Janubni ruslarga kim topshirgandi? Ukrainadagi eng rezonansli ish tafsilotlari
Ukrainada bir yildan oshiq vaqtdan buyon mamlakatning janubiy hududlarini «taslim qilish» ishi bo‘yicha ish tergov qilinmoqda. Unga «Zalujniy ishi» deb ham nom berishgan. Qrim va mamlakatning materik qismini bog‘lovchi ko‘priklarni portlatmagan harbiylar - shubha ostida.

Foto: BBC Russian
2022 yil 24 fevrali tongida Rossiya qo‘shini yashin tezligida Qrim bilan bog‘lovchi bo‘yinni bosib o‘tishadi va Ukrainaning materik qismida harakatlana boshlashadi. Yarim kun ichida rossiyaliklar 200 kilometrdan ortiq masofada ichkari kirishadi va Xersonga olib o‘tuvchi Antonov ko‘prigiga yetib kelishadi. Bir necha kun o‘tib hajmi Shveytsariyanikidan kattaroq hududlar egallab olinadi.
Shundan buyon ukrain jamoatchiligi nega bunday bo‘lgani haqidagi savollarni bot-bot berib kelmoqda. Nima uchun Qrim bilan bog‘lovchi hududdagi ko‘priklar portlatilmagan, nima uchun mudofaa tegishli tartibda tashkil etilmagan va nega bu yo‘nalish qo‘shimcha kuchlar bilan kuchaytirilmagan?
Huquq-tartibot organlari esa o‘z surishtiruv ishlarini olib bormoqda. BBC tor siyosiy doiralarda «Zalujniy ishi» deb ataluvchi ushbu ish tafsilotlarini aniqlashga harakat qilib ko‘rdi.
Janub qanday bosib olingandi?
Cho‘ng‘ar bo‘g‘ozi va Qrim yarimorolini materik qismi bilan bog‘lovchi tor bo‘yin, mudofaa yaxshi tashkil etilgan holatda, amalda yengib o‘tib bo‘lmas to‘siq deb hisoblanardi. Ammo barchasi butkul boshqacha rivojlandi.
Cho‘ng‘ardagi ko‘priklar portlatilmadi, Xerson oblasti ichkarisi tomon tezkorlik bilan harakatlangan Rossiya qo‘shini son jihatdan va texnikalar bo‘yicha ustunlik qilgani tufayli ukrain harbiylari chekinishga majbur bo‘ladi.

Oradan bir yarim yil o‘tdi, Ukraina Xerson shahrini qaytarib oldi, jamoatchilikda esa hamon «janubni kim topshirgani» masalasida muhokamalar davom etmoqda. Kimdir Qrim bo‘ynidagi ko‘priklar portlamaganiga bosqin arafasida xoinlar u yerdagi portlovchi moddalarni zararsizlantirganini sabab sifatida keltirsa, boshqalar rossiyaliklarning diversiya guruhi simlarni kesib tashlagani portlashlar ro‘y berishiga imkon bermaganini aytadi. Shuningdek, xizmatga loqaydlik bilan qarash versiyasi ham bor — unga ko‘ra, hech kim hech narsaga tayyorlanmagan va hech qayerni minalashtirmagan.
Bu masalada hukumat rasmiylari ham tez-tez izoh berib turibdi. Ammo bunda fikrlar ikkiga bo‘lingan. Mudofaa vazirligi va Bosh shtab kerakli joylar minalashtirilgani, ammo ukrain harbiylari son jihatdan o‘n barobar ustun qo‘shinga qarshi turishiga to‘g‘ri kelganini iddao qiladi. Bu holatda ko‘priklar portlatilishi vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasdi, degan fikrda harbiy qo‘mondonlikning ayrim vakillari.
«Barcha yo‘qolib qolgan, ko‘priklar portlatilmagan» deb baqirayotganlarning barchasi, birinchi navbatda, harbiylarga quloq soling. Va ular sizga aytishadi, u yerda Qrimdan ko‘priklar orqali emas, quruqlik orqali o‘tish mumkin bo‘lgan yana o‘nta yo‘l bo‘lgan. Va shuning uchun ko‘priklar portlatilishi rossiyaliklarning bu yo‘nalishda oldinga yurishiga ta’sir ko‘rsata olmasdi. Buni hozirda siyosiy muxolifatda bo‘lgan harbiy generallardan biri aytgan, men birinchi bo‘lib undan eshitganman», — degandi sobiq mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov.
