Joriy yil 22-23 avgust kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga davlat tashrifi amalga oshirmoqda. Tashrif dasturiga O‘zbekiston-Ozarboyjon strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari kiritilgan bo‘lib, bir qancha ikki tomonlama bitimlar qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu maqolada ikki davlat o‘rtasida munosabatlarning bugungi holati yuzasidan so‘z yuritamiz.
O‘zbekiston va Ozarboyjonning siyosiy sohadagi hamkorligi:
- 2 mamlakat mustaqillikning dastlabki yillarida diplomatik munosabatlar o‘rnatgan bo‘lsa, o‘shandan buyon 13 marta oliy darajadagi o‘zaro tashriflar amalga oshirildi;
- 2017 yildan boshlab oliy darajadagi muloqot faollashgani delegatsiyalar almashinuvining kuchayishiga xizmat qildi – 6 yil davomida 70 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar, xalqaro tashkilotlarning yuqori darajadagi uchrashuvlari amalga oshirilmoqda.
Parlamentlararo hamkorlik doirasida:
- Parlament vakillari O‘zbekiston va Ozarboyjonda o‘tkazilayotgan Prezident va parlament saylovlarida, turli xalqaro tadbirlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida muntazam ishtirok etib kelmoqda;
- 1995 yildan buyon ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Savdo sohasida hamkorlik:
- Mamlakatlar o‘rtasida erkin savdo rejimi o‘rnatilgan. 1998 yildan beri hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya (HQK) faoliyat ko‘rsatmoqda. HQKning 12 ta yig‘ilishi o‘tkazildi;
- Energetika, mashinasozlik, metallurgiya, transport, qurilish materiallari, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalarda umumiy qiymati 4,5 mlrd. dollardan ortiq bo‘lgan 50 dan ortiq investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari portfeli shakllantirilgan;
- 2023 yilning 7 oyi davomida ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 143,9 mln. dollarni (+42,9 foiz) tashkil etdi.Eksport – 62,7 mln. dollar, import – 81,2 mln. dollar;
- O‘zbekiston hududida Ozarboyjon kapitali ishtirokida 203 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan 66 tasi qo‘shma korxona va 137 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan;
- 2023 yil fevral oyida O‘zbekiston va Ozarboyjon ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan Investitsiya jamg‘armasini tashkil etdi.
















