“Media plus” loyihasi Toshkent shahar nogironlar jamoat birlashmasi “Sharoit plus” tomonidan Yoshlar ishlari agentligi donorligida tashkil etilgan. U nogironligi bo‘lgan yoshlarning mediasavodxonlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan va ishtirokchilar kurslarda 2 oy davomida bepul o‘qiydi.

Hozirda O‘zbekistondagi eng nufuzli nashrlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, taniqli blogerlar kurslarda dars bermoqda. Kun.uz muxbiri “Media plus” ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Foto: Media Plus

“Farzandimga namuna bo‘lishni xohlayman” – Feruza Qurbonova

TATU magistrantiman. Kitob o‘qishga qiziqaman, bo‘sh vaqtlarimda to‘qish ishlari bilan shug‘ullanaman.

Kurslar davomida menga eng yoqqan dars – faktlarni tekshirish bo‘ldi. O‘zingizga kerakli biror ma’lumot o‘qiyapsiz, shu ma’lumot qanchalik rost yoki yolg‘on xabarligini aniqlash juda muhim. U feyk yoki yolg‘on aralashgan bo‘lishi mumkin. Xullas, darslarda faktlarni tekshira olishni o‘rgandik.

Foto: Media Plus

Bundan tashqari qanday tarzda maqola yozish, unda qanday so‘zlarni ishlatish mumkin yoki mumkin emasligini bilib oldik. Bizning fikrlashimizga ancha ta’sir qildi darslar. Maqsadim ham shunaqa – o‘zimning bilimimni oshirish, miyamda tinch uxlab yotgan hujayralarimni uyg‘otish edi. Farzandim bor, u uchun hamma narsani o‘rganishga tayyorman. Chunki unga namunali ona bo‘lishni xohlayman. Bolaga namuna bo‘la olsangiz, “sen buni qilgin, buni qilma” deya olasiz. Shunda u sizga qarab, “siz o‘zingiz qila olmayapsiz-ku”, demaydi.

“Yolg‘on to‘riga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerakligini o‘rgandim” – Zuhra Ismoilova.

18 yoshdaman, kitob o‘qish, jurnalistikaga qiziqaman. Kelajagimni ham shu sohada ko‘raman. O‘qiyman, ishlashga vaqtim yo‘q. Men “Media plus” kursiga kelganimdan xursandman, chunki media sohasiga oid bilmagan bilimlarimni aynan shu kursdan olyapman.

Eng yoqqan dars – faktcheking bo‘ldi. Chunki hayron qolardim, yolg‘on xabarlarni qanday qilib aniqlash mumkin yoki yolg‘on to‘riga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak deb o‘ylardim. Darslar orqali bu to‘rga tushib qolmaslik yo‘llarini, qanday qilib faktlarni tekshirishni o‘rgandim. Orzu qilgan maqsadlarimga loyiha orqali birma-bir erishyapman.