Keng ko‘lamli bosqin boshlangan vaqtda Ukrainaning «Janub» qo‘shinlar guruhiga qo‘mondonlik qilgan va shu uchastka uchun javobgar bo‘lgan general-mayor Andriy Sokolov esa yaqinda «Ukrainskaya pravda» uchun bergan intervyusida rossiyaliklarning tezlik bilan oldinga yurishiga ular ukrainlardan 20-25 marta ko‘p bo‘lgani sabab bo‘lganini aytgan.
Rossiya artilleriyasi minalangan dalalarga zarba bergan, rossiyaliklar radioaloqani o‘chirib qo‘yishgan, mexanizatsiyalashgan kolonnalar esa Qrimdan chegara orqali yashin tezligida o‘tib kelgan. Sokolovning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar Qrimdan bostirib kelgan mahalda mamlakat janubida bo‘lgan kuch va vositalar yurishni to‘xtatish va Ukrainaning materik qismidagi hududlar ishg‘ol etilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunchaki yetarli emasdi.
«Bizga qarshi 22-armiya korpusi to‘liq tarkibda, yaxshi tayyorgarlikka ega 58-Shimoliy Kavkaz armiyasi va 7-desant-shturm diviziyasining yarmi harakat qildi. Bu juda ko‘p. Ularda artilleriya va boshqa barcha vositalar mavjud edi. Qolaversa, havo qismlari — taxminan 140 samolyot, 60 vertolyot va Qora dengiz flotining kemalari», — degandi general.
Sokolov shuningdek portlatilishi mumkin bo‘lgan ko‘priklar Cho‘ng‘arda joylashganiga e’tibor qaratgan. Ammo Armyansk va Perekopsk orqali Chaplinka yoki Kalanchakka o‘tishda ko‘priklar yo‘q edi va bu yerda Rossiya armiyasi uchun Xerson va Nova Kaxovka yo‘nalishida quruqlik orqali o‘tish yo‘li mavjud edi.
«Qrim shuning uchun ham yarimorol deb ataladi, u materik qismi bilan ko‘priklarsiz ham quruqlik orqali bog‘lamlarga ega», — degan general.
Nashr muxbirlari bilan suhbatlashgan harbiylar tasdiqlashicha, o‘shanda bu hududda bo‘lgan kuch va vositalarda rossiyaliklarning Janubga yurishini to‘xtatish uchun hech qanday imkon yo‘q edi.
«Urushga tayyorlanish, brigadalar sonini ko‘paytirish, hududiy mudofaa kuchlarini o‘z vaqtida tayyorlash va shug‘ullantirish, harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish, armiyani qurollantirish kerak edi», — deydi BBC bilan suhbatda Bosh shtab vakili.

Volodimir Zelenskiy va uning jamoasi vakillari esa bu masalaga ancha tanqidiy yondashib, tergov o‘tkazish va aybdorlarni aniqlash zarurligini ta’kidlamoqda.
«Siz bilan biz tushunamizki, agar qaysidir shaharcha yoki shahardan ketilsa, hamma ketadi. Kimdir qolsa — u asir tushadi yoki halok bo‘ladi. Tashlab chiqqanlarni esa tekshirish kerak, kim chiqqan va kim qanday buyruq olganini. Ular sotqinlarmi yoki buyruq bo‘lganmi?», — deya bu vaziyatga izoh bergandi mamlakat prezidenti shu yil yanvarida jurnalistlar qarshisida. U shuning uchun jinoiy ish ochilgani va aybdorlar aniqlanishini qo‘shimcha qilgandi.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov rossiyaliklar nima uchun Qrimdan Xerson oblastiga bu qadar tez harakatlangani bo‘yicha yakuniy javob hozircha yo‘qligini bildirgan — barcha umid tergovdan. Ukraina razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov esa agar ukrain qo‘shini Cho‘ng‘ardagi o‘tish yo‘llarini portlatganida urush butunlay boshqacha kechgan bo‘lishiga ishonchi komil: «Agar o‘tish yo‘llari portlatilgan bo‘lganida va ilk soatlar biroz boshqacharoq rivojlanganida, Rossiya armiyasi bunday tezlikda harakatlana olmagan bo‘lardi. Bu aksioma».
Rada deputatlari hatto ushbu masala bo‘yicha Bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyni tegishli qo‘mitaga chaqirtirishgan. Bu uchrashuv ishtirokchilari aytishicha, general barcha sa’y-harakatlarni urushga va g‘alabani yaqinlashtirishga chaqirgan, chunki Janub okkupatsiyasi tarixida «barchaning o‘z haqiqati bo‘ladi».
