Jamiyat | 16:02 / 09.09.2023
25051
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘pxotinlilik targ‘iboti uchun javobgarlik: qonunchilikda yangi o‘zgartirishlarga nima sabab bo‘ldi? 

Qonun loyihasi bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bunga qonuniy nikohi bo‘lmagan oilalarda tug‘ilgan farzandlar soni ortayotgani sabab bo‘lgani aytildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlarimiz ushbu qonun loyihasini tasdiqlashdi. Qonun loyihasi bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu masala keng muhokama qilindi. Biz qonunga normalarning kiritilishiga nima sabab bo‘layotgani va uning huquqiy oqibatlari haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmahmatova bilan suhbatlashdik.

“So‘nggi vaqtlarda respublikamizda qonuniy nikohi bo‘lmagan, faqatgina diniy rasm-rusumlar orqali tuzilgan nikohlar soni ortib bormoqda. Buning ortidan esa o‘z o‘zidan ko‘pxotinlilik holati oshib boryapti. Achinarlisi, mana shunday qonuniy nikohi bo‘lmagan oilalarda tug‘ilgan farzandlar soni ortyapti. Bu esa ijtimoiy muammolar vujudga kelishiga sabab bo‘lyapti.

Fuqarolarimiz diniy rasm-rusumlar orqali nikoh tuzilganda qonunga murojaat qilishmaydi, ammo bu nikoh muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, aliment undirish, otalikni belgilash, meros masalalarida esa bevosita qonunga murojaat qilishga majbur bo‘lishyapti. Bu vaziyatda ular o‘zlarining qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun qonun ham ularning manfaatlarini himoya qila olmayapti.

Deputatning aytishicha, bu holatda diniy rasm-rusumlar orqali turmush qurgan ayollar va ularning oilasida dunyoga kelgan farzandlarining haq-huquqlari poymol bo‘lishiga olib kelyapti. Natijada jamiyatda huquqlari ta’minlanmagan, ko‘ngli o‘ksik bolalar paydo bo‘lyapti.

O‘zbekistonda 2020 yilda 16000dan ortiq chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi bilan qayd etilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu raqam 19000dan ortiqni tashkil etgan.

“Raqamlarning oshishiga ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilishning ham ta’siri katta. Bu qonun loyihasini ishlab chiqishda Indoneziya, Turkiya, Hindiston kabi davlatlar tajribasida bu o‘rganildi.

Biz hammamiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanamiz. Yangiliklar tasmasidagi har o‘nta xabardan bittasi ko‘pxotinlilikni targ‘ib qiladi. Qonunga kiritilayotgan normada ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish huquqbuzarlik hisoblanadi. Bunda omma oldida rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Ya’ni ko‘pxotinlilikning afzalliklarini aytish, targ‘ib qilish, shunga jalb qilish rag‘batlantirishga kiradi.

Bundan tashqari xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini inkor etish  – bu jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Buning uchun huquqiy asoslar bo‘lishi kerak. Bu holat sud tartibida ko‘riladi, agar yetarlicha asoslar bo‘lsa ma’muriy javobgarlikka olib boradi. Masalan, kimdir chiqib ayollar va erkaklar teng huquqli emasligi, ayollar faqat uyda o‘tirishi kerakligi haqida gapirsa, natijada bundan ruhlangan erkak oilasida ayolni kamsitib, huquqlarini cheklashi mumkin. Mana shunday holatlarda ma’muriy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi”.

Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Mavzuga oid