Ikkiga bo‘lingan bir millat: Koreyaning birlashishi nimaga bog‘liq?
5-8 yanvar kunlari Shimoliy va Janubiy Koreya konfliktida navbatdagi eskalatsiya kuzatilib, ikki tomon bir-biriga yuzlab artilleriya zarbalari yo‘lladi. Kun.uz bu nizoning sabablari va yechim omillarini tahlil qilish uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosiy tahlilchilar – Jahongir Saidov va aynan ikki Koreya o‘rtasidagi chegara hududda tadqiqot olib borgan Farhod Karimovni taklif etdi.
— Koreya nega va qanday qilib Shimol va Janubga bo‘linib qolgandi?
Jahongir Saidov: — 1950 yilda Koreyada fuqarolar urushi boshlanadi, bo‘linishga ham asosiy sabab shu deb qaraladi. O‘shanda Shimolni SSSR, Janubni esa AQSh qo‘llab-quvvatladi. 1953 yilda esa Koreya rasman ikki qismga bo‘lindi.
Farhod Karimov: — Ikkinchi jahon urushidan Yaponiya mag‘lub bo‘lib chiqdi. Urushdagi mag‘lublar o‘z-o‘zidan g‘olib davlatlarga tovon to‘lashadi. Yaponiya qo‘l ostida bo‘lgan Koreyani SSSR va AQSh bo‘lib oladi, ya’ni bu bo‘linish tashqi kuchlar ta’sirida bo‘ladi. Asosan 1950 yilgacha Shimolda Sovet harbiylari, Janubda AQSh harbiylari boshchiligida hukumat shakllanadi. 1950 yilda Shimoldan Sovet harbiylari chiqib, Kim Ir Sen boshchiligida muvaqqat hukumat shakllantiriladi. Shundan boshlab Shimol Janubni qo‘shib olishga harakat boshlaydi. Urush boshlanishidan oldinroq Kim Ir Sen Stalindan Koreyani birlashtirishga ruxsat so‘raydi, Stalin avvaliga rad etadi va keyingi Sovet ittifoqini aralashtirmasdan harakat qilishga ruxsat beradi.
Kim Ir Sen qo‘shini bir necha haftada Pusangacha yetib boradi. Shu vaqtda AQSh tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik kengashi chaqiriladi va Koreyaga kirishga ruxsat so‘raydi. Xavfsizlik kengashi ruxsat bermasa-da, AQSh va ittifoqchilari qo‘shini kirib, Kim Ir Senni Shimolga siqib chiqaradi. Shu zaylda 3 yil goh bu tomon, goh u tomon qo‘li baland kelib urush davom etadi. AQSh va ittifoqchilar qo‘shini Shimoliy Koreyani egallab, Xitoy hududigacha borgach, shundan so‘ng Xitoy hududi xavf ostida deb, 300 ming xitoylik ko‘ngillilar urushga kiradi va Kim Ir Sen Janubgacha yetib boradi.
Bu urushda bir necha yuz ming qurbonlar bo‘ladi, Vetnam urushida ham buncha qurbonlar bo‘lmagan. 1953 yilda 38-parallel bo‘yicha to‘xtaladi va tinchlik sulhi tuziladi, shartnoma emas. Hozirgi kunda ham yuridik tomondan 2 davlat urush holatida.
— Koreyani ikkiga bo‘lishda nega aynan 38-parallel tanlangan?
Jahongir Saidov: — 38-parallel chizig‘i tushunchasi mil.avv. 7-asrda paydo bo‘lgan. O‘sha vaqtda Koreya hududida Silla qirolligi bo‘lgan. Yaponiya va Xitoy o‘sha vaqtda Sillani o‘z tarkibiga qo‘shib olishni ko‘zlab yurgan. Yaponiya tomoni Xitoyga Sillani 38-parallel chizig‘ida bo‘lib olishni taklif etgan, ammo bu taklif rad etilgan. Ya’ni 38-parallel chizig‘i tushunchasi shunda o‘rtaga chiqqan. 1953 yildagi holatda esa AQShlik generallar vaqtincha chegara sifatida to‘g‘ri va qulay bo‘lgani uchun 38-parallelni tanlashgan va hozirgi kungacha shu chegara bo‘lib qolmoqda.
Farhod Karimov: — 38-parallel chizig‘idagi hududga harbiylar kiritilmaydi, 1953 yildagi kelishuvga ko‘ra shunday. Hozir ham eniga 4 km bo‘lgan chiziqda harbiylar kiritilmaydi. Bunday hudud qoldirish bir-birini kuzatib turish uchun ham. Ammo Shimoliy Koreya o‘sha yerda ham tunellarni ko‘rganmiz, yuzlab shunday katta-kichik tunellar bor. Asosan josuslar yuborish, konfliktni qo‘zg‘ash uchun harakatlar bo‘lgan.
— Shimol-Janub o‘rtasidagi keskinlikni aslida AQSh, XXR va Rossiya davlatlari orasidagi bilvosita urush deb atash mumkinmi?
Farhod Karimov: — Koreya birlashishini hamma xohlaydi. Bu yerdagi masala qaysi Koreya ustuvor bo‘lishida. Rossiya va Xitoy Shimoliy Koreya modeli ustuvor bo‘lishini istaydi, G‘arb esa Janubiy Koreya modeli ustuvorligini istaydi. Ya’ni birlashish emas, balki qaysi model asosida birlashish raqobat obektiga aylangan.
