O‘zbekiston | 16:27 / 19.09.2023
19539
4 daqiqa o‘qiladi

Bo‘zatovda maktablar oldida emas, tuman bo‘yicha umuman svetofor yo‘qligi ma’lum bo‘ldi

2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yanvar-sentabr oylarida YTHlar oqibatida 5 nafar voyaga yetmagan bola vafot etgan, shuningdek 45 nafari jarohatlangan. Umumiy jabrlanganlarning 39 nafari maktab o‘quvchilari hisoblanadi.

2022 yilgi statistikaga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda va bir qancha viloyatlarda 2 mingdan ortiq yo‘l kesishmalarida svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatilmagani aniqlangan.

Shu yilning 15 sentabr kuni Bo‘zatov tumaniga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari o‘tishi kerak bo‘lgan yo‘l qismiga svetofor yoki tezlikni pasaytiruvchi to‘siqlar va belgilar o‘rnatilmagani aniqlandi.

«Maktab katta yo‘lga yaqin joylashgan, shuningdek markaziy bozorga ham yaqin. Ayniqsa, haftaning juma kuni tumanda «bozor kuni» bo‘lgani uchun yo‘llarda transport vositalari keskin ko‘payadi», — deydi maktab o‘quvchilaridan biri.

Maktabda 5–11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar ikki smenada o‘qiydi. Ertalabki va tushdagi vaqtda navbatchi muallimlar qo‘llariga qizil bayroq ko‘tarib o‘quvchilarni yo‘ldan o‘tkazib qo‘yadi.

Bo‘zatov tumani hokimligi matbuot xizmati boshlig‘i Rustam Jangabergenov bergan ma’lumotga ko‘ra, haqiqatan ham maktab yo‘lida tezlikni pasaytiruvchi belgilar yoki to‘siqlar o‘rnatilmagan. «Tuman bo‘yicha haligacha svetofor yo‘q», — deydi Jangabergenov.

Tuman hokimligi ikki yildan beri ushbu masala bo‘yicha «Open budjet»ga tashabbus kiritib kelayotganini ma’lum qildi.

Hozir tuman bo‘yicha 4 ta joyga: Berdaq guzari – Qoraqalpog‘istonning 60 yilligi ko‘chalari kesishmasi, Amir Temur – Qoraqalpog‘istonning 60 yilligi, Berdaq guzari – A.Dosnazarov ko‘chalari kesishmalariga 3 komplekt va ixtisoslashtirilgan maktab oldidagi yo‘lga svetofor o‘rnatilishi uchun jami 600 mln so‘m ajratilishi taklif qilingan.

Tashabbusli budjetga qo‘yilgan loyihalar.

«Svetofor masalasi bo‘yicha tuman aholisidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Hozirgi kunda tumanda ichki yo‘llarda o‘nlab ishlar amalga oshirilmoqda, lekin, svetofor o‘rnatish uchun mablag‘ ajratilmagan», — deydi Bo‘zatov tumani hokimining yoshlar siyosatini ijtimoiy rivojlantirish va madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nizamatdin To‘remuratov.

Qayd etib o‘tish joiz, yil boshidan beri tumanda bolalar ishtirokida birorta ham YTH sodir etilmagan.

Tumanda 2023 yilning ikkinchi mavsumida faqat bitta tashabbus g‘olib deb topilgan.

Yuqorida qayd etilganidek, muallimlar ayni paytda maktab o‘quvchilarini yo‘ldan xavfsiz o‘tkazib qo‘yish uchun qizil bayroq ko‘targan holda ish olib borishmoqda. Biroq bu qonun bilan taqiqlangan: chunki bu ish o‘qituvchilarning asosiy vazifasiga kirmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil noyabr oyida piyodalar o‘tish yo‘lida maktab o‘quvchilarining xavfsiz o‘tishini cheklab turgan Amudaryo tumani XTBga qarashli 22-sonli maktab o‘qituvchisini mashina urib yuborgan va oqibatda muallimning oyoqlari jiddiy shikastlangan. Oradan ko‘p o‘tmay piyodalar o‘tish qismiga yotiq to‘siqlar o‘rnatilgani haqida xabar berilgan edi.

Ayzada Amangeldiyeva,

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti

jurnalistika fakulteti talabasi

Mavzuga oid