O‘zbekiston | 15:45 / 26.12.2023
5875
4 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar bilan ishlash tashkilotlarning birinchi vazifasiga aylanishi kerak” - Tanzila Norboyeva

Senat raisi Tanzila Norboyeva yoshlar bilan o‘tgan uchrashuvda yoshlar siyosati davlat organlarining 2024 yildagi eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini aytdi. Uchrashuvda senatorlarga blogerlik faoliyatini litsenziyalash haqida savol berildi.

25 dekabr kuni Oliy Majlis Senatida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva, senatorlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, yosh deputatlar, turli OTM talabalari ishtirok etib, muloqot qilishdi.

Tadbirda aytilishicha, O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq bo‘lib, jami aholining 55 foizini tashkil qiladi. “Bunday ulush har qanday rivojlanayotgan davlat uchun beqiyos boylik manbai hisoblanadi”, – deydi Norboyeva.

Senat raisi tadbirdagi nutqi davomida yoshlarga oid davlat siyosati bo‘yicha qilinayotgan ishlar, ustuvor vazifalar va qonunchilikdagi yangiliklarga, qolaversa, bu kabi uchrashuvlar nima uchun ahamiyatli ekaniga to‘xtalib o‘tdi.

Juda ko‘p davralar, uchrashuvlarda qatnashyapsizlar. Bu uchrashuv nafaqat Senat yoki Qonunchilik palatasining raislari bilan, balki barcha tashkilot rahbarlari, hokimlar bilan ham o‘tkazilmoqda. Turli-turli darajalardagi uchrashuvlarga boryapsizlar, bundan maqsad bitta: Yangi O‘zbekistonni barpo qilayotgan tuzilmalar bor, bu – qonunchilik, ijro hokimiyati, NNTlar, OAVlar bo‘lishi mumkin, shularning hammasida rahbarlar yo‘nalishma-yo‘nalish maqsadlari, erishgan natijalari va yoshlarni salohiyatidan qanday foydalanmoqchi ekanligi to‘g‘risida axborot berishidir.

O‘ylaymanki, hammangiz mana bunday uchrashuvlardan saboq olyapsiz, o‘zlaringiz uchun xulosa qilyapsiz. Va albatta, hammangizda ham “men ham shularning yo‘lidan boraman, men ham shularning o‘rnini egallayman”, degan fikr, ishtiyoq paydo bo‘layotgan bo‘lsa kerak. Biz bundan juda ham xursandman”, – dedi Senat raisi.

Rasmiylarning ma’ruzalaridan keyin yoshlar bilan savol-javoblarga o‘tildi. Savol berganlardan biri ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar faoliyatini qonun bilan tartibga solish, ularni litsenziyalash kerakligini taklif qilib, bunga senatorlarning munosabati bilan qiziqdi.

Tanzila Norboyeva bunga javoban blogerlik harakatiga O‘zbekistonda qiziqish yuqori ekani, bu juda yaxshi harakat ekanini qayd etib, ular orasida bilib-bilmay noto‘g‘ri ma’lumot tarqatayotganlar ham borligini aytdi.

Lekin bilib-bilmay, to‘g‘ri-noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatib qo‘yish, qonunlarga noxos bo‘lgan ishlarni qilib qo‘yish [holatlari uchrayapti]. O‘zini bloger deb e’lon qilganlar hozirda jinoiy javobgarlikka tortilgani ham ko‘rinib turibdi. Bu blogerlik faoliyatiga xos emas, bu boshqa ishlari bo‘yicha [javobgarlikka tortilyapti]. Lekin nomi bloger bo‘lyapti-da. Shuning uchun juda to‘g‘ri gaplarni ko‘tardingiz. O‘zi bu borada blogerlik faoliyatini tartibga soladigan qonunlarda ham o‘zgartirish bo‘lishi kerak”, – dedi Norboyeva.

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyevning aytishicha, blogerlik faoliyati uchun litsenziya joriy etilishi so‘z erkinligiga to‘sqinlik deb baholanadi. Konstitutsiyada belgilanganidek, har kim o‘zi istagan axborotni olishi va uni erkin tarqatishi mumkin.

Boqiyev axborotni qanday tarqatish va yetkazish bo‘yicha Axborot kodeksi 3-tahrirda ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

Tadbir yakunlangach, Tanzila Norboyeva bu kabi uchrashuvlar doimiy davom etishini bildirdi. Uning aytishicha, 2024 yilda eng ustuvor yo‘nalishdan biri yoshlar va ular bilan ishlash bo‘ladi, Senatning barcha qo‘mitalari yoshlar mavzusini o‘z ish rejasiga kiritadi.

Mavzuga oid