Yamanga raketa hujumi, Isroil ustidan sud va Zelenskiyning bayonotlari - kun dayjesti
Jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz.
Yamanga raketa hujumi
11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi AQSh va Britaniya hamkorlikda qiruvchi samolyotlar, kemalar va suvosti kemalaridan turib, qanotli «Tomohavk» raketalari bilan Yamandagi husiychilarning ko‘plab nishonlariga hujum uyushtirdi. Hujum Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Niderlandiya qo‘llovida o‘tkazilgan.
Yaqin Sharqdagi mediahujumlar Hudayda port shahriga va Yaman poytaxti Sano shahriga uyushtirilganini, nishonlar asosan mashg‘ulot bazalari va qurol-yarog‘ omborlari, xususan kamikadze dronlar saqlanayotgan joylarga bo‘lgani xabar qilinmoqda.
AQSh harbiy havo kuchlari 16 ta obektdagi 60 dan ortiq nishonlarga 100 dan ortiq boshqariluvchi raketalar bilan zarba berilganini ta’kidlagan. Bunda asosan omborlar, radarlar, raketa uchirish qurilmalari va qo‘mondonlik markazlari nishonga olingan.
Zarbalar boshlanganidan bir soatlar o‘tgach AQSh prezidenti Jo Bayden chiqish qilib, ushbu hujumni «mudofaa choralari» deb atagan.
«Bu mo‘ljalli zarbalar AQSh va uning hamkorlari bizning personalimizga hujumlarga aslo toqat qila olmasligi hamda jahondagi eng muhim tijoriy yo‘nalishidagi kema tashuvini dushman sub’yektlar tahdidiga qo‘yib bera olmasligiga qarata aniq signaldir», — degan Bayden.
Qayd etish lozimki, husiychilarning Qizil dengizdagi noqonuniy harakatlariga javob, deya atalayotgan va Yamandagi kamida 16 ta obektga uyushtirilgan bu hujum davomli emasligi ta’kidlangan. AQSh va Britaniya husiychilarning aniqlangan harbiy bazalari va mashg‘ulot lagerlariga bir martalik hujum uyushtirgan. Bayden agar zaruriyat tug‘ilsa, ikkilanmasdan yana Yamanga hujum qilinishini ta’kidlagan.
Husiychilar ushbu hujumlar natijasida birorta inson halok bo‘lmaganini ta’kidlagan. 12 ta obektga hujum qiruvchi samolyotlar bilan emas faqat qanotli raketalar yordamida amalga oshirilganiga urg‘u berilgan.
Yamanning «Ansorulloh» harakati Saudiya Arabistoni, BAA va Qatarni agar ular havo kengliklarini Amerika va Britaniya armiyasi uchun ochib berishsa, bu ularning rasman Yamanga qarshi urushga qo‘shilganini anglatishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
«Ansorulloh» hujumlar Saudiya Arabistoni bilan bo‘lib o‘tgan 8 yillik urush davrida ko‘p marta bombalangan obektlarga uyushtirilgani, husiychilarga aytarli ziyon yetkaza olmaganini ta’kidlagan.
«AQSh va Buyuk Britaniya Yamanga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri agressiya ularning tarixidagi eng katta ahmoqlik ekanini tez orada bilib olishadi», — degan Yamandagi husiychilar kengashi a’zosi Muhammad al-Bahiniy.
Qayd etish lozimki, Yamanga qarshi yer ustidan operatsiya o‘tkazish qiyin. Yaman hududi ancha katta va juda ko‘plab tabiiy to‘siqlarga ega. Mamlakatda rivojlangan infratuzilmaning o‘zi yo‘q. Shu sababli husiychilarning aniq joylashgan o‘rinlari ham hech kimga ma’lum emas. Hozircha Yamanda harbiy dengiz floti yo‘q. Biroq ular kemalarga torpedolar yordamida hujum qilishi mumkin.
Yaman Britaniya harbiy kemasiga ana shunday ikkita torpedo bilan hujum qilgan. Bu ma’lumot hali rasman tasdiqlangani yo‘q.
Husiychilarni esa avval Eron, uning ortidan Suriya to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytib chiqdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Britaniyaning husiychilar pozitsiyalariga zarbasini o‘zboshimchalik va Yaman hududiy yaxlitligini buzish, deb atadi
Eslatib o‘tamiz, Falastin-Isroil mojarosi avj olgach, husiychilar Isroil hududiga hujum qilishini va ularga aloqador kemalarni Qizil dengizdagi Bob-ul Mandab bo‘g‘ozidan o‘tkazmasliklarini aytgan edi.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoda Isroil agressiyasi tufayli o‘ldirilgan falastinliklar soni 23 ming 469 kishiga yetdi. 97 kundan beri to‘xtovsiz davom etayotgan bombalashlar natijasida yana 60 mingga yaqin odam yaralangan.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina so‘nggi sutka ichida Isroil 10 ta ommaviy qirg‘in sodir etgan va 112 kishining yostig‘ini quritgan, 200 ga yaqin inson yarador qilingan. 7 oktyabrdan buyon Isroil 2000 ga yaqin ommaviy qirg‘in sodir etgan. 7000 dan ziyod falastinliklar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ularning 70 foizi ayollar va yosh bolalar.