Koreya yarimoroli qutblar bo‘linishidagi bir maydon sifatida turibdi. Xitoy, Rossiya va AQSh boshchiligidagi G‘arb raqobati timsoli bu ikki davlat. Ikki Koreyaning o‘zi bir qarorga kelmasa, tashqi kuchlar murosaga kelmaydi bu borada.
Janubiy Koreya modeli yaxshi ekanini bilamiz. Ammo Shimoliy Koreya yopiq davlat bo‘lgani uchun ularning aholisiga janubliklar sotqin, millatiga xiyonat qilgan sifatida ko‘rsatiladi, mafkurasi shunday. Qashshoq dyuxalq bo‘lsa ham, Janubiy Koreya modelini oson qabul qilishmaydi. 70 yil davomida shunday tafakkur shakllandi.
Jahongir Saidov: — 2023 yil avgustida Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreya rahbarlari uchrashdi. Bu uchrashuvda asosiy masalalar Xitoyning dunyoga ta’siri, Shimoliy Koreyaning tobora agressivlashib borayotgani va yadro tahdidi kabilar bo‘ldi. Shu masalada 3 ta qudratli davlat birlashyapti, tarixan murosaga kelmaydigan Yaponiya va Janubiy Koreya ketishyapti. Shundan ham bu masala ancha jiddiy ekani ko‘rinadi.
— Bugungi kundagi raketa otishlar va tarang munosabatlar yaqin istiqbolda qanday rivojlanadi?
Farhod Karimov: — Birinchi o‘rinda AQSh va Xitoy raqobati masalasi bor. Tinch okeani mintaqasidagi asosiy raqobatchi AQSh va Xitoy, albatta. Xitoy o‘zi 70 yildan beri qo‘llayotgan hududga AQSh kirib kelishini xohlamaydi. Iqtisodiy, siyosiy sabablari ko‘p.
Bunaqa raketa uchirishlar birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Shimoliy Koreya bu orqali tashqi dunyoga o‘zini ko‘rsatish bilan birga o‘z xalqiga ham namoyish qilyapti. Totalitar avtokratik tuzum tepasida turgan Kim Chen In bu orqali xalqiga qudratini ko‘rsatib, hali ham kuchli ekanini namoyish etadi.
Dunyodagi bunday beqaror vaziyat fonida bo‘lishi ham tasodif emas. 90 yillargacha bo‘lgan sovuq urush payti ekib ketilgan urug‘lar nishonasi bo‘lyapti. Bundan tashqari, Tayvan masalasi ham bor. AQShning Tayvandagi faollashuvi fonida bo‘lish ham bir signal. Ya’ni «Sen Tayvanni kuchaytirsang, bizda ham kuchaytiradigan joylarimiz bor» degandek. Lekin baribir menimcha, Kim Chen In o‘z fuqarolariga kuchini ko‘rsatib qo‘yish uchun qildi, degan fikrimda qolaman. Uning otasi davrida ham shunday namoyishlar bo‘lib turgan edi. Qanaqadir katta urushga olib kelmaydi deb o‘ylayman.
Jahongir Saidov: — Shimol va Janub munosabatlari doim bir xil bo‘lmagan. Iliqlashuv davrlari ham bo‘lgan tarixda. 1998-2012 yillar oralig‘ida, ya’ni Kim De Jun davrida ikki davlat munosabatlari nisbatan iliqlashib, savdo aloqalari ham bo‘ladi. Pak In Xe hokimiyatga kelgach, ma’lum muddat munosabatlar soviydi. 2017 yilda Mun Jye In hokimiyatga kelgach, yana iliqlashdi, 2018 yilda Kim Chen In bilan chegarada uchrashishda ham, Tramp ham bordi. Qishki Olimpiadada Koreya yarimoroli sifatida birga qatnashishdi. Ammo ma’lum vaqt o‘tgach, yana munosabatlarda keskinlik yuzaga keldi, AQShda prezident almashishi ham ta’sir qildi, 2020 yilda Janubiy Koreyada ham hokimiyat almashdi. O‘ylaymanki, hokimiyat almashishi yoki shunga o‘xshash holatlarda munosabatlar yana iliqlashishi mumkin.
Farhod Karimov: — Umuman, bu muammolar Koreyaning o‘zida bo‘lmadi, dunyo bo‘lib tashladi bu davlatlarni. Birlashish uchun ham dunyo siyosiy irodasi kerak bo‘ladi. Ya’ni bu masala hal bo‘lishi uchun geosiyosiy maydondagi shu bilan bog‘liq boshqa muammolar ham hal bo‘lishi kerak. Masalan, Tayvan, Ukraina, Yaqin Sharq muammolari yechilishi kerak. Qachonki bu yerda G‘arb, AQSh, Xitoy, Rossiya manfaatlari to‘qnashuviga yon berilsa, shunda birlashish mumkin. Ungacha bu masala hal bo‘lishi qiyin, geosiyosiy kuchlar shu holatga keltirdi, hal qiladigan ham ular bo‘ladi. Ammo bugungi tendensiyalar ko‘rsatyaptiki, bu muammo hali-beri hal bo‘lishi mushkul.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:46 / 05.11.2024
«Tramp prezident bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat qiyinlashadi» - Kamoliddin Rabbimov
16:50 / 05.11.2024
KXDR Yapon dengizi tomon yettita ballistik raketa uchirdi
14:50 / 05.11.2024
Janubiy Koreya Ukrainaga kuzatuvchilar va tahlilchilar guruhini yuborish imkonini ko‘rib chiqmoqda
13:10 / 05.11.2024