Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy pozitsiyasi shakllanishi kerak” - ekspertlar bilan suhbat
Dushanbeda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari qanday mavzularni qamrab oldi? Ilhom Aliyevning bu uchrashuvda ishtirokiga sabab nima? “Maslahatlashuv” formati amalda institutlasha oladimi? Toliblar qurayotgan Qo‘shtepa kanali MO davlatlariga qanaqa ta’sir qilyapti? “Geosiyosat”ning ushbu sonida shu kabi masalalar muhokama qilindi.
O‘tgan hafta oxirida Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz mintaqamiz uchun muhim siyosiy anjuman haqida so‘z yuritish uchun “Geosiyosat” dasturiga “Bilim karvoni” markazi siyosiy tahlilchilari Farhod Tolipov va Nargiza Umarovani taklif etdi.

— Markaziy Osiyo davlatlarining maslahatlashuv kengashi bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Ekspert sifatida sizlar kutgan va kutmagan yangiliklar nimalar bo‘ldi?
Farhod Tolipov: Sammit natijasiz bo‘lgani yo‘q, muzokaralar bo‘ldi, hujjatlar qabul qilindi. Lekin men kutganchalik natijalar bo‘lmadi. Balki, hali yangiliklarni eshitarmiz. Qo‘shma bayonot qabul qilingan, ammo hali matni e’lon qilinganicha yo‘q. Yaxshi bayonotlar chiqib qolar deb umid qilamiz.
Sammit arafasida maqolalar, murojaatlar orqali o‘z fikrlarimizni rahbarlarga yetkazishga harakat qildik. Ayrim takliflarimizga e’tibor qaratildi. Bu maslahatlashuv kengashi boshqalaridan farqli ravishda beshinchisi, ya’ni barcha 5 ta davlatda bir martadan bo‘lib, bitta sikl ortda qoldi, shuning uchun bir necha oy balki unda olamshumul bayonotlar, kelishuvlar bo‘lar, deb muhokama qildik. Oldingi maslahatlashuv uchrashuvlarida bunchalik kutishlar, ramziy ma’no berishlar bo‘lmagandi. Dunyodagi geosiyosiy jarayonlar ham Markaziy Osiyo davlatlarining yanada jipslashuvini talab qilayotgan edi. Lekin bu jarayon juda sekin ketyapti. Xuddi minali maydonda yurganday sekin, ehtiyotkorona bo‘lyapti.
Biz kutganimiz: institutlashgan organlarni yaratish vaqti kelgandi. 90-yillar boshida bunday amaliyot bo‘lgan, tajribamiz, sinovimiz bor. Umuman, institutlashgan organlar bo‘lmagani uchun jarayon ham sekin ketyapti.
Nargiza Umarova: Aksariyat ekspertlar bu sammit alohida ahamiyat kasb etishi, keyingi institutlashgan bosqichga o‘tish haqida gapirgan edi. Kutilganchalik bo‘lmadi, lekin bu narsa haqida o‘ylangani yo‘q deyolmayman. Barcha davlat rahbarlari baribir shu yo‘lda birgalikda davom etishni bildirishdi. Masalan, Qozog‘iston prezidenti keyingi hamkorlikni institutlashgan darajaga olib chiqishimiz kerak, dedi. Shavkat Mirziyoyev ham shu pozitsiyani ilgari surdi. Qolgan prezidentlar ham turli ifodalar orqali buni bildirdi.
Men uchun kutilmagan holat Ozarboyjon prezidentining ishtiroki bo‘ldi. Chunki baribir ekspertlar nazdida besh davlat uchrashuvi edi bu. Ozarboyjon bilan uchrashuvlar boshqa formatda bo‘lgani yaxshi edi. Chunki bu 5 davlat alohida bir oiladek gap. Ozarboyjon tomoni bilan asosan transport logistika va savdo-iqtisodiy masalalar ko‘tarildi. Bu jarayon shundoq ham ketayotgandi. Lekin ramziy ma’no kasb etgandek bo‘ldi bu sammitga kelib muhokamalarda qatnashishi.
Umuman, sammitda Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish kayfiyati ko‘rinib turdi. Shavkat Mirziyoyev 5 yillik kelishuvlarning ijrosini ham nazorat qilish haqida gapirdi. Chunki ba’zi sohalarda shunchaki kelishuv, deklaratsiya holida qolib ketyapti, amalda bo‘lmayapti.
— 15 sentabrda Orolni qutqarish jamg‘armasi ta’sischilari uchrashuv o‘tkazdi. Shavkat Mirziyoyev Qo‘shtepa kanali haqida gapirdi. Markaziy Osiyo davlatlari Qo‘shtepa kanali borasida yakdil qarorga kela oladimi?
Farhod Tolipov: Shavkat Mirziyoyevning bu masalani ko‘tarishini dadil qadam deb qabul qildim. Chunki shu paytgacha yuqori darajada ko‘tarilmagan edi bu masala. Masalani qay tarzda gapirgani ham muhim. O‘tgan oyda O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston prezidentlari uchrashganda Qo‘shtepa kanali ham muhokama qilingandir, deb taxmin qilgan edik suhbatlarda. Dushanbedagi sammitga o‘sha uchrashuv orqali tayyorlanib kelgandek ko‘rindi.
Bayonotda mintaqada suv masalalarida yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi, hujjatlar orqali muvofiqlashtirmagan edik, Afg‘oniston bilan muloqotga kirishish kerak, degan fikr aytildi. Shunday yuqori darajada aytilgan ekan, endi kun tartibidan tushmaydi bu masala.
Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Odamlar eng tez va sekin qariydigan mamlakatlar aniqlandi
Jahon | 21:57 / 17.07.2025
Jinoyat olamida bunaqasi kam uchraydi: yashirin ustaxona va g‘oyib bo‘lgan 276 ta mashina
Jamiyat | 13:40 / 16.07.2025
20 iyuldan boshlab 1-2 kunga xorijga chiqqanlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydi
Iqtisodiyot | 19:31 / 15.07.2025
Bolalarni itdek vovullatgan «defektolog»ga yangi jinoiy ish ochildi
Jamiyat | 18:06 / 15.07.2025
So‘nggi yangiliklar
Mavzuga oid

10:42 / 18.07.2025
“Isroil mintaqada boshqa qudratli davlat shakllanishini xohlamaydi” - siyosatshunos

11:29 / 15.07.2025
“Putin ham, Tramp ham 50 kundan keyin nima qilishni bilmaydi” - siyosatshunoslar

11:30 / 13.07.2025
Donald Tramp Ukraina tomonga o‘tdimi?

21:05 / 11.07.2025