E-TIR tizimi, haydovchilar huquqlari va Afg‘oniston orqali yuk tashish - Bojxona qo‘mitasi vakili bilan suhbat
Hozirgi kunda xalqaro yuk tashuvlar sohasida chegara bojxona postlari elektronlashtirilgan holda faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramay, joylarda yuk mashinalarining navbatlarda qolib ketishi holatlari uchrab turibdi. Bojxona qo‘mitasi xodimi Elyor Hakimovning aytishicha, bu muammoni hal etishda qo‘shni davlatlar bojxona postlarining hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
13 sentabr kuni Toshkentda xalqaro avtomobil transporti konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 11 ta xalqaro tashkilot, 29 ta mamlakatdan 93 nafar delegatsiya vakillari ishtirok etib, xalqaro yuk tashuvlarida yuzaga kelayotgan muammolar, logistika masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tadbirda mahsulotlar tashuvida bojxonadan o‘tish, bu jarayonning E-TIR elektron tizimi orqali raqamlashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Bojxona qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Elyor Hakimovning aytishicha, E-TIR tizimi O‘zbekiston tovarlarining xorijiy bozorlarga chiqishiga bo‘lgan vaqt sarfi, xarajatlarni qisqartiradi.
“Bu tizim yuklarni xalqaro tashishda chegaralardan o‘tishda qo‘shimcha hujjatlarni, qo‘shimcha pulli ta’minoti, qo‘shimcha bojxona ko‘rigi jarayonlaridan ozod qiladi. Shuning uchun buning yo‘lga qo‘yilishi tadbirkorlar hamda transport bozori uchun ahamiyatli.
Ammo bu tizimda ham muammolar bor. Birinchisi uning qog‘oz hujjatlariga bog‘lanib qolgani. Lekin 2 yil oldin, 2021 yilda Jyeneva konvensiyasi ma’muriy qo‘mitasida hujjatning 11-ilovasi qo‘shilib, imzolangan. Unga ko‘ra, E-TIR elektron tizimi yuridik asosga ega sifatida amaliyotda kuchga kirdi. Bugungi kunda qo‘mitaga a’zo mamlakatlar E-TIRʼga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
Shuni aytish lozimki, dunyoda birinchi bo‘lib E-TIR platformasiga o‘tgan mamlakat O‘zbekiston hamda Ozarboyjon hisoblanadi. O‘tgan yili dekabr oyidan boshlab shu tizim asosida ishlanishi boshlandi. Shu yilning so‘ngigacha Markaziy Osiyo davlatlari ham shu tizimga ulanadi va elektron tranzit E-TIR operatsiyalarini amalga oshirishga imkoniyat yaratiladi”, – dedi Elyor Hakimov.
Xalqaro yuklarni bojxonadan olib o‘tish jarayoni hali to‘laqonli ravishda elektronlashtirilgani yo‘q. Elyor Hakimovning aytishicha, bunga tranzit mamlakatlarning bojxona tizimi raqamlashtirilmagani sabab bo‘lmoqda.
“Misol uchun, O‘zbekistondan Yevropaga tashqi yuk almashinuvi tashkil etilsa, tashuv amalga oshirilgan barcha tranzit mamlakatlarida shu tizimlar integratsiya qilinishi kerak. Bugungi kunda O‘zbekiston bojxona qo‘mitasida E-PERMITʼning ham, E-TIRʼning ham to‘liq integratsiyasi amalga oshirilgan. Transport operatsiyalarini amalga oshirish uchun boshqa mamlakatlarda ham shu integratsiya jarayonlarini amalga oshirish kerak. Shuning uchun bu bir yillik ish emas, juda katta kuch va xarajatlar jalb qilinishi kerak bo‘ladi.
O‘ylaymizki, o‘rta koridorning aktivizatsiyasiga qarab turibmiz, agar shu yo‘nalishda ish davom etaversa, yil so‘ngigacha Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu mexanizmlarni joriy etishga erishamiz”, – deydi u.
Bojxona postlaridagi tirbandlik
Hakimov chegara bojxona postlarida yuzaga kelayotgan tirbandlik muammosi qanday hal qilinishi, bu borada qanday yechimlar taklif qilinayotgani yuzasidan berilgan savolga ham javob berdi.
Uning ta’kidlashicha, xalqaro yuk tashuvlar masalasi boshqa mamlakatlar bilan bog‘langani uchun ham navbatlarda qolib ketish faqat O‘zbekistonga aloqador muammo emas.
“O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi tomonidan chegaralardagi tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Tirbandliklar masalasi faqatgina O‘zbekistonga taalluqli emas, bu yerda ko‘rilishi kerak bo‘lgan ko‘p jihatlar bor. Chegara bojxona postlarida qo‘shni mamlakatlarniki ham ishlaydi. Bu jarayonda ularning hamkorligi juda muhim.