Ammo parlamentdagilar bu surishtiruv bugungi kunda ham muhim bo‘lib ulgurganini aytishadi. «Buning uchun kimdir javob bermog‘i lozim. Biz axir Janub bu qadar tez bosib olinishi shunchaki ro‘y bermaganini bilamiz. Demak, u yerda qandaydir kamchiliklar bo‘lgan. Bu yo‘nalishda mudofaa uchun mas’ul bo‘lgan aniq odamlar bor edi», — degan BBC bilan suhbatda milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mita kotibi Roman Kostenko. Uning o‘zi ham Rossiya bosqini boshlangan mahalda Mikolayiv shahri va uning atrofidagi aholi yashash manzillari mudofaasida bevosita ishtirok etgan.
Harbiylardan aynan nimalarni so‘rash kerakligi borasida Kostenkoning ishonchi komil: ularga qanday buyruqlar berilgan, ularda bosqin haqida ma’lumot bo‘lganmi, qanday vazifalar qo‘yilgan va bu vazifalar qanchalik bajarilgan
«Tergov aniqlab berishi kerak bo‘lgan savollar ko‘p», — degan deputat.
Tergov boshlanishi
Xerson oblastida yetarli darajada himoyalanmagani va bu uning tezda okkupatsiya qilinishiga olib kelgani bo‘yicha ish Davlat tergov byurosi tomonidan urushning ikkinchi oyidayoq — 2022 yil 11 aprelida ochilgandi. O‘tgan vaqt ichida surishtiruv ishlari bo‘yicha ma’lumotlar juda kam.
2023 yil martida byuro BBC Ukraina xizmati so‘roviga javoban ish Jinoyat kodeksining 111-moddasi 1-qismi va 425-moddaning 3-qismi bilan tergov qilinayotgani haqida ma’lum qilgan — bu davlatga xiyonat va harbiy xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi moddalar.
Bunda gap Rossiyaning Ukrainaning materik qismi ichkarisiga kirib borishiga to‘sqinlik qilish uchun ko‘priklar va to‘g‘onlarni minalashtirishni noto‘g‘ri tashkil etish haqida boradi.
«Bu o‘z navbatida Xerson va Zaporijjya oblastlari hududlarini vaqtincha okkupatsiya qilish, ukrain himoyachilari va tinch aholi vakillarining o‘limi, dushman tomonidan ushbu regionlar infratuzilmasi yo‘q qilinishi bilan bog‘liq og‘ir oqibatlarga olib kelgan», — degan BBC suhbatdoshi.
Dastavval «Janubning taslim qilinishi»ni maxsus xizmatdagi xoinlar — Ukraina xavfsizlik xizmatining Qrimdagi bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oleg Kulinich (go‘yoki aynan u qo‘shinlar dislokatsiyasi va mahalliy infratuzilmalar haqidagi barcha ma’lumotlarni rossiyaliklarga bergani aytilgandi), shuningdek UXXning
Xerson oblastidagi boshqarmasi sobiq boshlig‘i Sergey Krivoruchko bilan bog‘lagandi.
Oleg Kulinichni 2022 yil iyulida Kiyevda ushlashadi. Tergovchilar uning Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorligiga oid faktlar aniqlanganini aytishgandi.
U jinoiy tashkilot tuzish, davlatga xiyonat qilish, dezertirlik (bosqin boshida Xersondan Kiyevga qochib kelish), quroldan noqonuniy foydalanish, shuningdek Rossiyaga davlat sirlari hisoblanuvchi ma’lumotlarni yetkazishda gumonlangan. Ukraina xavfsizlik xizmati sobiq mulozimi ushlanishi bilan darhol hibsga olingan va tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Uning ustidan sud jarayoni 17 oktyabr kuni boshlanadi.

Sergey Krivoruchko 2022 yilda general unvonidan mahrum etilgan, lekin, OAV ma’lumotiga ko‘ra, haligacha unga nisbatan jinoiy ish ochilmagan.
Ukraina XX sobiq rahbari Ivan Bakanovning qo‘li ostidagi mulozimlarning ismi-sharifi «Janubni taslim qilish» va Xersondagi ko‘priklar minalarsiz qolishi konteksti yo‘q joydan paydo bo‘ladi — bu haqda hukumat vakillari o‘z izohlarida ayta boshlashadi. UXXning yangi raisi Vasiliy Malyuk ham bu aloqadorlik haqida gapiradi.
