Jahon | 21:42 / 24.11.2023
23024
16 daqiqa o‘qiladi

Islom, immigratsiya va Ukrainaga yordamga qarshi. «Golland Trampi» haqida nimalar ma’lum?

Migrantlarni haqoratlagan va Qur’onni taqiqlashni taklif qilgan, «Nekzit», ya’ni Niderlandiyani Yevroittifoqdan olib chiqish tarafdori sanalgan Gert Vildersning partiyasi saylovlarda g‘olib chiqqan. Ammo u hali bosh vazir bo‘lishi aniq emas.

Foto: Remko de Waal / ANP / AFP / Scanpix / LETA

Niderlandiyadagi parlament saylovlarida Ozodlik partiyasi (PVV) g‘olib bo‘ldi, uning rahbari immigratsiyaga, islom diniga va mamlakatning Yevroittifoqqa a’zoligiga qarshi bo‘lgan, o‘ta o‘ng siyosatchi Gert Vilders hisoblanadi.

Uning g‘alabasi Yevropa siyosatida o‘ng va o‘ta o‘ng partiyalarning o‘sib borayotgan mashhurligi bilan tavsiflangan tendensiyaning davom etishi bo‘ldi.

Ammo Niderlandiyadagi siyosiy tizim shunday tuzilganki, partiyaning bu g‘alabasi Vilders bosh vazirlik kursisini egallashini kafolatlamaydi.

«Niderlandiyalik Tramp»

Vilders anchadan buyon Niderlandiyaning o‘zida ham, xorijda ham mashhur siyosatchilardan sanaladi.

Vilders g‘alabani qizg‘in nishonladi, ammo uning bosh vazir bo‘lishiga hali ancha bor. Foto: REUTERS

Uning otashin nutqlari, muhojirlar va islom diniga qarshi bayonotlari, shuningdek salkam 30 yildan buyon sochini oqqa bo‘yab kelishi unga «niderland Trampi» laqabi qo‘yilishiga sabab bo‘lgan.

Ammo barcha, jumladan Vildersning o‘zi ham, butun siyosiy faoliyatini muxolifatda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi, deb ishonardi.

U 2010 yilda hukumatga kirishga yaqin bo‘lgandi, o‘shanda uning partiyasi hozirda hokimiyatdan ketayotgan Mark Ryutte tomonidan shakllantirilgan hukmron koalitsiyani qo‘llab-quvvatlagandi.

Ammo Vilders o‘sha vaqtdagi ma’muriyatga rasman qo‘shilmagan va hatto bir yarim yil o‘tib budjet masalalaridagi kelishmovchilik tufayli ushbu ma’muriyat iste’foga chiqishiga erishgandi. O‘shanda Ryutte hukumati budjet taqchilligini qisqartirishni va pensiyaga chiqish yoshini bir yilga oshirishni istagandi.

Islom diniga qarshi qat’iy pozitsiyasi Vildersni nafaqat asosiy (meynstrim) partiyalardan uzoqlashtiradi, balki uni radikal kuchlar nishoniga aylantiradi. Shu tufayli Vilders qariyb 20 yildan buyon politsiyaning 24 soatlik himoyasi ostida yashab keladi. Shu bilan birga u hech qanday tahdid uni jim bo‘lishga majbur qila olmasligini ta’kidlaydi.

Vilders bu saylovda Haaga meriyasida ovoz berdi, bu yerga u bahaybat qo‘riqchilar qurshovida tashrif buyurdi, bungacha bino sinchiklab tekshirib chiqilgandi.

Vilders siyosatida islom diniga qarshi kayfiyat qanday rolni bajaradi?

Daniya va Shvetsiyada Qur’on yoqilishiga qarshi Haagada 2023 yil 26 avgust kuni o‘tkazilgan aksiya. Foto: GETTY IMAGES

Aytish mumkinki, asosiylaridan biri. 2009 yilda Britaniya hukumati «jamoa totuvligi va jamoat xavfsizligi»ga tahdid solishini bildirib, uning mamlakatga kirishini taqiqlagandi.

Uni Lordlar palatasi a’zosi va Birlashgan Qirollik Mustaqillik partiyasining sobiq yetakchisi lord Pirson taklif etgandi. O‘shanda Vilders Qur’on qattiq tanqid qilingan 17 daqiqalik «Fitna» filmini namoyish etishi rejalashtirilgandi.

Bu safargi saylovlar arafasida Vilders o‘z saylovchilari doirasini kengaytirishga urinib ko‘rdi va hamon «mamlakatni islomlashtirish»ga qarshi bo‘lsa-da, konstitutsiyaga zid keladigan hech qanday harakat qilmasligini aytdi.