Oxirgi yillarda chegara bojxona postlarimizni rekonstruksiya qilyapmiz. Misol uchun, “Yallama”, “Olot”, “Do‘stlik” chegara bojxona postlari to‘liq rekonstruksiya qilingan. Bu bojxona postlarining hozirgi quvvatini 4-5 barobarga oshirishga erishildi. Lekin faqat infratuzilmani yaxshilash, postlarni kengaytirish asosiy vazifa emas. Bilasiz, bojxona sohasi xodimlari tomonidan raqamlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Barcha chegaradagi tizimlarni oldindan elektron tarzda amalga oshirish uchun imkoniyatlar yaratilyapti. To‘liq elektron tizimga o‘tish tashuvchilar, tadbirkorlardan maxsus bilim, ko‘nikma talab qiladi.
Bugungi kunda barcha jarayonlarni: deklaratsiya taqdim etish, to‘lov qilish, ruxsatnoma hujjatlarini olish elektronlashtirilmoqda. Bu esa chegarani kesib o‘tishda vaqtni tejaydi, tashuvchiga bo‘lgan bosimni kamaytiradi”, – dedi Bojxona qo‘mitasi vakili.
Yuk tashuvchilarning huquqlari qanday himoya qilinadi?
Tashqi savdoda yuk tashish jarayonida haydovchilarning huquqlari buzilishi holati ham uchrab turadi. Bojxona qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Elyor Hakimovga ko‘ra, ishtirokchi tomonlarning ko‘p bo‘lishi sabab bunday holatlar ayniqsa avtotransport haydovchilari bilan yuzaga keladi.
“Faoliyat davomida bu [tashuvda jalb etilgan] tashkilotlar xalqaro normalarga amal qilishi lozim. Bu yo‘nalishda Jyeneva konvensiyasi mavjud, ya’ni xalqaro avtomobil transport tashuvlari konvensiyasi qabul qilingan. Unga ko‘ra, transport shartnomalarini belgilash borasida qo‘llanmalar berilgan. Shunga muvofiq, ish haqini tashuvchiga to‘lash, tashuvchilar qanday vazifani bajarishi belgilangan.
Aytib o‘tish kerak, ba’zida kontragen davlatlar bilan ishlanganda shunday muammolar bo‘lishi aniqlanadi. Bu holatlarda biz konvensiya talablariga amal qilinishini, muammolar yuzaga kelganda tegishli vazirlik, idoralarga murojaat qilishni tavsiya beraman. Agar bunday vaziyatlar muntazam ravishda davom etsa, BMT yoki boshqa xalqaro organlarga murojaat qilish kerak. Chunki bunda xalqaro huquq normalariga asosan ishlanishi kerak”, – dedi u.
Haydovchilarning Afg‘oniston orqali Pokistondan yuk tashish jarayoni qanday ketmoqda?
O‘tgan yilning yozigacha “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishida yuklarni faqat pokistonlik haydovchilar tashiyotgan edi. 2022 yil iyunidan boshlab ilk marta bu marshrut bo‘ylab o‘zbeklar ham yuklarni olib o‘tishni boshladi. O‘shanda Toshkentdan Karachiga borib mol olib kelgan vatandosh haydovchilar Kun.uz'ga bergan intervyusida bu safar mashaqqatli, biroz xavfli o‘tgani haqida so‘zlab berishgandi. Xo‘sh, hozirda bu tashuvlar qanday amalga oshirilmoqda? Elyor Hakimov shu savolga ham javob berdi.
“Bugungi kunda janub yo‘nalishida, ya’ni Afg‘oniston, Pokiston yo‘nalishida tashuvlar hajmi ortgan. Bu koridor O‘zbekiston strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalish hisoblanadi.
Bunda ayrim muammolar ham mavjud. Chunki bu koridorda hali ko‘p tashuvlar amalga oshirilmagan, Afg‘oniston yo‘nalishidagi ba’zi dovonlar mavsumga qarab yopiladi, bu esa tashuvchilarga birmuncha ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqaradi.
Bojxona organlari tomonidan javob bersam, bugungi kunda chegara bojxona postlaridagi jarayonlarni elektronlashtirganimizdan tashqari, xavfni boshqarish tizimini joriy etganmiz. Qo‘limizdan kelgancha, bu yo‘nalishda yuklarni tashishda yordam berishga harakat qilyapmiz”, – dedi bojxona vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yilning boshida bu yo‘nalishda kuniga o‘rtacha 10-15 ta avtotashuvlar amalga oshirilgan, hozirga kelib bu raqam 150-200 taga chiqqan. Shu sabab ham bu yo‘nalish aktiv fazaga o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
17:40 / 14.11.2024
Buxoro amirligi davriga tegishli qadimiy tangalarni olib chiqib ketishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi
23:41 / 13.11.2024
O‘zbekistonga 245 mln so‘mlik qo‘l soatlar va zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga uringan shaxslar to‘xtatildi
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
17:56 / 06.11.2024