Jahon | 22:40 / 21.12.2023
14565
12 daqiqa o‘qiladi

Misrga borgan HAMAS rahbari, harakatni qo‘llayotgan AQSh yoshlari, g‘alla yo‘lagini tiklagan Ukraina - kun dayjesti 

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha ovoz berish tomonlarning roziligi yo‘qligi sababli uchinchi marta kechiktirildi.

Falastin qochqinlari yordam berish bo‘yicha BMTning Yaqin Sharqdagi agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiylari Falastin eksklavining 60 foiz infratuzilmasini vayron qilgan, G‘azo sektorida istiqomat qilib turgan falastinliklarning 90 foizi uz turarjoylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

G‘azo sektorida 75 kundan buyon davom etayotgan Isroil hujumlari tufayli o‘ldirilgan falastinliklar soni 20 mingdan oshdi, deb xabar beradi G‘azo hukumati. Qurbon bo‘lganlarning kamida 8 mingi yosh bolalar, 6200 nafari ayollar. 6,7 ming odam bedarak yo‘qolgan.

7 oktyabrdan buyon isroil G‘azo sektoriga hujum uyushtirishi mobaynida 53 ming tonnadan ortiq bombalardan foydalangan. 52,5 mingdan ziyod turarjoy binolariga zarba bergan. 

HAMAS rahbari Qohirada

HAMAS rahbariyati harakat siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya Misr poytaxti Qohiraga tashrif buyurgani haqida ma’lum qildi. U misrlik mulozimlar bilan G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarda yangi tanaffus ehtimolini muhokama etishi taxmin qilinmoqda. Haniya Misr razvedkasi rahbari Abbos Komil va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan.

Qatarda yashovchi Haniya odatda faqat muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘lgandagina diplomatik jarayonlarga oshkora qo‘shila boshlaydi.

Oxirgi marta u Misrga noyabr oyi boshida, urushda bugungacha yagona bo‘lib turgan otashkesim e’lon qilinishi arafasida tashrif buyurgandi — o‘shanda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bir hafta davom etgan va garovdagilarning yuzdan ortig‘i ozod etilgandi.

Muzokaralarning borishidan xabardor bo‘lgan manba Reuters agentligiga aytishicha, ular sulh haqidagi yangi kelishuv doirasida hamon G‘azoda garovda qolayotganlardan kimlarni ozod etish va Isroil buning evaziga qaysi mahbuslarni qaytarishini muhokama qilishadi.

G‘azo sektorida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga hali uzoq bo‘lsa-da, Isroil va HAMAS o‘rtasida harbiy harakatlarda yangi tanaffus bo‘lishining belgilari paydo bo‘lmoqda.

Falastinlik amaldorlardan biri Haniya Misr rasmiylarining muammoga yangicha yondashuv bo‘yicha takliflarini eshitishni istayotgani aytgan va rasman HAMAS har qanday yangi vaqtinchalik otashkesimni rad etishi va harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatishni talab qilishini qayd etgan.

«HAMASning pozitsiyasi o‘zgarmaydi: ular humanitar pauza istamaydi. HAMAS Isroilning G‘azodagi urushi to‘liq to‘xtatilishini istaydi. Haniya va HAMAS hamisha Misrning sa’y-harakatlarini yuqori baholagan. Bugun u Isroil yoki Misrdan yangi takliflar eshitish uchun Qohirada. Natijalar haqida gapirishga hali erta», — degan falastinlik mulozim.

Yuqori martabali isroillik mulozim esa hukumatning urush faqat garovdagilarning barchasi ozod etilishi va HAMAS yakson etilishi bilan yakunlanishi haqidagi pozitsiyasini takrorlagan: «Bosh vazir Netanyahu aytganidek, urush faqat to‘liq g‘alaba bilan yakunlanadi».

HAMAS ustidan harbiy g‘alaba qozonilgan taqdirda ham u yo‘q bo‘lib ketmaydi va Falastinning asosiy siyosiy kuchlaridan biri bo‘lib qolaveradi, degan Falastinning Avstriyadagi elchisi Saloh Abdushshofiy. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanning Ansorulloh harakati Suvaysh kanali tomon yo‘l olgan Rossiya tankelarini moneliksiz o‘tkazishmoqda. Qolgan barcha yuk kemalarini ular egallab cho‘ktirib yuborishni va’da qilishgan.

