O‘zbekiston | 10:18 / 15.09.2023
9780
5 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasiga bozor kirib bormasa, yildan yilga ko‘proq tovon to‘laymiz

Iqtisodchi Otabek Bakirov energetika islohoti zarurati haqida so‘z yuritib, taqchillik bilan bog‘liq har qanday masalani yechish uchun to‘g‘ri rag‘batlarni yaratish kerakligini ta’kidladi. “Bugun boshlasak, ancha uzoq muddat ketadi, lekin bu ishni ertaga qoldirsak, bu aniq – svet ham bo‘lmaydi, gaz ham bo‘lmaydi”, deya yozadi u.

Foto: Kun.uz

Energetika krizisi bir kunda yuzaga kelmagan, bunga bir necha yillar va xatolar sabab bo‘lgan. O‘zbekistonda gaz qazib olishda 2011 yildan beri pasayish davom etib kelyapti, elektr energiyasi generatsiyasida 2019 yilgacha o‘sish bo‘lmagan, 2020 yildan boshlab esa 20 foiz o‘sish kuzatildi. Ammo bu o‘sish iqtisodiy o‘sish va aholi soni oshishidan ortda qolyapti. Bu o‘sish sezilmayapti degani.

2009 yilda gaz qazib olish 68 mlrd kubga chiqqan va bu O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Agar O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasiga qarasangiz, gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish maqsadlari qo‘yilgan – ammo zaxiralarning kamayib borayotgani bu kutilmani zaiflashtiradi.

Ortga qarasak, 2017 yildan keyin yangi siyosat asosida O‘zbekiston oldiga juda katta maqsadlar – ochiq bozorga qarab yurish, dunyo iqtisodiyotiga integratsiya kabilar qo‘yildi. Bularning hech birini energetika islohotisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Bugungi muammolar energetika sohasida ayrim masalalarni yechishda orqada qolib ketganimiz sababli yuzaga kelmoqda.

Har qanday defitsit (taqchillik) bilan bog‘liq masalani yechish uchun unga rag‘bat berish kerak. Non defitsit bo‘lsa, non ishlab chiqarishni ko‘paytirishga, bug‘doy defitsit bo‘lsa, bug‘doy yetishtirishga rag‘bat qo‘yish kerak.

2019 yilda bajarilishi kerak bo‘lgan narxlar bilan bog‘liq rag‘batni ishlab chiqaruvchiga, sotuvchi va sotib oluvchiga bermadik. Butun dunyoda yagona energetika bozori mavjud emas, mintaqaviy bozorlar bor. Misol uchun, Sharqiy Yevropada bitta, G‘arbda, Amerikaning o‘zida ham shimol va janubida mintaqaviy bozorlar bor.

Biz hech bo‘lmasa, o‘z hududimizda, possovet hududidagi bozorlarda mavjud bo‘lgan energiya narxlariga narxlarimizni yetkazishimiz kerak. Buning hisobidan birinchidan, sohaga investitsiya olib kiramiz. Biz shu paytgacha [energetikaga] qarz olib tikdik, investitsiya emas. Investorlar o‘zi qiziqish bildirib, pul tikishni boshlardi – qazib olishga ham, elektr energiyasi generatsiyasiga ham.

Yana bir muhim narsa – har qanday defitsit tovarning narxi bozor narxidan karrasiga farq qilsa, o‘zingizni uni tejashga undamaysiz – aholi bo‘lsangiz ham, biznes vakili bo‘lsangiz ham.

Bundan tashqari, asosiy gaz qazib chiqaruvchilar ishlab chiqarayotgan gazini sotishi va ketgan xarajatini qoplashi, kelasi yillarda gaz qazib olish uchun yangi texnologiyalar va yangi geologiya-qidiruv ishlariga pul kerak. Biz qazib olayotgan gazimiz shu vaqtgacha investitsiya sarflangan va yetib borilgan quduqlardan qazib olinmoqda. Qazib olishni oshirishimiz kerak, [ammo] bunga ham rag‘bat yo‘q, qo‘pol qilib aytganda pul yo‘q. Davlatda ham, xususiy biznesda ham pul yo‘q.

Tariflarni bozorga yaqinlashtirsak, foyda bo‘ladimi deb savol qo‘yilyapti. Bu og‘ir savol. Birdaniga bozor muvozanatlashmaydi, birdaniga ishlab chiqarish oshib qolmaydi, birdaniga tashqaridan 5 mlrd kub gazni shartnoma qilib sug‘urib ololmaymiz, birdaniga bu ishni bajara olmaymiz. Qisqa qadamlar bilan 1,5-2 yilda muvozanatlashamiz.

Hozir esa gaz qazib olishga rag‘bat yo‘q, transportirovkaga rag‘bat yo‘q, elektr ishlab chiqarishga rag‘bat yo‘q. Chunki bozor yo‘q. Bugun boshlasak ancha uzoq muddat ketadi, ammo sabr ham yupqalashgan. Lekin bu ishni ertaga qoldirsak, bu aniq – svet ham bo‘lmaydi, gaz ham bo‘lmaydi. Jismonan bo‘lmaydi, shunchaki hech kimga bo‘lmaydi.

Soha korxonalari qiyofasida biz energetika sohasiga bozor kirib bormagani uchun juda katta tovon to‘lamoqdamiz va bu tovon summasi yildan yilga oshib bormoqda. Raqamlarda aks etmagan ziyonni-ku hech bir qiymat bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Otabek Bakirov,
iqtisodchi

Mavzuga oid