G‘azoda ikki kunga uzaytirilgan tinchlik, Kiyevga qaytgan «Skif oltinlari» - Kun dayjesti
Bugungi jahon yangiliklari dayjestida G‘azo sektoridagi tinchlik rejimiga amal qilish, Ukraina frontidagi vaziyatlar, shuningdek ushbu mamlakatga yopiriligan tabiiy ofat oqibatlari tafsilotlarini hikoya qilamiz.
G‘azoda vaqtinchalik otashkesim rejimi davom etmoqda. Tunda yana asirlar va mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yana ikki kunga uzaytirilgani haqida xabarlar tarqaldi va mojaroning har ikki tarafi buni tasdiqladi.
HAMAS harakati tunda 11 nafar garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qildi. Shuningdek, tailandlik yana 6 nafar fuqaro ham ozod qilingan. Asirlar Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirilgan.
Isroil bunga javoban qamoqxonalardan 33 nafar mahbuslarni chiqargan. Ularning 3 nafari ayollar, 30 nafari voyaga yetmagan bolalar.
Isroil HAMAS bilan vaqtinchalik otashkesim to‘g‘risidagi bitimga binoan G‘azo va Misr bilan chegaradagi «Rafah» nazorat o‘tkazish punktida yoqilg‘i va tabiiy guz to‘ldirilgan 8 ta sisternani G‘azoga o‘tkazgan. Shuningdek, anklavga ichimlik suvi, oziq-ovqat, dori-darmonlar ortilgan 200 ta yuk mashinasi kiritilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azodagi gumanitar pauzalarni insoniyat uchun urush zulmatidagi umid nuri va qadami, deb atadi.
Guterrishga ko‘ra bundan «gumanitar pauzalar» juda qiyin vaziyatga tushib qolgan G‘azo aholisiga ko‘proq insonparvarlik yordami yetkazish imkonini beradi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel g‘azoliklar uchun faqat insonparvarlik yordami yetarli emasligini ta’kidladi.
«Erta yo indin o‘ldiriladigan insonlarga oziq-ovqat berishdan bema’ni narsa bormi? Biz G‘azoni bombalashni to‘xtatib, yangi o‘limlarning oldini olishimiz kerak. Insonparvarlik yordami kerak, lekin u yetarli chora emas», — degan Jozep Borrel.
U shuningdek Isroilning O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida noqonuniy yangi yahudiy manzilgohlari qurish to‘g‘risidagi rejalarini qattiq tanqid ostiga oldi.
Hozircha G‘azoda muvaqqat bo‘lsa-da, tinchlik hukm surib turgan ekan ekan, Isroil tomoni tahdid qilishda davom etmoqda. Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant vaqtinchalik tinchlikka amal qilish rejimi tugaganigan so‘ng armiya HAMASga qarshi yanada katta kuch bilan kurashga kirishadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya butun G‘azo sektori bo‘ylab olib boriladi.
Ukraina frontiga o‘tamiz. Ukraina qo‘shinlarining o‘rtacha yoshi juda katta, shu sababli Ukraina qurolli kuchlariga yosh askarlar zarur, deb yozgan Financial Times nashri.
Bunga sabab urush okop va transheyalardagi kichik-kichik piyodalar to‘qnashuvi darajasigacha tushgan, bu esa askarlardan yaxshi jismoniy holat talab qiladi. Ukrainaning jang qilayotgan askalarining o‘rtacha yoshi esa 35-40 yosh atrofida.
Nashrga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga qarshi holdan toydiruvchi uzoq jang olib borolmaydi. Chunki Rossiyada harbiy texnika ham, askarlar soni ham ko‘proq. Ukrainaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va shug‘ullangan qo‘shinlar kerak.
So‘nggi olti hafta ichida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon eng katta yo‘qotishlarga duch kelayotgani taxmin qilinmoqda. Bu taxmin Britaniya razvedkasining yangi ma’lumotlarida ilgari surilgan. Britaniyalik mutaxassislar Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotlariga tayanishmoqda va unga ko‘ra so‘nggi bir yarim oy ichida Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari sutkasiga o‘rtacha 931 askaridan ayrilgan. Yo‘qotishlarning eng katta qismi Avdiyivka shahrini shturm qilish bilan bog‘liq.
NATO davlatlarining yetarli yordami bilan ham Ukraina qo‘shinlari bir yil davomida front chizig‘ini sura olmaganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Bu shunchaki Rossiyaga yetarli baho bermaslik kerak emas, degan faktni tasdiqlaydi, degan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.
