Iqtisodiyot | 19:01 / 01.11.2023
13793
3 daqiqa o‘qiladi

2023 yilning 9 oyida davlat budjeti taqchilligi YaIMga nisbatan 6 foizga yaqinlashgan

Uch chorak yakunlari bo‘yicha davlat budjeti defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,8-6 foiz atrofida shakllangan. “Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, davlat budjeti taqchilligi yil yakunida 5,5 foizdan oshmaydi”, dedi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylari davomida davlat budjeti defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,8-6 foiz atrofida shakllangan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhammedov ma’lum qildi.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 9 oylikda davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,8-6 foizni tashkil qilgan. Bunga asosiy sabab hududlardagi fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun yil davomida qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi, kam ta’minlangan oilalarga nafaqa to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha qo‘shimcha pul berildi va ish haqi va pensiyalar miqdori budjet qonunida belgilangan muddatlardan avvalroq oshirildi. Lekin bu yil yakunida taqchillik 6 foiz bo‘lishini anglatmaydi. Uni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”, dedi Muhammedov.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilda budjet taqchilligini 5,5 foizdan oshirmaslik yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

“Odatda yillik budjet taqchilligi ko‘riladi. Davlat budjetining xarajatlari va daromadlari mavsumiy xarakterga ega. Ayrim davrlarda xarajatlar daromadlarga nisbatan yuqori bo‘ladi. Chorakliklar yakuni bo‘yicha defitsitning oshib ketgani yil yakunida ham shunaqa raqam bo‘lishini anglatmaydi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, davlat budjeti taqchilligi yil yakunida 5,5 foizdan oshmaydi. Bu bo‘yicha hamma choralarni ko‘ramiz”, dedi Haydarov.

Ma’lumot uchun, 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan joriy yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan. Qonunga ko‘ra, yil davomida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan defitsitni moliyalashtirish uchun olinadigan qarzlar miqdori 2 mlrd dollardan oshmasligi kerak.

Mavzuga oid