Qatar milliy muzeyi poytaxt shahar, Dohada joylashgan. U 2019 yildan beri ommaga qatarliklarning uzoq tarixi va bugungi kungacha erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berib keladi.
Muzey dizayni o‘z vaqtida fransuz arxitektori Jan Nouvel tomonidan yaratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, fransiyalik mutaxassis binoning fasadini yaratishda cho‘llarda uchraydigan kristalldan ilhomlangan. Kristall tashqi ko‘rishdan atirgulga o‘xshaydi, shu sabab ham uni “cho‘l atirguli” deb nomlashadi. Shundan kelib chiqib, muzey mehmonlari ham “cho‘l atirguli” bo‘ylab sayohat qilishlarini aytishadi.



Bino 11 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, uning har biridan katta taassurotlar olish mumkin. Dastlabki 4 ta bo‘lim hududning flora va fauna olami haqida. Bu bo‘limni aylanish davomida Qatarning iqlim sharoiti, u yerda qanday hayvonlar yashab o‘tgan, hozirda ularning qanday turlari mavjudligi, qolaversa, qanday o‘simliklar o‘sishini ko‘rish mumkin. Bo‘limning interaktiv qurilgani uning o‘ziga xosligi hisoblanadi. U yerda nafaqat ko‘rish, balki dengiz, cho‘l, undagi hayvonlarning ovozini eshitish, his qilish ham mumkin. Zamonaviy texnologiyalar shunga imkoniyat yaratgan.







