2022 yil dekabrida «1+1» telekanaliga bergan intervyusida u Kulinich bir paytlar Janubda aksilterror mashg‘ulotlar o‘tkazgani va buni aksilterror markaz rahbariyati bilan kelishmagani haqida aytgan. Va bu mashg‘ulotlar Rossiyaning bosqinga tayyorgarligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.
Ammo BBC surishtiruvida aniqlanishicha, Oleg Kulinich Ukraina xavfsizlik xizmatining boshqa xodimlari kabi Janub okkupatsiya bo‘yicha ish figuranti emas. Ma’lum bo‘lishicha, bu ishga faqatgina Ukraina qurolli kuchlari harbiylari jalb etilgan.
Ishda kimlar figurant bo‘lishi mumkin?
BBC ma’lumotiga ko‘ra, bu ish bo‘yicha hali hech kimga ayblov e’lon qilinmagan, ammo katta ehtimol bilan bu yaqin vaqtlar ichida ro‘y berishi mumkin. Ish bir yarim yildan buyon tergov qilinmoqda, hozirgacha guvohlar so‘roq qilinmoqda. Va bu oddiy kechayotgani yo‘q.
Ishonchli manbalardan ma’lum bo‘lishicha, tergovchilar generallar va harbiy qo‘mondonlik vakillaridan iborat butun bir ro‘yxatni so‘roq qilishgan. Ular orasida — mudofaa kuchlari qo‘mondoni Sergey Nayev, «Janub» qo‘shinlar guruhining sobiq qo‘mondonlari, xususan generallar Andriy Kovalchuk va Andriy Sokolov, shuningdek, bu guruh tarkibiga kirgan boshqa harbiy tuzilmalar komandirlari bor.

Bu borada Bosh shtabning sobiq boshlig‘i general Viktor Mujyenko ham ko‘rsatma bergan. U 2022 yil 24 fevral tongida oliy harbiy qo‘mondonlikka qo‘shilgan va shtabda qarorlar qabul qilishga ko‘maklashgan.
«Shu yil [2022] 20 fevralida men so‘roq berayotgandim. Bungacha so‘roqda bir yil davomida pauza bo‘lgandi... Qurolli kuchlardan birinchi bo‘lim chaqirilganim meni juda hayron qoldirdi. Menga berilgan savollardan biri bu masalada ma’lum reja mavjud bo‘lganmi va nima uchun bunday bo‘lib chiqdi, degan ma’noda edi. Rejalar bo‘lgan. Nima bo‘lganini esa o‘rganish kerak», — deya bu vaziyatni izohlagan general shu yil martida «Faktlar» nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bosh shtabning yana bir sobiq boshlig‘i, general Ruslan Xomchakni ham so‘roq qilishgan. Xersonning sobiq rahbarlari, jumladan 2021 yil oktyabridan 2022 yil iyuligacha Xerson oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i bo‘lgan, 2023 yil 16 sentabr kuni Kiyevda jonsiz topilgan Gennadiy Laguta ham ko‘rsatma bergan.
Shuningdek, qator manbalar tasdiqlashicha, bu ish bo‘yicha tergov doirasida tergovchilar Valeriy Zalujniy bilan ham suhbatlashish uchun kelishgan. BBC ma’lumotiga ko‘ra, bosh qo‘mondon hozircha bu ish bo‘yicha protsessual statusga ega emas va so‘rovga rasmiy chaqiruv ham bo‘lmagan. Ammo vaqt o‘tib bunday status paydo bo‘lishi istisno etilmaydi. Voqealarning bunday rivoji ehtimolini hisobga olgan holda tor siyosiy doiralarda Janub okkupatsiyasi haqidagi ishni allaqachon «Zalujniy ishi» deb atay boshlashgan.
BBC Zalujniyning bu tergovga aloqadorligi bo‘yicha aniqlik kiritish uchun Davlat tergov byurosiga so‘rov yuborgan, ammo u yerdagilar ma’lumot taqdim etishni rad qilishgan. Vakillari ushbu jarayonda qo‘shma tergov guruhida ishtirok etayotgan UXX ham ma’lumot berishdan bosh tortgan. Maxsus xizmatdagilar bu ishda asosiy tergov organi DTB ekani, shuning uchun barcha savollar — byuroga berilishi kerakligini ta’kidlashgan.
