Jahon | 13:02 / 07.12.2023
6805
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya hukmron partiyasi Ukrainaning YeIga qabul qilinishiga qarshi chiqdi

FIDeS partiyasi bosh vazir Orbanga Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan muzokaralar boshlanishiga qarshi chiqishni topshirdi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida Vengriya Yevropa Ittifoqining Kiyev bilan muzokaralarni boshlash tavsiyasiga to‘sqinlik qilishi mumkinligidan xavotir kuchaymoqda.

Foto: John Thys/AP Photo/picture alliance

Vengriyadagi hukmron partiya «FIDeS - Vengriya fuqarolik ittifoqi» Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasida uni YeIga qabul qilish bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga qarshi chiqdi. 6 dekabr, chorshanba kuni Budapeshtda parlamentga taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida ijobiy qarorga qarshi chiqishi kerakligi aytilgan. 

FIDeSga ko‘ra, Yevropa komissiyasining (YeK) Ukraina bilan muzokaralarni boshlash taklifi puxta o‘ylab ko‘rilmagan. Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat rahbarlari orasida Vengriya Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash qaroriga to‘sqinlik qilishi mumkinligidan xavotir kuchaymoqda. 

Viktor Orban noyabr oyida Kiyev bilan muzokaralarni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik niyatida ekani haqida ogohlantirgan edi. Ijobiy qaror esa Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati davlat va hukumat rahbarlari tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi kerak. 

Viktor Orbanning e’tirozlari 

Yevropa diplomatlari Orbanning pozitsiyasini bir qancha sabablar bilan izohlayapti. Birinchidan, Vengriya bosh vaziri, Yevropa Ittifoqi boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq, o‘z mamlakati energiya ta’minotida katta qaram bo‘lib qolayotgan Rossiya bilan yaqin aloqada. Ikkinchidan, Vengriya Budapeshtdagi o‘ng konservativ hukumatning bir qator sohalarda, shu jumladan adliya sohasida qonunbuzarliklari tufayli Yevropa komissiyasi tomonidan bloklangan ko‘p milliardlik subsidiyalarni to‘lashga erishish uchun Yevropa Ittifoqiga bosimni kuchaytirmoqchi. 

Orban, shuningdek, Yevrokomissiya Ukrainaning qabul qilinishi Yevropa Ittifoqi uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini batafsil tahlil qilmaganiga ham ishora qilyapti. Gap yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy oqibatlar haqida bormoqda. 

Agar Ukraina Yevropa Ittifoqiga qabul qilinsa, Sharqiy Yevropaning ko‘plab davlatlariga Bryusseldan beriladigan moliyaviy yordam qisqarishi mumkin. 

Germaniya kansleri Olaf Shols Germaniya Yevropa komissiyasining Ukraina bilan Yevropa Ittifoqiga a’zolik muzokaralarini boshlash tavsiyasini qo‘llab-quvvatlashini ochiq aytdi. 

Mavzuga oid