Jahon | 08:17 / 18.10.2023
6901
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Eronga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi

Yevropa Ittifoqi bayonotida aytilishicha, Islom Respublikasining yadroviy va raketa dasturlariga aloqador Eron jismoniy va yuridik shaxslari Yevropa jazo choralariga tortilishda davom etadi.

Foto: Getty Images

Yevropa Ittifoqi yadroviy kelishuvni buzgani uchun Eronga qarshi sanksiyalarni saqlab qolishga qaror qildi. Bu haqda 17 oktyabr, seshanba kuni dpa xabar berdi. Bundan tashqari, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga qarshi sanksiyalar hamda qurol va raketalarni sotishga qo‘yilgan taqiq uzaytirilmoqda.

Sanksiyalarning uzaytirilishi Yevropa Ittifoqining Islom Respublikasi yadroviy va raketa dasturlariga aloqador Eron jismoniy va yuridik shaxslarini jazolashda davom etishini anglatadi. Yevropa Ittifoqi bayonotida qayd etilishicha, bu qaror Tehronning HAMAS guruhini qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq emas. 

Eron bilan yadroviy kelishuv 

2015 yilda Eron AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyani o‘z ichiga olgan «oltilik guruhi» bilan qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini imzoladi. Reja Eronning yadroviy dasturini cheklash evaziga unga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlashni nazarda tutgan edi, biroq 2018 yilda o‘sha paytda Donald Tramp prezident bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar kelishuvdan chiqishini va Eronga qarshi cheklov choralari qayta boshlaganini e’lon qildi. Tehron, o‘z navbatida, kelishuvni bajarishdan bosh torta boshladi. 

Boshqa narsalar qatori, Eron Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan hamkorlik qilishdan va yadroviy inshootlarida uranni boyitish bo‘yicha ma’lumot berishdan bosh tortmoqda. Tehronga ko‘ra, Eron yadroviy dasturi mamlakatda yadro energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy va ishlab chiqarish faoliyati majmuasidir, biroq AQSh va boshqa qator davlatlar Eronni yadroviy qurol yaratish bo‘yicha maxfiy ishlarda gumon qilmoqda. 2021 yil aprel oyidan beri Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, AQSh va Fransiya Eron bilan qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini asl shakliga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 

Kelishuv 2015 yilda tuzilganidan keyin Eronga nisbatan sanksiyalarning bir qismi bekor qilingan, biroq ularning bir qismi 2023 yil 18 oktyabrda tugaydi. Endi Yevropa Ittifoqi bu sanksiyalarni uzaytirishga qaror qildi, deya tushuntiradi dpa. 

Mavzuga oid