Shuningdek, tergovchilar bosqin boshlanganida Janubni mudofaa qilish bilan shug‘ullangan 59-alohida motoo‘qchilar brigadasi sobiq komandiri, polkovnik Oleksandr Vinogradovni so‘roq qilishgan. Bu ish doirasida jami ellikdan oshiq kishi guvohlik bergan.
Biroq, tergovchilar o‘sha voqealarning asosiy ishtirokchilaridan biri, 24 fevral kuni Qrim bilan chegarada xizmatda bo‘lgan shaxsga, u 2023 yil iyulida «Ukrainskaya pravda» nashriga o‘sha voqealar haqida intervyu bermagunicha, umuman tegishmagan. Harbiy Ivan Sestrivatovskiy Cho‘ng‘ardagi ko‘priklarni portlatishi kerak bo‘lgani, ammo negadir bu ish o‘xshamay qolganini gapirgan. Va ushbu dengiz piyodasi shu vaqtga qadar uni hech kim so‘roq qilmaganini aytgan.
«Rasmiy tergov hozirgacha menga chiqmadi. Harbiy boshliqlar ham men bilan bu voqea haqida gaplashishmadi. Balki bu men reabilitatsiya jarayonida bo‘lganim, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganim uchundir. Baribir men ular bilan gaplashishimga to‘g‘ri keladi», — degandi Sestrivatovskiy.
O‘sha intervyusida ushbu harbiy ko‘priklar minalashtirilgan bo‘lganini aytgan. 24 fevral kuni aynan u ko‘priklarni portlatishga uringan, ammo mexanizm ishlamagan. Keyin esa u ketishga uringan, ammo ulgurmagan va rossiyaliklarga asir tushgan. Dengiz piyodasi bunga rossiyaliklar hududni yoppasiga o‘qqa tutishi oqibatida simlarga shikast yetgani yoki diversantlar ishi sabab bo‘lganini taxmin qilgan.
Davlat tergov byurosidagilar BBC so‘roviga javoban Sestrivatovskiy baribir so‘roq qilinganini ma’lum qilgan. Bu amalda uning intervyusi chiqishi bilanoq ro‘y bergan.
«Fuqarolar harbiylarni sud qilishi»
Bu ish bo‘yicha BBC bilan suhbatda bo‘lgan harbiylar tomonidan berilgan asosiy savol - Davlat tergov byurosining fuqarolik tergovchilari bunday ishni olib borishi qanchalik to‘g‘ri ekani haqida bo‘lgan. Axir ularda ko‘pincha harbiy tajriba bo‘lmaydi, ular, ayniqsa, urush olib borish va harbiy qarorlar qabul qilishda tegishli tajribaga ega bo‘lmaydi. Qolaversa, harbiylar fikricha, bu tergov xolisligiga shubha bor, chunki byuro prezident ofisi bilan aloqador deb hisoblanadi.
NATOning ko‘plab mamlakatlarida bunday ishlar harbiy politsiya tergovchilari tomonidan tergov qilinadi, ammo Ukrainada urushning 9 yilida ham bunday organ tuzilmagan.
Mudofaa vazirligidagilar harbiy adliya modeli ustida ish olib borilayotgani haqida bir necha bor xabar bergan, ammo turli sabablarga ko‘ra bu jarayon juda sekin kechmoqda.
Gap Harbiy huquqni muhofaza qilish xizmati negizida yangi tuzilma — Harbiy politsiya tashkil etish haqida ketmoqda. Uning asosiy vazifalari harbiylarga qarshi ishlarni tergov qilish bo‘lishi kerak. Tegishli qonun loyihasi allaqachon ishlab chiqilgan, u parlamentda ma’qullash jarayonidan o‘tmoqda.
Prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi «Sluga naroda» fraksiyasi harbiy adliya tizimi bo‘yicha ishlar faol davom etayotgani va yil oxirigacha qarorlar qabul qilinishi kutilayotganini aytadi. Parlamentdagi milliy xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maryana Bezuglaning so‘zlariga ko‘ra, DTB tergovchilari asosiy e’tiborni harbiylarga emas, amaldorlar va rasmiy shaxslarga qaratishi kerak. Buning uchun harbiy tergovchilar va harbiy sudlarni o‘z ichiga oluvchi alohida harbiy adliya tizimi tashkil etilishi kerak.
