Narxi pastlayotgan neft, Gretsiyaga borgan Erdo‘g‘an va taklifi Senatdan o‘tmagan Bayden - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida dunyo diqqat markazida bo‘lib turgan voqea-hodisalar hamda yangiliklarning sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
Jahon birjalarida neftning narxi tushib bormoqda. Eng sifatli Brent markali neftning bahosi so‘nggi besh oy ichida bir barreliga 76 AQSh dollaridan pastlagan.
Narx tushayotganiga bosh sabab sifatida investorlarning OPEC+ davlatlari tomonidan neft qazib olishni ixtiyoriy qisqartirish samara berishiga shubha bilan qarayotgani keltirilmoqda.
Neft narxlariga Xitoy iqtisodiyoti borasidagi xavotirlar va AQSh iqtisodiyotining sekinlashish xavfi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Neft narxiga Saudiya Arabistonining Arab Light markali nefti uchun Osiyo bozorlariga narx pasaytirilishi to‘g‘risidagi qarori ham bosim o‘tkazmoqda.
Neft narxi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoniga tashrifi fonida, shuningdek, uning mart oyidan boshlab neft qazib olishni qisqartirishni to‘g‘risidagi bayonotlariga qaramasdan pasayishda davom etgan.
Kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin avval Birlashgan Arab Amirliklarida, shu kunning o‘zida Saudiya Arabistonida bo‘ldi. Ayniqsa Abu Dabida Putinni nihoyatda dabdaba bilan kutib olingan tasvirlari internetda tarqaldi.
Qayd etib o‘tish kerakki, har ikki arab davlatida muzokaralar mavzusi neft qazib olish va G‘azodagi vaziyat bo‘lgan. Muzokaralar tafsilotlari u qadar oshkor qilinmayapti.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon uchrashuvda Putinni «alohida hurmatga loyiq mehmon», deya ta’riflab, Rossiya va Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqda tinchlik hukmron bo‘lishi uchun birgalikda ish olib borishayotganini ta’kidlagan.
Jahon yetakchilarining xavotirlari va tinchlikka urinishlariga qaramasdan, G‘azoda Isroilning HAMASga qarshi operatsiyasi davom etmoqda.
Isroil armiyasi sektorda HAMAS tomonidan barpo etilgan 500 kilometrlik yer osti tunellarini O‘rta Yer dengizi suvi bilan to‘ldirishni boshlab yubordi. Shuningdek, Isroil armiyasi G‘azo sektorining shimolida HAMAS jangovar qanotiga tegishli qurol-yarog‘lar, raketalar va dronlarni qo‘lga kiritgani tasvirlarini e’lon qildi.
G‘azo shimolida 800 ming aholi tibbiy xizmatdan mosuvo bo‘ldi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil armiyasi sektor shimolidagi tibbiyot infratuzilmasi obektlarini qasddan yo‘q qilmoqda.
Falastin Qizil Yarimoy jamiyati G‘azoning shimolidagi Jabaliya shahrida birinchi yordam markazi ishini to‘xtatdi. Aytilishicha, Falastin Qizil Yarimoy jamiyati tez yordam mashinalarida yonilg‘i tugagan, G‘azo sektorining shimolidagi kasalxonalar faoliyat ko‘rsatmayapti. Ushbu vaziyatlarda jasadlar va yaradorlarni tashish va boshqa ishlarni qilish imkonsiz.
Xalqaro jinoyat sudining bosh prokurori Karim Xon G‘azo sektorida oddiy fuqaralardan iborat aholiga insonparvarlik yordami yetkazishga qasddan to‘sqinlik qilish harbiy jinoyat sanalishidan ogohlantirdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressga esini yig‘ib olish borasida murojaat qilar ekan, agar Rossiya Ukrainada g‘alaba qozonsa, keyin NATO davlatlariga hujum qilishini aytgan.
Bayden Ukraina, Isroil va chegaralarni qo‘riqlar uchun 100 mlrd dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi loyihasini Kongressdan ma’qullashni so‘rab kelmoqda. Bu pullarning 61 milliardi Ukraina uchun atalgan. Baydenga ko‘ra, «radikal respublikachilar Ukrainaga yordamni garovga olishgan».
Prezidentning murojaati ish bermadi va Senatdagi respublikachilar Ukrainaga 61 mlrd dollarlik yordam paketini bloklashdi. Respublikachilarning muddaosi nima o‘zi? Ular Meksika bilan chegarada xavfsizlikni ta’minlash siyosati bo‘yicha o‘zgartirishlar loyihada aks etmaganidan jig‘ibiyron.
Vaziyatning bunday tus olishi AQSh Senatida onlayn chiqish qilishi kerak bo‘lgan Ukraina prezidentining ham murojaatini bekor qilishiga olib kelgan. Loyihaning quyi palatada ham ma’qullanishi imkoniyati past. Bu esa Kiyevning imkoniyatlari keskin pasayishi, Rossiyada esa yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishiga olib kelishi shubhasiz.