2014 yilda u kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan odamlarni haqoratlashda aybdor deb topilgandi. Haagadagi mitingda u yig‘ilganlarga qarata uchta savol yo‘llaydi: ular Yevroittifoqning roli kamaytirilishini xohlashadimi? Ular Mehnat partiyasi (PvdA)ning siyosatdagi roli kamaytirilishini xohlashadimi va ular mamlakatda va jumladan Haagada marokashliklar kamroq bo‘lishini xohlashadimi? Olomon bu uch savolning barchasiga «kamroq» deya hayqirib javob qaytarishgandi.

Sudda Vilders barcha marokashliklarga emas, faqat jinoyat sodir etuvchi, ishlamaydigan va davlat tayinlagan nafaqa hisobiga kun ko‘ruvchilarga qarshiligini aytadi. 2016 yilda unga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlanadi.

2017 yilgi saylov kampaniyasida u mamlakatdagi ayrim marokashliklarni «chiqindilar» deb ataydi.

Agar hech qanday kutilmagan hodisa ro‘y bermasa, joriy yil oxirida Vilders mamlakat parlamentida eng ko‘p vaqt ishlagan deputatga aylanadi.

U birinchi marta 1998 yilda o‘ng markazchi Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasidan saylanadi va avvaliga hozirgi bosh vazir Ryuttening siyosiy ustozi vazifasini bajaradi.

Vildersning mushuklari va «ularning» tvitterdagi akkaunti

Vilders – Isroilning izchil tarafdori va Niderlandiyaning Ramallohdagi (Iordan g‘arbiy sohilida) diplomatik vakolatxonasini yopib, elchixona Quddusga ko‘chirilishini yoqlaydi.

U o‘z fikrini lo‘nda va ixcham ifodalashni qoyillatadi - bu fikrlar qanchalik ziddiyatli bo‘lmasin: «Biz murosasizlarga uzoq vaqt murosa qildik. Biz murosasizlarga murosasiz bo‘lishimiz kerak», «Badbo‘y muammolarni qorong‘i burchakka yashirib qo‘ygan bilan hid hech qayerga yo‘qolmaydi», «Men – o‘ngchi ham, so‘lchi ham emasman. Men – oddiy odamlar va ularni tashvishga soladigan muammolar haqida qayg‘uraman».

Aytishlaricha, Vilders siyosatdan tashqarida – mehribon kishi va hatto siyosiy raqiblari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan.

Uning ikki mushugi bor: Snute va Plyuse, ularning X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida 23 mingdan ortiq obunachiga ega o‘z akkaunti bor.

Uning partiyasi nimani yoqlaydi?

Vilders partiyadoshlari bilan saylov natijalari e’lon qilinishi vaqtida
Foto: CARL COURT / STAFF

Ozodlik partiyasi va uning yetakchisi bir tanganing ikki tomonidek. Vilders o‘zining otashin nutqlarida aytgan hamma gaplar u yoki bu shaklda partiyaning saylovoldi manifestida aks etgan.

Uning asosiy nuqtalariga qisqacha nazar tashlash shuni ko‘rsatadiki, Vildersning saylovoldi kampaniyasidagi ancha mo‘’tadil bayonotlariga qaramay, partiya siyosatining umumiy yo‘nalishi o‘zgarishsiz qolgan: bu Yevropadagi o‘ng populistik partiyalarga xosdir.

Ozodlik partiyasi quyidagilarning tarafdori:

  • «Kuchliroq va mag‘rur Niderlandiya», qaysiki, niderlandlar yana qadr topadigan mamlakat;
  • «Omad izlovchilar» uchun mamlakatni yopish;
  • «Niderlandlar diskriminatsiyasi»ga chek qo‘yish, ularga turar joy ajratishda ustuvorlik berish;
  • Xalqaro moliyaviy yordamni to‘xtatish: «Niderlandlarning sariq chaqasi ham Bryussel, Italiya, Afrika yoki yana qayergadir ketmasligi kerak»;
  • YeIdan chiqish: «Biz chegaralarimiz, pullarimiz va qonunlarimizni nazorat qilishimiz kerak». Bu masalada referendum o‘tkazish majburiy. Ayni vaqtda mamlakat aholisining aksari YeIdan chiqishni istamaydi, ammo Ozodlik partiyasi koalitsiya hukumatiga kirsa, ushbu bandni talab qiladi;
  • Niderlandiya tarixi va madaniyatiga dunyoviy qadriyatlari bilan ustuvorlik berilishi kerak: «Agar sizga bu yoqmasa, unda keting». «Bizning an’analarimizdan qo‘lingizni torting: Zwarte Piet (Qora Pit, Santa Klausning yordamchisi), Rojdestvo va Pasxa qoladi»;
  • So‘l siyosiy faoliyatning barcha turlari, jumladan, «gender me’yorlari, iqlim jinniligi va xilma-xillik to‘g‘risidagi bema’nilik» kabilarni davlat tomonidan moliyalashtirish va subsidiya berishni to‘xtatish;
  • Hukumat axborotini arab va turk tillarida berishni to‘xtatish.