Darvoqe, Stoltenbergning vorisi haqida. Niderlandiyaning lavozimini tark etayotgan bosh vaziri Mark Ryutte NATOning keyingi bosh kotibi lavozimiga asosiy nomzod bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiyada o‘tgan so‘nggi parlament saylovlarda Gert Vildersning o‘ta o‘ng Ozodlik partiyasi g‘olib chiqqan. Vilders migrantlar va musulmonlarga qarshiligi bilan dong taratgan Niderlandiyani Yevroittifoqdan olib chiqish tarafdori. Biroq bu populistning koalitsiya tuzib, bosh vazir lavozimini egallashga bo‘lgan urinishi hozircha muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Ukraina va Qora dengiz sohillarida hukm surayotgan murakkab ob-havo ayanchli oqibatlarga olib kelgani ma’lum bo‘ldi. Ukrainaning Odessa oblastida kuchli shamol qor bo‘roni tufayli 5 kishi halok bo‘lgan, 19 kishi jabrlangan. Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, 17 ta oblastda 1,5 mingdan ziyod aholi punktlari elektr ta’minotidan uzilgan.
Rossiya janubi va Qrim yarimorolida sodir bo‘lgan dengiz to‘fonining qurbonlari soni ham 4 kishiga yetgan. Sochi va Novorossiysk shaharlarida yana ikki kishining jasadlari topilgan. Yuz minglab aholi hanuzgacha elektr ta’minotisiz qolmoqda.
Qora dengizdagi to‘fon tufayli minalar bilan bog‘liq xavf-xatarlar darajasi keskin oshgan.
Qora dengizdagi to‘fon o‘nga yaqin fuqarolik kemalariga ham shikast yetkazgan, hozircha Rossiya Qora dengiz floti kemalari zararlangani haqida ma’lumot yo‘q. Rossiyaning urush targ‘ibotchisi bo‘lgan telegram kanallari kuchli to‘lqinlar ko‘rfazlarga, jumladan Sevastopol qo‘ltig‘iga kirish yo‘lini to‘sib turgan bon to‘siqlari buzilib ketgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda. Ukraina qurolli kuchlarining pilotsiz boshqariladigan kamikadze katerlari bundan foydalanishi mumkin. Shuningdek, langarlar bilan mahkamlangan dengiz minalari ham bo‘shalib ketgan bo‘lishi mumkin.
«Skif oltinlari» Ukrainaga qaytarildi. Allard Pirson muzeyi ekspontalarni Ukraina milliy tarix muzeyiga qaytargan.
2014 yilda Kiyevdagi muzey va Qrimdagi to‘rtta muzeydan ekspontlar Niderlandiyadagi «Qrim: Qora dengizning zarlari va sirlari» ko‘rgazmasiga olib ketilgan edi. Rossiya yarimorolni anneksiya qilgach, umumiy narxi 10 mln dollar bo‘lgan 565 dona muzey osori-atiqalarini qaysi davlatga qaytarish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. 2023 yilning iyunida Niderlandiya Oliy sudi Amsterdam appelyatsiya sudining kolleksiyani Ukrainaga qaytarish to‘g‘risidagi qarorini o‘z kuchida qoldirgan edi.
Endi muhim qisqa xabarlar.
Ukrainaning Zakarpattya oblastida lo‘lilar baronini saylash jarayonida katta janjal kelib chiqqan. Janjal asnosida bir kishi boshiga belkurakdan zarba yeb o‘lgan.
AQShdan boshpana so‘rayotgan rosssiyaliklar soni ortib bormoqda. 2022-yilning sentabridan (Rossiyada harbiy safarbarlik boshlangach) 2023-yilning sentabrigacha 57 ming rossiyalik AQShdan boshpana so‘rash uchun ariza bergan, deb xabar beradi AQSh chegara boshqarmasi. Bu avvalgi yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Politico nashri versiyasiga ko‘ra 2023 yilda Yevropaning eng nufuzli insoni, deb topildi. Qizig‘i, o‘tgan 2022 yilda ham nashr Zelenskiyni Yevropaning eng nufuzli insoni deb e’lon qilgan edi.
Putin «Rosneft» va boshqa o‘nlab davlat kompaniyalariga o‘zlari haqidagi informatsiyalarni maxfiylashtirishga ruxsat berdi. Davlat ishtirokidagi 40 dan ziyod Rossiya kompaniyalari g‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lmaslik uchun RF prezidenti farmoni bilan o‘z faoliyati to‘g‘risidagi informatsiyalarni maxfiylashtirish huquqiga ega bo‘lishdi.
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024