Yamanning Ansorulloh harakati yetakchisi Abdulmalik al-Husiy agar AQSh biz bilan urush qilishni istayotgan bo‘lsa, bilib qo‘ysin, biz xuddi shuni kutib turibmiz, degan.

«Biz Yaman hamda AQSh va Isroil o‘rtasida yuzma-yuz jang boshlanishini istayapmiz. Biz Amerikadan qo‘rqmaymiz. Yamanning butun xalqi ularga qarshi bosh ko‘taradi», — degan al-Husiy.

Al-Husiy Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarga AQSh bilan hamkorlik qilmaslik va o‘z manfaatlarini tahdid ostiga qo‘ymaslikni ham maslahat bergan.

Isroil ekspertlaridan birining aytishicha, Eron bu urushda Isroil mag‘lubiyatga uchrashini chin dildan xohlaydi.

«Qizil dengizdagi vaziyat — bu to‘laqonli Eronga tegishli reja va u bizning ziyonimizga xizmat qiladi. Biz allaqachon Yamanga qarshi qandaydir chora ko‘rishimiz kerak edi», degan u.

So‘nggi ikki oy ichida AQSh harbiy dengiz kuchlarining esminetslari Qizil dengizda Yamandan uchirilgan 38 ta dron va bir nechta raketalarni urib tushirgan. Amerika 2 ming dollar qiymatga ega dronlarni urib tushirish uchun donasi 2 mln dollarlik raketalardan foydalanmoqda.

Yamanning shimolida jangchilarni G‘azo sektoriga jo‘natish uchun umummilliy safarbarlik boshlanib ketgan. Bu haqda Ansorulloh harakatining siyosiy byurosi xabar qilgan. 

Rossiyani tiyishga urinishlar

Germaniya bosh prokuraturasi Rossiyaning 720 million yevro miqdorida muzlatilgan aktivlarini musodara qilish uchun sudga da’vo arizasi kiritdi. Gap Moskva fond birdasining shu’ba korxonasiga tegishli bo‘lgan va AQShning eng yirik JP Morgan banki bo‘limida saqlanayotgan mablag‘lar haqida ketmoqda. Bu Germaniyadagi musodara bilan bog‘liq ilk holat: avval sanksiya ostidagi kompaniyalar va shaxslarning mablag‘lari faqat muzlatilib qo‘yilgan edi.

G7, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Avstraliya 2022 yilda Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining 260 mlrd yevro aktivlarini muzlatgan, deb yozadi Financial Times nashri. Bu pullardan 210 milliardi Yevropa Ittifoqi ulushiga to‘g‘ri keladi, deb yozadi nashr Yevropa komissiyasi hujjatlariga tayanib.

AQSh Moliya vazirligi Rossiya neftiga joriy etilgan yuqori narx chegarasiga rioya qilish mexanizmini yangiladi. Yangi talablar o‘tgan yilning dekabr oyida yuqori narx chegarasini joriy etishni qo‘llagan koalitsiya davlatlaridan har safar Rossiya nefti tankerlarga quyilganda va tushirilganda o‘z kontragentlaridan tasdiq olishni majburlaydi.

Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmaydi. Bu haqda Yevropa davlatlaridan birining Brusseldagi diplomatik missiyasi xodimi ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Yevropa Ittifoqining hozirgi sanksiyalarida ularni bekor qilish uchun biror mezon mavjud emas». 

Rossiyani qo‘llab-quvvatlash

Biroq Yevropadan turib Ukrainaning zarari va Rossiya foydasiga yangrayotgan bayonotlar ham bor. Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi — Uchinchi jahon urushining boshlanishi, degan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso masalan.

«Men bu hech qachon sodir bo‘lmasligiga ishonaman. Toki men slovak siyosiy sahnasiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega ekanman, bu qarorga mudom veto qo‘yish huquqimdan foydalanaveraman», — degan Fitso.

Chexiya prezidenti esa Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi. Petr Pavel Fransiyaning Monde gazetasiga bergan intervyusida qarshi hujum operatsiyasi kutilgan natijalarga olib kelmaganini ta’kidlagan.