Ro‘yxatga, shuningdek, vazirlar, mamlakat parlamenti va Yevroparlament deputatlari maoshlarini 20 foizga qisqartirish, qirollik oilasini majburiy soliqqa tortish va ular uchun ajratiladigan xarajatlarni 20 foizga qisqartirish, QQSni kamaytirish, pensiya yoshini kamaytirish va pensionerlar uchun imtiyozlarni kengaytirish kabilar kiradi.

Shunday turli-tuman va’dalar Ozodlik partiyasi saylov yakunlariga ko‘ra birinchi o‘rinni egallab, Niderlandiya partiyasidagi 150 o‘rindan 37 tasini o‘ziniki qilishiga olib keldi.

Bu g‘alaba Vilders bosh vazir bo‘lishini anglatadimi?

Hali Niderlandiya bosh vaziri bo‘lishi kafolatlanmagan Gert Vilders va vakolati tugayotgan bosh vazir Mark Ryutte 2017 yilda

Bu fakt emas. Qolaversa, Ozodlik partiyasining saylovlardagi misli ko‘rilmagan g‘alabasi u va Vildersning siyosiy mag‘lubiyatiga aylanib ketishi ham mumkin.

Hozirda partiya 37 o‘ringa ega - ko‘p, ammo sehrli raqam hisoblanadigan 76 tadan ancha kam. Hukmron koalitsiya o‘z siyosatini amalga oshirish uchun kamida shuncha o‘ringa ega bo‘lishi kerak.

Azaldan Niderlandiyaning siyosiy manzarasi juda ko‘p parchalarga bo‘lingan. Saylov qonunchiligida partiyalar parlamentga kirishi uchun chegara yo‘q, kamida 60 ming kishi ovozini olgan istalgan partiya unga kirishi mumkin. Koalitsiya hukumati, masalan Britaniyadagi kabi istisno emas, balki – norma hisoblanadi.

Ryutte iste’foga chiqayotganini e’lon qilganidan so‘ng (u NATOning keyingi bosh kotibi bo‘lishni ko‘zlagan), uning rahbarligidagi Ozodlik va demokratiya xalq partiyasidan nomzodlar ro‘yxatini Turkiyada tug‘ilgan Dilan Yyeshilgyoz-Zegreus boshqarmoqda, u kelib chiqishiga ko‘ra muhojirlarga mansub bo‘lsa-da, immigratsiyani qisqartirishni yoqlaydi.

Saylovoldi so‘rovlariga ko‘ra, partiya 18 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinda edi va uning o‘zi ham Niderlandiya tarixidagi ilk ayol bosh vazir bo‘lishga intilayotgandi.

Amalda esa partiya parlamentdagi 24 deputatlik o‘rni bilan faqat uchinchi o‘rinda qoldi.

Dilan Yyeshilgyoz-Zegreus bosh vazir bo‘lishi dargumon, ammo bu o‘rin kimga tegishi unga ham bog‘liq
Foto: REUTERS/PIROSCHKA VAN DE WOUW

Ovoz berish boshlanishidan oldin Yyeshilgyoz-Zegreus Vilders bilan ishlashga tayyorligini, ammo uning qo‘li ostida ishlamasligini aytgandi. Ya’ni, u raqibi bilan koalitsiya tuzishga qarshi emas, faqat bosh vazirlik lavozimi berilishi sharti bilan. To‘g‘ri, saylovdan keyin u bir necha marta ritorikani o‘zgartirdi va endi koalitsiyaga kirish masalasi barcha hamkasblari bilan birgalikda hal qilinishini aytmoqda.

Ayni vaqtda Ozodlik partiyasi uchun «Fermerlar va fuqarolar harakati» yetti va ultra o‘ng «Xristian ittifoqi» uch ovoz va’da qilgan.

Ammo 47 o‘rin ham yetarli bo‘lmasligi aniq.

YeIning sobiq komissari Frans Timmermans boshchiligidagi so‘l alyans 25 deputatlik mandati bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.

Vilders bu alyansdan hech narsa umid qila olmaydi, chunki so‘llar saylovdan oldin ham u rahbarlik qiladigan hukumat bilan hech qanday umumiyligi bo‘lmasligini, niderland demokratiyasi va qonun ustuvorligini himoya qilishda davom etishi, mamlakatning barcha aholisi kelib chiqishidan qat’i nazar tengligini ta’minlash uchun kurashishini e’lon qilishgandi.

To‘rtinchi o‘rinni esa 20 mandat bilan yaqinda tuzilgan «Yangi ijtimoiy shartnoma» partiyasi band etgan. Uning rahbari Piter Omzigt hukumat rahbarligiga da’vogarlik qilmaydi, ammo koalitsiya tuzilishida hal qiluvchi ovoz bo‘lib chiqishi mumkin.