Ammo Janub okkupatsiyasi ishida yana bir jihat mavjud. Harbiy doiradagilar jamoatchilik talabini tezda qondirish uchun ularni aybdor qilib ko‘rsatishni istashayotganidan xavotirlanishmoqda. Zero, ularning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada urush boshlangandagi voqealardan tashqari ungacha bo‘lgan voqealarni tekshirishning ahamiyati ham katta. Xususan, umuman olganda mamlakat urushga qanday tayyorlangani, hukumat bu yo‘nalishda qanday qarorlar qabul qilgani yoki qabul qilmagani va armiyani maksimal darajada kuchaytirish va uni mudofaaga tayyorlash uchun nimalar qilgani.
General Sokolovning ta’kidlashicha, unda rejaga ko‘ra Qrim yo‘nalishini yopish uchun ko‘zda tutilgan to‘rt brigada o‘rniga faqat bir yarimta bo‘lgan. Belarusdan tortib Qrimgacha bo‘lgan hududlarni qamrab olish uchun qo‘shinlar yetishmagan. Shuning uchun, generalning hisoblashicha, mamlakatda bosqin boshlanishidan avvalroq safarbarlik e’lon qilinishi yoki boshqa yo‘l bilan armiya sonini tezda oshirish talab etilardi.
Bosh shtabdagi manbalar bu tergov harbiy qo‘mondonlikka ma’lum ma’noda bosim ko‘rsatayotgani haqida ham aytishgan. Prezident ofisi vakili esa bu hech qanday bosim emasligi, shunchaki jamoatchilik kim aybdor ekani haqidagi savolga javob olishni istayotganini bildirgan.
«Biz bunday ish borligi, unda harbiylar figurant ekanidan xabardormiz. Nima uchun ko‘priklar portlatilmagani, rossiyaliklar esa bu qadar tez kirgani va Xersonni egallab olganiga oydinlik kiritish kerak», — degan prezident ofisidagi manba. Va shunday qo‘shimcha qilgan: «Ukraina qurolli kuchlari nizomi bor, harbiylar esa shu nizom bo‘yicha harakat qilishi kerak. Ularga "Ko‘priklarni portlating!" deb prezident buyruq berishi kerak emas, harbiylar joydagi vaziyatdan kelib chiqqan holda ish tutishi kerak. Tergov buni tekshirishi kerak».
Ukraina armiyasi mustaqillik tarixida ilk bor bunday keng ko‘lamli tajovuzkorlik bilan to‘qnash keldi va bu jihatni ham e’tiborga olish kerak, deb hisoblaydi sobiq ko‘ngilli, endi esa Ukraina qurolli kuchlari harbiysi, dengiz piyodasi Oleksandr Karpyuk.
«Zaxiralar va resurslar bo‘lmagan. Biz radioelektron kurash vositalari, raketalar, aviatsiya bilan ilk bor to‘qnashdik. Kuchlar nisbati 1:20 edi. Men to‘g‘ri tushundimmi - fuqarolik jamiyati aviatsiya, raketa va 20 barobar ko‘p bo‘lgan raqibga qarshi tura olmagani uchun harbiylarni qoralayaptimi?» — deya ritorik savol qo‘ygan u.
Karpyukning so‘zlariga ko‘ra, surishtiruv o‘tkazish — harbiylar o‘sha sharoitda amalga oshirishi kerak bo‘lgan barcha harakatlarni amalga oshirganmi yoki yo‘q, buning uchun ularda kuch va vositalar bo‘lganmi yoki yo‘qligiga oydinlik kiritadigan to‘g‘ri ish.
Ammo global miqyosda, bu vaziyatga biroz boshqacha qarash kerak: «Bu o‘rinda barcha aybdor. Va divanda o‘tirgan, keyin esa fuqarolik majburiyati bo‘lishiga qaramay chamodanlarini olib, mamlakatdan qochib ketgan odamlar ham. Keng ko‘lamli bosqinga tayyorlanmagan hukumatga ham savollar bor».
Barcha hisob-kitoblarga ko‘ra, jumladan G‘arb ekspertlari baholashicha, Ukraina Rossiya ishga solgan kuch va vositalardan kelib chiqqan holda bardosh bera olmasligi kerak edi.
«Ammo Ukraina qurolli kuchlari mo‘jiza ko‘rsatishdi», — deydi Karpyuk.
Va harbiylar mudofaaga qanday tayyorlangani haqidagi savolga javob qidirish bilan bir vaqtda umuman mamlakat urushga qanday tayyorlanganini tahlil qilish kerak, aks holda kartina noto‘liq bo‘lib qoladi, deb qo‘shimcha qilgan u.