Jahon | 19:56 / 05.12.2023
12329
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azo janubiga hujum, yordamsiz qolayotgan Ukraina va prezidentlikni ko‘zlayotgan Konor Makgregor - kun dayjesti

Dunyo diqqat markazida bo‘lib turgan G‘azo va Ukrainadagi vaziyat, shuningdek, jahonda o‘tgan kun davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqea, hodisa va yangiliklar bilan odatdagidek jahon xabarlari dayjestida tanishtiramiz.

Isroil armiyasi HAMAS yetakchilari qochqinlar bilan birga sektorning janubiga ko‘chib yashiringanini gumon qilib, G‘azoning janubiy qismini ham bombalashni boshlaganini avval ham xabar bergan edik.

BMTning G‘azodagi tashkiloti direktori Tomas Uayt Isroil avval xavfsiz zona, deb e’lon qilingan Rafah shahriga ham hujum qilmoqda. «Bolalar va ayollar xavfsiz boshpaga so‘rashmoqda, lekin biz ularga hech qanday yordam ko‘rsata olmayapmiz», degan u.

BMT vakili 7 oktyabrdan buyon G‘azo aholisining 80 foiz aholisi shimoldan janubga ko‘chirilgani, 1,2 mln ichki qochoqlar BMTning G‘azodagi 156 ta obektida jon saqlayotganini ma’lum qildi. U yerda yana 600 mingga yaqin mahalliy aholi ham istiqomat qiladi.

UNICEF vakili Jyeyms Elderning aytishicha, janubdagi hujumlar shimoldagidan qolishmaydi. «Sukut — jinoyatda ishtirok etish. Men G‘azo janubidagi 1,8 million inson haqida o‘ylashdan o‘zimni chalg‘ita olmayapman», degan u.

Falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi BMT agentligi «G‘azoga yetib kelayotgan yordam dengizdan tomchi ekani, G‘azoda o‘tkir ichak kasalliklari 4 barobarga, teri kasalliklari 3 barobarga oshganini ta’kidlagan.

Isroil armiyasi G‘azoning shimolida HAMASni yengib bo‘lmayotganini ta’kidlagan. Armiya vakilining CNN’ga ma’lum qilishicha, hozircha ular HAMAS ustidan aytarli g‘alaba qozona olishmagan va bu hududdagi operatsiya va joylardagi vaziyat o‘ta murakkabligini ma’lum qilgan.

The Wall Street Journal nashrining xabar qilishicha, HAMAS jangovar qanoti tomonidan G‘azo sektori ostida qurilgan 500 kilometrlik tunnellarni dengiz suviga to‘ldirish uchun Isroil butun bir nasoslar tizimini hozirlamoqda. Agar Isroil bu chorani qo‘llaydigan bo‘lsa, shundoq ham suvsizlikdan qiynalayotgan G‘azodagi yer osti chuchuk suvlarini iste’mol uchun yaroqsiz holga keltiradi.

G‘azo hokimiyati matbuot xizmati Islom hamkorligi tashkilotini G‘azo sektoridagi falokatga yechim topishi uchun birlashishga chaqirgan.

Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikolya de Riviyer Xavfsizlik Kengashi G‘azoda gumanitar pauzalarga chorlash bilangina tiyilmasdan, sulh tuzilishi va o‘t ochishni to‘xtatishga erishishi kerakligini aytdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil bosh vazirini Binyamin Netanyahu harbiy jinoyatchi sifatida sud qilinishini ta’kidladi.

Chili prezidenti Gabriel Borich Isroilning G‘azoga hujumi minglab bolalarning o‘limiga olib kelgani, shu sababli Isroil bosqinini noinsoniy shafqatsizlik deb qabul qilish kerakligini ta’kidlagan.

Ukrainadagi yangiliklari. Agar Kongress yangi mablag‘lar ajratmasa, Ukrainaning holiga voy bo‘ladi. Oq uydagilar AQSh Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkaza olmay qolishi mumkin, deyishmoqda.

Kongress tomonidan Kiyevga yordam uchun avval ajratilgan mablag‘larning tagi ko‘rinib qolgan, Jo Bayden administratsiyasi esa Ukrainaga qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazishni davom ettirish qudratiga ega emas. Buni brifingda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan tasdiqlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh senatida Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ovoz berish jarayoni oldidan onlayn chiqish qiladi. Ukrainaga 6 mlrd dollarlik yordam paketini ma’qullash demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi migratsiya sohasidagi islohotlar borasidagi ziddiyatlar tufayli to‘xtab turibdi.

Zelenskiy harbiy masalalarni bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyni aylanib o‘tib generallar bilan muhokama qilmoqda va bu generalning chog‘lanishini pasaytiradi, deb yozmoqda Ukraina OAVlari.