«Frontda ortiq muhim o‘zgarishlar yo‘q, inson va harbiy texnika borasida katta yo‘qotishlar qayd etilmoqda, xolos», — degan u.

Bir qator g‘arb davlatlarining kompaniyalari Rossiya harbiy sanoatiga stanoklar va butlovchi qismlar yetkazishda davom etmoqda, deb yozadi The Insider nashri. AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Finlandiya, Avstriya, Serbiya, Estoniya, Litva va Latviyaning bir nechta kompaniyalari Rossiyaning mudofaa sanoati kompaniyalariga «Proriv» va «Armata» tanklarini ishlab chiqarish uchun stanoklar va butlovchi qismlar yetkazishda davom etmoqda. Tovarlar to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, uchinchi davlatlar orqali xarid qilinmoqda, deb yozadi nashr. 

Ukraina yangiliklari

Ukrainaning Qora dengiz orqali mahsulot eksportiga izn beruvchi g‘alla bitimini iyul oyida uzaytirishni rad etgan Vladimir Putinning urinishlari besamar ketganga o‘xshayapti. Portlarni bombalash Ukrainaning infratuzilma bilan bog‘liq imkoniyatlarini yo‘q qilishi lozim edi.

Biroq uch oy ichida Ukraina Moskvaga qarab o‘tirmasdan yangi yo‘lakni tashkil etgan va bundagi eksport hajmi g‘alla bitimi davridagidan ham oshib ketgan. Sentyabr oyi o‘rtalaridan buyon 302 ta kema 24 ia davlat 10 mln tonnadan ortiq yuk olib ketgan. Yuklarning yarmi qishliq xo‘jaligi mahsulotlari, shuningdek xorijga metallar va boshqa xomashyolar ham jo‘natilmoqda. Agar dastlabki oyda 278 ming tonna yuk jo‘natilgan bo‘lsa, prognozlarga ko‘ra, dekabrda hajm 5 mln tonnadan ham oshadi. G‘alla bitimi chog‘ida o‘rtacha oylik yetkazish hajmi 2,7 mln tonna bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi uch oyda yangi yo‘lak bo‘yicha o‘rtacha hajm 3,2 mln tonnani tashkil etgan.

Ukraina 2024 yilda borish uchun eng xavfli davlatlardan biri bo‘ladi, deb yozadi Independent nashri. Ukrainadan tashqari, Suriya, Iroq, Afg‘oniston, Liviya, Yaman, Janubiy Sudan, Markaziy Afrika Respublikasi va Somali ogohlantirishning eng yuqori darajasi — «ekstremal» deb belgilangan. Islandiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Shveytsariya va Daniya — eng xavfsiz davlatlar deb topilgan. Qayd etib o‘tish lozim, O‘zbekiston mazkur nashr tomonidan Markaziy Osiyodagi turizm uchun eng xavfsiz davlat deb topilgan. 

Blinken nima dedi?

AQSh Ukrainaning kelajakdagi rivojlanishi uchun aniq rejaga ega va u hozirgi darajada mayulag‘ ajratilishini ham taqozo etmaydi, degan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.

«Bu yil jang maydonidagi eng og‘ir yil bo‘ldi, biroq ukrainlar amalga oshirib bo‘lmas vazifani uddalashdi — ular jahondagi eng katta armiyaga qarshi turib bera olishdi», — degan AQSh davlat kotibi.

Blinkenga ko‘ra, Putin Ukrainadagi urushda allaqachon yutqazib bo‘ldi, chunki u o‘zining asosiy maqsadi — Ukrainani yer yuzidan supurib tashlash va uni Rossiya tomonidan yutib yuborilishini amalga oshira olmadi.

«Bizning qo‘llab-quvvatlashimiz nafaqat ukrailarga yordam berdi, yordamning 90 foizi shu yerda, Amerikada sarflandi. Bu bizning mudofaa sanoatimizni mustahkamlashga ham xizmat qildi, biroq Amerka yordami Ukraina uchun o‘ta muhim», — degan Blinken. 

AQSh yoshlari HAMAS tomonda

AQSh yoshlari Isroildan ko‘ra HAMASni ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi. Harvard universitetining Amerika siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Harris Insighs and Analytics tomonidan 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan amerikaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ularning yarmidan ko‘pi G‘azo sektoridagi urushda Isroildan ko‘ra HAMASni qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid