Ukraina shaharlariga raketa zarbasi, KXDR provokatsiyasi, Trampga navbatdagi taqiq - kun dayjesti
So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azoda tobora kengayib borayotgan hujumi natijasida minglab falastinlik oilalar Misr chegarasi tomon qochmoqda. Isroil harbiylari G‘azo sektorining markaziy iqsmidagi Burayj va unga qo‘shni aholi punktlarini janubga evakuatsiya qilish to‘g‘risida buyruq berishgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoning markazida 150 mingdan ortiq tinch aholining boradigan joyi yo‘q.
G‘azoda 7 oktyabrdan buyon Isroil argessiyasi tufayli qurbon bo‘lganlar soni 21 ming 110 kishiga yetdi. Ularning 8 ming 800 nafari yosh bolalar, 6 ming 300dan ortig‘i ayollardir.
Shuningdek, G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar va OAV xodimlari soni ham 105 nafarga yetgan. Halok bo‘lgan jurnalistlarning so‘nggisi G‘azoning shimolida Isroil o‘qiga uchgan «Quds al-Yum» telekanali fotojurnalisti Ahmad Xayruddin bo‘ldi. U bilan birga oilasining ayrim a’zolari ham bo‘lgan, ular ham halok bo‘lishgan.
UNICEF G‘azo sektorida Isroil hujumlaridan yarador bo‘lgan 1000 ga yaqin yosh bolalarning qo‘l yoki oyoqlari anesteziyasiz kesib tashlanganini ma’lum qildi.
Shifoxonalarda allaqachon dori-darmonlar va tibbiyot maqsadlarida foydalaniladigan buyumlar tugagan. Shuningdek, qamaldagi G‘azo sektorida bolalar turli kasalliklarga qarshi emlanmay qo‘ygan.
Isroil askarlari G‘azoda insonparvarlik konvoyiga qarata o‘t ochgan. Bu haqda Falastin qochqinlariga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha BMTning Yaqin Sharqdagi agentligi direktori Tomas Uayt ma’lum qilgan.
Uaytning qayd etishicha, konvoy Isroil armiyasi tomonidan belgilab berilgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan chog‘da hujumga uchragan. Faqat bitta mashinaga talafot yetkazilgan, jabrlanganlar yo‘q, degan Uayt.
«Insonparvarlik tashkilotlari hech qachon qurol nishoniga aylanmasligi kerak», — degan Tomas Uayt.
Isroil va AQShga hujum
Iroqdagi qarshilik kuchlari AQShning Suriyadagi gaz konlariga hujum qilmoqda. «Iroq islom qarshiligi» harakati, AQShning Suriyadagi Koniko harbiy bazasiga hujum qilgan. Bu hudud Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilari nazorati ostida.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yaqin kunlar ichida Suriyadan turib yopirilma hujumlar bo‘lishi haqida axborotga ega ekanini aytdi.
Bu hujum Suriyaga og‘ir oqibatlar olib kelishiga shama qilib, «Men Bashar Asadni Eronning o‘yinidan chiqishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantiraman», degan Netanyahu.
New York Times nashri HAMASning harbiy qudrati tanazzulga uchraganining biror bor belgisi yo‘qligini yozgan. Nashr o‘z maqolasida HAMASning imkoniyatlarini to‘liq tushuntirib chiqqan va Isroilning ushbu harakatning jangovar qanotini yo‘q qilish maqsadini «fantaziya» deb atagan.
Ukraina shaharlariga raketa hujumi
Rossiya Ukraina shaharlariga qanotli va ballistik raketalar bilan hujum qildi. Kiyev, Xarkiv, Lviv, Dnepr, Zaporijjya va Odessa shaharlaridagi obektlar va turarjoylarda portlashlar ro‘y bergan. Sumi oblastining Konotop shaharchasida ham kuchli portlash yuz bergan. Ternopol oblastida ham zarba berilgan obektlar bor.
Birgina Xarkiv shahrida 20 tacha S-300 va X-22 raketalari kelib urilgan. Raketalar havoga parvoz qilgan kamida 9 ta TU-22M3 va kamida 11 ta TU-95MC bombardimonchi samolyotlari tomonidan amalga oshirilgani aytilmoqda.
Zarbalar natijasida asosan ijtimoiy soha obektlari ziyon ko‘rgan. Masalan, Kiyevda turarjoy binolari, metro stansiyasi, avtomobillar va do‘konlarga zarar yetgan. Dniproda raketalar savdo markazi va tug‘uruqxonaga urilgan.
Ushbu raketa hujumi 2023 yilda Rossiya tomonidan Ukrainaga hududiga berilgan eng ko‘lamli zarbaga aylanishi mumkin. Bu Ukraina kuchlari tomonidan Qrimdagi Feodosiya portida «Novocherkassk» katta desant kemasining cho‘ktirilishi uchun intiqom olish bo‘lishi mumkin.
Bombalashlar natijasida tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, o‘nlab insonlar yaralangan. Ayrim joylarda binolar vayronalari ostida odamlar qolgan.
Eronlik generalning o‘ldirilishi
Islom inqilobi oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy Suriyada isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan general Sayid Roziy Musaviyning janozasini shaxsan o‘zi o‘qib berdi.
Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Bag‘iriy Sayid Roziy Musaviyning o‘ldirishi borasida keskin bayonot berdi.
«Yaqindagi bo‘lgan voqealardagi mag‘lubiyatdan esankirab qolgan Isroilning jinoyatchi yetakchilari Sayid Roziyni o‘ldirib, strategik xatoga yo‘l qo‘yishdi. Ularning bu jinoyat javobsiz qolmaydi», degan general Bag‘iriy.
Tramp uzra qora bulutlar
AQShda ikkinchi shtat Donald Trampni prezidentlik saylovlaridan chetlashtirdi. Payshanba kuni Men shtati Koloradodan so‘ng kelgusi yil bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining dastlabki bosqichida Donald Trampning ishtirokini taqiqlagan ikkinchi shtat bo‘ldi.
Shtatning davlat kotibi demokrat Shenna Bellouz xonim Tramp 2021 yilning 6 yanvarida o‘z tarafdorlarini Kapitoliyni ishg‘ol qilishga boshlagani uchun Konstitutsiyaning 14-tuzatmasiga ko‘ra saylovda qatnasha olmaydi, degan xulosaga kelgan. Bu taqiqlarning barchasi hali dastlabki xulosalar. Yakuniy qarorni AQSh oliy sudi aytadi. Agar Oliy sud taqiqni ma’qullasa, Tramp saylovlardan butunlay chetlashtiriladi.
KXDR provokatsiya tayyorlamoqda
Shimoliy Koreya AQSh saylovlariga provokatsiya tayyorlamoqda.
Janubiy Koreya razvedka agentligi kelgusi yilning boshida Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lmish Shimoliy Koreya harbiy va kibernetik provokatsiyalar boshlashini xabar qilmoqda. Bunga sabab qilib AQSh va Janubiy Koreyada saylovlar o‘tadigan chog‘da KXDR o‘z nufuzini oshirishga urinib ko‘rishi ko‘rsatilmoqda.
Janubiy Koreya razvedka agentligi o‘z shimoliy qo‘shnisidan kelayotgan tahdidlar haqida bayonotlarni kamdan kam holatda e’lon qiladi. Bu bayonot Kim Jong Inning hukmron partiya majlisida o‘z mamlakati yadroviy arsenalini kengaytirishni va’da qilgani fonida e’lon qilinmoqda.
KXDR rahbari Kim Jong In esa o‘sha majlisda harbiylarga urushga tayyorgarlik ko‘rishni tezlashtirishni ham buyurgan.
Shimoliy Koreya yetakchisi harbiylar, sanoat va yadroviy qurollar sektoriga «AQShning misli ko‘rilmagan qarshi qadamlari» sababli urushga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan.
Minaga to‘qnashgan kema
Qora dengizda fuqarolik kemasi Rossiya minasiga urilib portladi. Panama bayrog‘i ostida suzayotgan kema g‘alla ortish uchun Dunay portlaridan biriga ketayotgan chog‘da uning yo‘lidan Rossiya tomonidan o‘rnatilgan mina chiqib qolgan. Mina portlashi natijasida ikki dengizchi jarohatlangan. Kema esa boshqaruvni yo‘qotgan, yuqori palubada yong‘in yuzaga kelgan. Garchi kemaga jiddiy shikast yetmagan bo‘lsa-da, kema kapitani majburlikdan uni sayozlik tomon haydagan. U tez orada portga keltiriladi.
Qurol-yarog‘ ishlab chiqarish
Geosiyosiy taranglik dunyo bo‘ylab rekord darajadagi mudofaa buyurtmalariga olib kelgan. Dunyodagi yetakchi mudofaa sanoati kompaniyalarining buyurtma portfeli so‘nggi ikki yil ichida 10 foizga oshib, rekord ko‘rsatkichlarga yetmoqda. 2022 yil oxirida 15 ta yirik kompaniyaning bajarilmagan buyurtmalari 777 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, birgina 2023 yilning dastlabki olti oyida esa 764 mlrd dollarga yetgan.
Sizdan ugina — bizdan bugina
Ozarboyjon Fransiyaning ikki diplomatini persona non-grata deb mamlakatni tark etishini talab qilishi ortidan Fransiya ham ozarboyjonlik ikki diplomatga chiqish eshiklarini ko‘rsatdi.
Avvalroq Ozarboyjon hukumati ikki fransuz diplomatini mamlakatda «istalmas shaxs» sifatida deportatsiya qilgan edi. Ular «o‘z mansablari vakolatiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar» bilan shug‘ullangani da’vo qilingan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z press relizida Ozarboyjonning fransuz diplomatlariga qo‘ygan e’tirozini mutlaqo rad etishini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
14:38
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024