Bayden vaziyatni «o‘ta noxolis immigratsion qonun loyihasini olib o‘tishga urinish» va «ochiqcha siyosiy shantaj» deb baholagan.
Shunga qaramsadan, AQSh Ukrainaga qo‘shimcha 175 million dollarlik harbiy yordam ajratilganini e’lon qildi. Yordam qurol-yaroqlar va o‘q-dorilar ko‘rinishida yetkaziladi.
G7 davlatlari 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab Rossiyada ishlab chiqarilgan olmoslariga taqiq o‘rnatadi, deb yozadi Reuters. Rossiya olmoslarining uchinchi davlatlardan importiga ham bosqichma-bosqich taqiq joriy qilinadi. Taqiq sanoat olmoslariga taalluqli bo‘lmaydi. G7 davlatlari shuningdek, Rossiyani xalqaro moliya tizimidan foydalanishini kelgusida cheklab borishga harakat qiladi.
Neft bozorlaridagi qalqinishlar va Rossiya neftiga qo‘yilgan cheklovlarga qaramasdan Rossiyaning neftdan oylik daromadi ikki barobarga oshgan, deb yozadi Bloomberg agentligi.
Unga ko‘ra, oktyabr oyida Rossiyaning neft eksportidan topgan daromadlari 11,3 milliard dollarga yetgan, bu esa mamlakat oylik budjet daromadlarining 31 foiziga teng. Finlandiyaning CREA kompaniyasi ekspertlari G‘arb davlatlarining yuqori chegarali narx belgilash orqali Rossiyaning neft savdosidan daromadlarini cheklashga bo‘lgan urinishlari barbod bo‘lganini qayd etishgan.
Moskva oblastining Odinsovo rayonida ukrainalik sobiq deputat Ilya Kivaning o‘ligi ko‘chadagi qalin qor ustidan topildi. Unga qarata to‘pponchadan ikki bor o‘q uzilgani, chap yuziga kesuvchi sovuq qurol bilan jarohat yetkazilgani ma’lum.
Ilya Kiva o‘zining Rossiyaga yon bosgan chiqishlari bilan tanilgan. 2022 yil 24 fevralidan so‘ng Ukrainaga Rossiya bosqinini to‘liq oqlab chiqqan. So‘ngra Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan.
Ukraina ommaviy axborot vositalari Kiva Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus operatsiyasi tufayli yo‘q qilinganini yozishmoqda. Buni Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi spikeri Andriy Yusov ham tasdiqlagan.
Qisqa xabarlar va yangiliklar bilan tanishtiramiz
Meta kompaniyasi shu haftadan boshlab Facebook’ning barcha foydalanuvchilari xabarlarini avtomatik tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri shifrlashga o‘tkazadi. Keyinroq bu qoida Instagram’ga ham joriy etiladi. Voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qiluvchilar bunga qarshi. Ular muammoli kontentni aniqlab bo‘lmasligidan xavotirda.
Google kompaniyasi ham qarab turgani yo‘q. Ular Chrome brauzeriga neyrotarmoq qo‘shmoqchi. Compose funksiyasi sun’iy intellekt yordamida foydalanuvchining so‘rovina binoan matn generatsiya qilib beradi. Taklif qilinayotgan texnologiya foydalanuvchiga bir necha bayon stilini tanlash, mavjud matnni qayta shakllantirish yoki qisqartirish imkonini ham beradi.
Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin maktablarda mehnat ta’limni qayta tiklashga chorladi.
Volodin tug‘ilish kamayib ketayotgani fonida ayollarning karerasini cheklash haqidagi chaqiriqlar fonida, maktabdagi mehnat darslarida qizlarga «karamsho‘rva (ya’ni, borshch) pishirishni», bolalarga esa «bolg‘a ushlashni» o‘rgatish kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda mehnat ta’limining bosh maqsadi shu bo‘lishi kerak.
Anqara F-16 samolyotlari yetkazib berish Shvetsiyaning NATOga a’zoligi o‘zaro bog‘liqligidan umid qilmoqda. Ya’ni, turklar parlament Shvetsiyaning NATO a’zoligiga arizasini ratifikatsiya qilishi evaziga AQSh Turkiyaga F-16 qiruvchi harbiy samolyotlarini yetkazishni istayapti.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Gretsiya bosh vaziri Kiriyakos Mitsotakisning taklifiga binoan Afina shahriga bordi. Bu so‘nggi 70 yil ichida Turkiya prezidentining Afinaga ikkinchi tashrifi. Afinada Ero‘g‘an Turkiya-Gretsiya oliy darajadagi hamkorlik Kengashining beshinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Starbucks’ga qarshi boykotlar ish berdi. Qahva tayyorlash tarmog‘i allaqachon Isroilni qo‘llab quvvatlariga qarshi boykotlar ortidan 11 milliard dollar yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi. Bu kompaniya 1992 yilda aksiyalarni ochiq joylashtirishni boshlaganidan buyon ko‘rgan eng katta zararlar davri bo‘ldi.
Mavzuga oid
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024