Isroil 97 kunlik dahshatli xunrezlik davomida G‘azo sektorida 10 mingdan ortiq bolalarni o‘ldirgan. Butun turarjoy infratuzilmasi poydevorlarigacha vayron qilingan. Ularni qayta tiklashga bo‘lgan umidlar tobora so‘nib bormoqda.
Isroil faqat G‘azo bilan cheklanmayapti. Okkupatsiya qilingan O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida hibsga olingan falastinliklar soni 5,8 mingga yaqinlashgan. Isroil armiyasi harbiylari Jiynin, Bayt-Lahm va Ramalloh shaharlarida muntazam reydlar o‘tkazib turibdi.
Isroil ustidan sud
Ikki kundan beri Haagadagi BMT xalqaro sudida Janubiy Afrika Respublikasining Isroilni genotsidda ayblab bergan arizasi ko‘rib chiqilmoqda.
Juda ko‘pchilikda nega shuncha musulmon davlatlar turib, aynan JAR Isroilga qarshi bu arizani bergan, degan savollar tug‘ilayotgan bo‘lishi mumkin. Fursatdan foydalanib, tushuntirsak. Janubiy Afrika Respublikasi aparteid davrini boshidan kechirgan, oq tanli irqchilarga qarshi uzoq yillar kurashgan va bu borada boy yuridik tajribaga ega.
Aynan shuning uchun JARning har tomonlama puxta arizasi tufayli Isroil sudda yutqazishi ehtimoli juda katta ekani taxmin qilinmoqda. Qolaversa, JARni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham juda ko‘p.
Arab davlatlari ligasi JAR arizasini to‘liq qo‘llashini e’lon qildi. Turkiya delegatsiyasi sud majlisini jonli kuzatish uchun Haagaga borgan. Shuningdek Eron ham JARning arizasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish ham «genotsid ishi» yuzasidan Xalqaro sudda o‘tayotgan sud majlisini sinchkovlik bilan kuzatayotganini ma’lum qildi.
Ukrainaga yordam
Yevropa Ittifoqi shu yilning bahorigacha Ukraina uchun million dona artilleriya snaryadlari tayyorlab beradi — Yevrokomissiyaning rasmiy vakili Bernsel
«Yevropa sanoati allaqachon bir million artilleriya snaryadlarini sezilarli darajada oshiradigan ishlab chiqarish quvvatiga ega va biz bahorgacha bu maqsadga erishamiz», — degan Bernsel.
Estoniya Ukrainaga 1,2 milliard yevro qiymatidagi uzoq muddatli harbiy yordam paketini taqdim etishini ma’lum qildi.
Pentagon esa Ukrainaga yetkazilayotgan qurol-yarog‘larni kuzata turib, 1 mlrd dollarlik qurollarni «yo‘qotib» qo‘ygan. AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga yetkazilgan 40 ming birlik qurollarning hisobini chiqara olmayapti, degan idoraning bosh inspektori Royert Storch o‘z dokladida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga harbiy yordam yomon kuzatilgan va nazorat qilingan va shu sababli ko‘chma raketa komplekslari, kamikadze dronlar va tunda ko‘rish asboblaridan iborat 1 mlrd dollarlik qurol-aslahalar Pentagonning diqqat markazidan tushib qolgan. Storch bu narsalar o‘g‘irlangan yoki kontrabandachilarga yetkazilgan bo‘lishi mumkinligidan tashvishda ekanini aytgan.
Zelenskiy bayonotlari
Latviyaga rasmiy tashrif bilan borgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rigada boltiqbo‘yilik jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, G‘arbning moliyaviy yordamisiz Ukraina pensiyalarni to‘lay olmasligini qayd etdi.
«Biz juda ko‘p narsalarni o‘z pulimizga sotib olamiz, lekin moliyalashtirish bo‘lmaganda-chi? Biz pensionerlarga pul topib berolmay qolamiz. Men rahmlaringni keltirmoqchi emasman, pensiyasiz qariyalar shunchaki o‘lib ketishadi. Bizda pensionarlar 11 million nafar. Yevropada shuncha qariyaga ega boshqa birorta davlat bormi?» — degan Ukraina prezidenti.
U, shuningdek, Putin qayta saylanadigan yilda Rossiya hujum qilishda davom etishi, chunki ruslar kichik taktik g‘alabalarni qo‘lga kiritishni istayotganini aytgan. Shu sababli martgacha okkupantlar ilgarilashga harakat qilishadi, degan Zelenskiy.