Omzigt ham saylovdan oldin Vilders bilan birga ishlamasligini bildirgandi, ammo, o‘z partiyasi qayd etgan  yuqori natijadan keyin variantlarni ko‘rib chiqishga tayyorligini aytdi.

Koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralar qanday kechadi?

Haagadagi Niderlandiya parlamenti binosi. Bosh vazir qarorgohi ham shu yerda joylashgan
Foto: ALEKSANDARGEORGIEV

Bu ba’zilar uchun (masalan, Niderlandiya siyosatiga ixtisoslashgan jurnalistlar uchun) qiziqarli bo‘lsa-da, amalda uzoq va murakkab kechadigan jarayon.

Hozirda barcha manfaatdor tomonlar kimda 76 o‘rinni to‘plash imkoniyati borligini ko‘rib chiqish uchun arifmetika mashqlari bilan mashg‘ul.

Barchasi parlamentning yangi deputatlari kabinetni shakllantirish uchun yig‘ilishidan boshlanadi. Bu jarayon parlament saytida «murakkab va hayajonli» deb ta’riflangan.

Har bir siyosiy partiyaning birinchi ishi «razvedkachi», ya’ni qalin siyosiy o‘rmonda so‘qmoq qidiradigan odamni tayinlash bo‘ladi. U muzokaralarning dastlabki bosqichini o‘tkazadi.

Keyin parlament «informator»ni tanlaydi (2012 yilga qadar uni monarx tayinlardi), uning ishi koalitsiyaning ehtimoliy tarkibi va koalitsiya kelishuvi mazmunini belgilash bo‘ladi.

Qoidaga ko‘ra, bu vazifa manfaatdor tomonlarning hech biriga a’zo bo‘lmagan, uzoq muddatli va  benuqson siyosiy faoliyat tajribasiga ega shaxsga topshiriladi.

Agar barcha kelishuvga erishsa, koalitsiya kelishuvi tuziladi va imzolanadi, yangi hukumat o‘z rejalarini parlamentga bayon qiladi, so‘ngra ishonch votumi bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tadi.

Agar kelishuvga erishilmasa, «informator» iste’foga chiqadi va barchasi qaytadan boshlanadi.

Bu jarayon abadiy davom etishi mumkin, chunki koalitsiyaga kirishi mumkin bo‘lgan har bir partiya o‘z saylov manifestini koalitsiya kelishuviga kiritish va vazirlik lavozimlarini egallash uchun kurashadi.

Iste’foga chiqayotgan Mark Ryuttening hukumatini shakllantirishga 271 kun vaqt ketgandi.

Niderlandiya parlamentidagi partiyalar soni inobatga olinsa, koalitsiyani shakllantirish saylovlarning o‘zidan ko‘ra muhimroq bosqich bo‘lishi mumkin. Tahlilchilarning aksari yangi kabinet 2024 yil yarmidan oldin paydo bo‘lishini kutmayapti.

Ungacha esa mamlakatni Mark Ryutte boshqarishda davom etadi.

Niderlandiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati o‘zgaradimi?

Vilders va Orban Budapeshtda. Ularning qarashlari bir-biriga juda yaqin
Foto: GEERT WILDERS / TWITTER

Vilders Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning siyosiy yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Ukraina YeI va NATOga qabul qilishiga qarshi. Orban birinchilardan bo‘lib Vildersni g‘alaba bilan tabrikladi. «O‘zgarishlar shamoli esa boshladi», — deya yozgan u.

Vilders shuningdek Niderlandiya Ukrainaga taqdim etayotgan harbiy yordamni mamlakat ichida harbiy salohiyatni mustahkamlash va kengaytirish uchun ishlatish ham mumkin deb hisoblaydi.

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Niderlandiya Ukrainaning yirik hamkorlaridan biriga aylangan.

Kil xalqaro iqtisodiyot instituti ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat Ukrainaga qariyb 2,5 mlrd yevro miqdorida harbiy yordam va 1 mlrd dollar moliyaviy yordam ko‘rsatgan.

Mark Ryutte boshchiligidagi Niderlandiya hukumati Ukrainaga keyingi yil yana 2 mlrd dollar miqdorida harbiy yordam yetkazishni va’da qilgan.

Yangi koalitsiya shakllantirilishi davom etarkan, Niderlandiyaning Ukrainaga munosabati o‘zgarmaydi. Undan keyin esa bu hukumat tarkibiga bog‘liq bo‘ladi.

Agar Vilders bosh vazirlik o‘rnini egallashga muvaffaq bo‘lsa ham, uning koalitsiyadagi hamkorlari Ukrainaga yordamni qisqartirishni yoqlashi fakt emas. Shunday ekan, Kiyev sabr qilib kutishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid