‘p oylar mobaynida qattiq shug‘ullanishi, muhandislik razvedkasi rivojlantirilishi, minalardan tozalash qurilmalari bilan ishlashni o‘rgatish talab etiladi.
Ammo hamisha ham bunga imkon bo‘lavermaydi – ayniqsa frontga hududiy mudofaa bo‘linmalari va yaqinda safarbar qilinganlar jalb etilganida.
Ammo sapyor va muhandislarni tayyorlash – zamonaviy urush sharoitlarida muvaffaqiyatli yurish qilish uchun muhim vazifadir.
Ukrainlar esa dushmanning qattiq qarshiligini yengib, oldinga siljishga harakat qilmoqda.
Ukrainlar Rossiya armiyasining janubdagi mudofaa liniyasini yorib o‘tib Perekop bo‘yniga chiqish va Qrimga tahdid solishi mumkinmi?
Agar har kuni bittadan «Uragan» batareyasi, ikkitadan o‘ziyurar artilleriya qurilmasi va o‘nlab stvolli artilleriya qurilmalari ishdan chiqib tursa, dunyodagi hech bir armiya oxirigacha bardosh bera olmaydi.
Bu yerda barchasi tomonlarning yo‘qotishlarga bardosh berish qobiliyatiga, hujum qilayotgan tomonning qaysarligi va himoyalanayotgan tomonning chidamliligiga, shuningdek front ortida olib boriladigan ishlarga bog‘liq bo‘ladi.
Yuz minglab snaryadlar, minglab dronlar, qo‘shimcha stvolli artilleriya qurilmalari, kontrbatareya kurashi olib borish uchun radar tizimlari hamda va’da qilingan yuzlab zirhli mashinalar va tanklar yetkazib berilishi hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.
Mavzuga oid
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
14:00 / 16.11.2024
Umerov: Ukraina Rossiya tomonidan egallab olingan barcha yerlarni qaytarib olmoqchi
13:46 / 16.11.2024
Jurnalistlar Ukrainada 78 ming rossiyalik askar halok bo‘lganini tasdiqladi
22:30 / 15.11.2024