Bosh qo‘mondon bilan orasida ziddiyatlar borligiga qaramasdan, Zelenskiy komandasi Zalujniyning iste’foga chiqarilishiga qarshi. Chunki bu holatda Zalujniyning siyosiy vazni ortib ketadi va uning «Ukraina siyosatining yangi yulduzi»ga aylanishiga yo‘l ochadi, deb yozmoqda ukraina nashrlari.

AQSh mudofaa vazirining yaqinda Kiyevga qilgan tashrifi chog‘ida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Ukrainani ozod qilish uchun 17 millionta snayard va 350–400 mlrd dollar pul kerak bo‘lishini aytgan. «Ukrainskaya pravda» nashrining yozishicha, Ostin «yumshoqroq qilib aytganda, juda taajjubda qolgan, chunki butun dunyo yig‘ilsa ham buncha snaryadni to‘plab bo‘lmaydi».

Ukraina prezidenti ofisi rahbarining yordamchisi Mixaylo Podolyak qurolli kuchlar taktikani o‘zgartirayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ayni kunda ma’lum bir yo‘nalishlarida oldinga siljish, boshqasida mudofaani tashkil qilish bo‘yicha taktikalar o‘zgartirilmoqda. Ukraina qo‘shinlari taktikasida Qrim va Qora dengiz hududida «maxsus strategik operatsiyalar», shuningdek, kritik infratuzilmani himoya qilish uchun sezilarli o‘zgartirilgan raketaga qarshi mudofaa tizimi» ham kiradi.

Rossiya bilan urushdagi murakkab vaziyatda Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainani taqdir hukmiga tashlab qo‘yishlari mumkin, deb yozmoqda Financial Times. Chunki Kiyevga 50 mlrd yevro ajratilishi masalasi tahdid ostida, Vengriya esa Ukrainaning yevroittifoqqa a’zo bo‘lish masalasini barbod qilishi bilan qasam ichmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hafta ichida Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoniga boradi, deb yozmoqda Bloomberg nashri.

Agar possovet davlatlari hisobga olinmasa, bu Putinning Ukrainaga bosqin uyushtirilganidan buyon uchinchi xorijiy tashrifi bo‘ladi. 2022 yilda u Eronga borgan, 2023 yilning oktyabrida esa Xitoyga.

Ma’lum qilinishicha, bu ishchi tashrif bo‘ladi, eng avvalo Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Ungacha Putin Birlashgan Arab Amirliklarida ham ishchi tashrif bilan bo‘lib, foydali muzokaralarda ishtirok etadi.

Qizig‘i, Xitoyga rasmiy tashrif bilan borgan Aleksandr Lukashenko ham Minskka qaytmasdan, yo‘lini Dubayga burgan.

Qish qishligini qilib, qahraton kunlar boshlanmoqda. Yurtimizga ham sovuqlar shimol va g‘arbdan, Qozog‘istondan kirib kelishi kutilmmoqda.

5–7 dekabr kunlari Qozog‘istonga sovuq antitsiklon asta ta’sir eta boshlaydi. Rossiya janubidagi sovuq antitsiklon jabhasi 5-6 dekabr kunlari Qozog‘iston shimoli va g‘arbiga g‘arbdan siklonni tortib, undan kuchli qor bo‘ronlari, kuchli shamol hodisalarini keltirib chiqarishi prognoz qilinmoqda.

6 dekabr kuni Qozog‘istonga shimoli-g‘arbiy sovuq havo oqimining kirib kelishi boshlanadi. 7 dekabrda esa respublikaning shimol va shimoli-g‘arbida havo harorati minimumi –33°S gacha pasayadi.

Ayni paytda Qozog‘istonning shimoliy to‘rtta viloyatida — Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Qo‘stanay va Aqto‘be oblastlarida kuchli qor va yo‘llarda hosil bo‘lgan muzlama tufayli respublika va oblast ahamiyatidagi yo‘llar yopilgan.

Dunyo bozorlarida oltin narxi yangi rekordlar o‘rnatmoqda. 4 dekabr kuni Comex birjasida oltinning bir troya unsiyasi tarixiy rekord 2140 dollarga narxlandi. Avval hech qachon oltinning spot narxi unsiyasiga 2100 dollardan oshmagan edi.

UFC bo‘yicha sobiq chempion Konor Makgregor Irlandiya prezidentligi saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surishi mumkinligini aytdi. Saylovlar 2025 yilda bo‘lib o‘tadi. Makgregor hozir 35 yoshda. U ikki divizionda UFC chempionlik kamarlariga egalik qilgan. So‘nggi jangini 2021 yilning iyulida o‘tkazgan.

Mavzuga oid