Jahon | 10:31 / 26.10.2023
13250
4 daqiqa o‘qiladi

«G‘azodagi vaziyat vijdonimizdagi dog‘ bo‘lmoqda» – urush boshidan beri sektorda 2,3 mingdan ortiq bola halok bo‘lgan

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida boshlangan mojarolar oqibatida 2 ming 360 nafar bola halok bo‘ldi va 5 ming 364 bola turli darajada jarohatlangan. G‘azo sektoridagi deyarli har bir bola vayronagarchilik, tinimsiz hujumlar, ko‘chish, oziq-ovqat, suv va dori-darmon kabi zaruriy ehtiyojlarning jiddiy tanqisligiga duchor bo‘lmoqda.

Foto: UNICEF/UNI448902/Mohammad Ajjour

Bu har kuni o‘rtacha 400 dan ortiq bola o‘layotgani yoki jarohatlanayotganini bildiradi, deyiladi UNICEF axborotida. Bundan tashqari, Isroil tarafdan ham 30 dan ortiq bolalar hayotdan ko‘z yumgan.

«Bolalarni o‘ldirish va mayib qilish, ularni o‘g‘irlash, kasalxonalar va maktablarga hujumlar qilish va insonparvarlik yordamini rad etish – bolalar huquqlarining jiddiy buzilishidir. UNICEF zudlik bilan barcha tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga, insonparvarlik yordamiga ruxsat berishga va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqiradi.

Hatto urushlarning ham qoidalari bor. Tinch aholini, ayniqsa bolalarni himoya qilish kerak va ularni har qanday sharoitda saqlab qolish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish kerak», – degan UNICEF'ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Adele Xodr.

G‘azo sektoridagi deyarli har bir bola vayronagarchilik, tinimsiz hujumlar, ko‘chish, oziq-ovqat, suv va dori-darmon kabi zaruriy ehtiyojlarning jiddiy tanqisligiga duchor bo‘lmoqda.

«G‘azo sektoridagi vaziyat jamoaviy vijdonimizdagi dog‘ bo‘lmoqda. Bolalar o‘limi va jarohati darajasi hayratlanarli darajada ko‘p. Bundan ham qo‘rqinchlisi shundaki, agar keskinlik yumshatilmasa va insonparvarlik yordami, jumladan oziq-ovqat, suv, tibbiy buyumlar va yonilg‘i olib kirilishiga ruxsat berilmasa, har kuni qurbonlar soni ortib boraveradi», degan xalqaro tashkilot vakili.

Yonilg‘i – G‘azodagi shifoxonalar, tuzsizlantirish zavodlari va suv nasos stansiyalari kabi muhim obektlar ishlashi uchun katta ahamiyatga ega. Isroil Misr bilan chegarada joylashgan Rafahdan kirayotgan kichik miqdordagi insonparvarlik yordamlari tarkibida hududga yonilg‘i ham kiritilishiga ruxsat bermayapti. BMT rasmiylari ham agar G‘azoga rostdan yordam berish xohishi bo‘lsa, ko‘proq gumanitar yordam va yonilg‘i berish kerakligini aytgan.

Yonilg‘i yetishmovchiligi nafaqat shifoxonalar, balki hududda suv muammosini ham keltirib chiqarmoqda. G‘azoda dengiz suvidan sho‘rni ajratib oluvchi infratuzilmalarga zarar yetgan. Bu esa bemorlar va bolalar ifloslangan suv ichishiga olib kelmoqda. Natijada kasalliklar va o‘lim yana ko‘payishi mumkin.

G‘azo sektoridagi tinch aholi va bolalar bilan yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash uchun UNICEF tomonlarni quyidagilarga chaqirgan:

  • zudlik bilan gumanitar sulh tuzish;
  • gumanitar yordam, jumladan, suv, oziq-ovqat, tibbiy buyumlar va yonilg‘i G‘azoga xavfsiz, barqaror va to‘siqsiz kirishi uchun o‘tish joylarini ochish;
  • shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj odamlar G‘azoni tark etishiga ruxsat berish yoki ushbu tibbiy xizmatlarni olish imkoniyatini taqdim etish;
  • aholi va bolalar hayotini saqlash uchun – boshpana va maktablar, sog‘liqni saqlash, elektr, suv va sanitariya inshootlari kabi fuqarolik infratuzilmalarini asrash, bemor va yaradorlarga yordam ko‘rsatish.

Mavzuga oid