Ukraina prezidentiga ko‘ra, Ukrainaga atalgan pullarning 70 foizi AQShning o‘zida qolgan.
«Agar biz osmonni qamaldan ozod qilolsak, olg‘a siljiymiz, qilolmasak hozir qayerda bo‘lsak shu joyda qolamiz», — degan Zelenskiy.
Uning aytishicha, Putin qadam bosgan har qanday joyda iqtisodiy o‘sish bo‘lmaydi, lekin o‘zlikni yo‘qotish bo‘ladi.
«Rossiya vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlarda erkaklarni yoppa safarbar qilmoqda. Ularni sanab ham o‘tirishgani yo‘q, sanashmaydi ham, muhimi Rossiyaga kamroq jasadlar borsa bo‘lgani», — degan Zelenskiy.
«Men hozircha yo‘qotishlarimiz haqida ayta olmayman. So‘nggi 2 yil ichidagi yo‘qotishlarimizni oling, ularni choraklarga bo‘ling va qurol-yarog‘ yetkazish sustlashgan so‘nggi uch oyda biz qancha odam yo‘qotayotganimizga taqqoslang», — degan Ukraina prezidenti.
Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukrainadan keyin O‘zbekistonni bosib olishi mumkinligi haqida ham gapirdi
«Ukrainadan keyin kimni shunday xavf-xatarlar kutayotganini juda yaxshi bilasiz. Agar Ukraina muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, keyingi o‘rinlarni Litva, Latviya, Estoniya, Moldova egallashi mumkin. Yaqinda u Finlandiya va O‘zbekiston haqida gapira boshladi. Hammamiz birgalikda uni tugatmagunimizcha, Putin to‘xtamaydi», — degan Zelenskiy matbuot anjumanida.
Zelenskiy Rossiya – murakkab dushmanligi va ular tinch aholini o‘ldirishdan aslo qo‘rqmasligini ta’kidlagan.
Eron kemani hibsga oldi
Eron O‘mon qo‘ltig‘ida Iroqdan Turkiyaga neft tashib ketayogan Sentt Nikolas tankeri va uning komandasini hibsga olgan. Qo‘lga olingan shu tanker o‘tgan yili Eron neftini tashigani uchun AQSh tomonidan hisbga olingan edi. O‘shanda Eron bu xatti-harakat «javobsiz qolmasligi» bilan tahdid qilgandi.
AQSh davlat departamenti Erondan kemani va uning jamoasini qo‘yib yuborishni so‘ragan.
Britaniyaning Ambrey qo‘riqlash kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Marshall orollari bayrog‘i ostida harakat qilayotgan kema O‘monning Suxar shahriga yaqinlashayotgan chog‘da qurolli kishilar tomonidan egallangan va shundan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirib, Eronning Jask porti tomon yo‘l olgan. Eron ommaviy axborot vositalari neft ortgan tanker Eron harbiy dengiz kuchlari tomonidan sud qaroriga ko‘ra «hisbga olingani»ni yozmoqda.
Ilhom Aliyevning bayonotlari
Ozarboyjon prezidenti Rossiya tinchlikparvar missiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanganini ta’kidladi.
Qorabog‘ga joylashtirilgan Rossiya tinchlikparvar missiyasi harakatlariga e’tirozlar bor va rasmiy Boku bir necha bor buni Rossiya tomoniga bildirgan.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, uchtomonlama shartnoma imzolangach, Armaniston Qorabog‘ga qurol-yarog‘ olib kirishda davom etgan va qo‘shinlarini rotatsiya qilgan. Boku 5 marta Moskvaga Lochin koridori ustidan hamkorlikda nazorat o‘rnatishni taklif qilgan. Biroq har safar Moskva rad etavergach, Boku Lochin koridoriga kirishda nazorat-o‘tkazish punkti qurishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Armaniston qurol-yarog‘ tashishni to‘xtatgan.
Ilhom Aliyev Fransiya ham Armanistonni yangi urushga tayyorlayotganlikda ayblagan.
Parij Yerevanni qurollantirib va arman askarlarini mashq qildirib, Armanistonni «navbatdagi urush»ga tayyorlayotganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday xatti-harakatlar Ozarboyjonni «doimiy bosim ostida ushlab turish uchun» qilinmoqda.
Ekvadorda nima gap?
Ekvadordagi vaziyat sekin-asta o‘z o‘zaniga qaytmoqda. Mamlakat xavfsizlik kuchlari qurolli tartibsizliklar boshlanganidan buyon jinoiy guruhlarning 329 a’zosini qo‘lga olgan.
Eslatib o‘tamiz, bu mamlakatda Meksika narkokartellarining moliyalashtirishi tufayli mamlakatdagi qamoqxonalarda isyon ko‘tarilib, eng ashaddiy jinoiy guruh yetakchilari qamoqxonalardan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va qurolli tartibsizliklar keltirib chiqargan edi.
Mavzuga oid
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024