Jahon | 22:27 / 17.01.2024
11559
12 daqiqa o‘qiladi

Pokistonni bombalagan Eron, G‘arbdan yana yordam olayotgan Ukraina va Samsung’dan o‘zgan Apple - kun dayjesti

Jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoriga qonli bosqini 1948 yildan buyon Falastin xalqining eng yirik majburiy ko‘chishiga sabab bo‘ldi, deb bayonot bergan BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligi.

Jahon sog‘liqni saylash tashkiloti bosh direktori Tedros Adan Gebreyyesus G‘azoda bo‘layotgan voqealarni “fojia» deb atagan va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Isroil o‘z bombalashlari bilan G‘azoda BMTda ishlovchi 152 nafar xodimni o‘ldirgan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bu sonni BMT tarixidagi eng katta raqam deb atagan va u ham mojaro tomonlarini o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Isroil armiyasining 7 oktyabrdan buyon amalga oshirayotgan hujumlari natijasida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 24 ming 285 nafarga yetgan. Yaradorlar soni esa 60 mingdan oshgan. Minglab insonlar bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda. Ularning jasadlari turarjoy vayronalari ostida bo‘lishi mumkin.

Bu orada Isroil va HAMAS Qatarning vositachiligida hibsda ushlab turilgan garovdagi Isroil fuqarolariga dori-darmonlar yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani xabar qilindi.

Kecha HAMASning siyosiy yetakchisi Yahyo as-Sinvar Yevropaning terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum qilindi.

«Bu qaror HAMASdan kelayotgan tahdid va uning Isroilga qarshi 2023 yilning 7 oktyabrida amalga oshirgan shafqatsiz va tanlovsiz terrorchilik harakatlariga reaksiyaning bir qismidir. Bu sanksiyalar bugundan kuchga kiradi», — deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi kommunikesida. 

Eronning Pokistonga zarbasi

Eronning Pokiston hududidagi Panjur shahrida joylashgan «Jaysh ul-Adl» sunniylar guruhlariga bergan raketa va dron zarbalari oqibatida ikkita yosh bola halok bo‘lgan yana uch qiz yaralangan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu zarbalarga norozilik bildirib, Eron mamlakat havo kengliklarini «provokatsiya qilmasdan buzib o‘tgani»ni ta’kidlagan. Pokiston har ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘plab aloqa kanallariga qaramasdan hujum noqonuniy amalga oshirilganidan tashvishda ekanini bayon qilgan.

Pokistonning qat’iy e’tirozi Tehrondagi Eron Tashqi ishlar vazirligining oliy martabali mulozimiga topshirilgan.

Avvalroq Eron davlat ommaviy axborot vositalari Pokistonning Balujiston viloyatida sunniylarning «Jaysh ul-Adl» (Adolat armiyasi) jangarilariga tegishli ikkita qarorgohga raketalar va dronlar yordamida zarba berganini xabar qilgan edi. Tehron «Jaysh ul-Adl»ni terrorchilik tashkiloti, deb hisoblaydi.

Tashkilot Eron harbiylariga hujumi bilan mashhur. O‘tgan oyda mazkur tashkilot jangarilari Eronning Siston-Balujiston viloyatidagi politsiya bo‘linmasiga qilingan hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan edi. Hujum natijasida 11 nafar politsiyachi o‘ldirilgan edi.

«Jaysh ul-Adl»ga 2012 yilda asos solingan. Guruh a’zolari baluj millatchilaridan iborat. Guruh Eronning Siston-Balujiston viloyati hududida mustaqil davlat tuzishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 

Eronning Iroqqa zarbasi

Eron Iroqdagi Shimoliy Kurdiston poytaxti Arbil shahriga zarba berishi oqibatida kurdlarning eng yirik biznesmenlaridan biri — Peshrav Dizaiy o‘ldirilgan. Biznesmen oilasining 4 nafar a’zolari ham halok bo‘lishgan. Jumladan, uning 1 yoshli nevarasi.

Dizaiyning uyiga Erondan 4 ta ballistik raketa uchib kelgan.

Eron tomonining iddao qilishicha, u Iroq kurdlarining mintaqaviy hukumati a’zolari, birinchi navbatda Barzoniylar oilasi, shuningdek Isroilning MOSSAD razvedkasi bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Peshrav Dizaiy Empire World Real Estate va Falcon Group kompaniyalariga egalik qilgan. Eron manbalari Dizaiy o‘z kompaniyalari orqali isroilga neft yetkazib berganini ham iddao qilmoqda.

Falcon kompaniyasi 2003 yilda Iroq amerikaliklar tomonidan okkupatsiya qilinganidan so‘ng tuzilgan. Saddam Husayn yiqitilgach, kompaniya Iroqda developerlik va rieltorlik ishlarini amalga oshirish bo‘yicha litsenziya olgan.

Iroqda Peshrav Dizaiydan tashqari Kurdiston demokratik partiyasi yetakchilaridan biri Hamin Xurramiy, «Peshmerga» razvedka kuchlarining sobiq qo‘mondoni Aji Amin, iroqlik biznesmen va Samsung kompaniyasi aksiyadorlaridan biri Karom Mixail ham o‘ldirilgan. Ularning barchasi Eron tomonidan g‘arb foydasiga josuslikni moliyalashtirganlikda ayblanib keladi. 

Qizil dengizdagi vaziyat

AQSh yana Yamandagi husiychilar pozitsiyalariga zarba berdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, AQSh harbiylari Yamandagi husiychilarning kemalarga qarshi raketa komlekslari saqlanayotgan nuqtaga avia va raketa zarbalari bergan.

Husiychilar Gretsiyaning «Zografia» yuk kemasini nishonga olgan. Grek kompaniyasiga tegishli kema Yamanning shimoli-g‘arbiy qismida, qirg‘oqdan 76 mil narida zarbaga duchor bo‘lgan. Ekipajning 24 a’zosidan hech kim jabrlanmagan.

Sezilarli zarar ko‘rmagan kema ayni paytda Malta bayrog‘i ostida Suvaysh kanali tomon harakat qilmoqda.

Rossiya neft tankeriga Qizil dengizda hujum qilingach, Rossiya kemalari ham Bob ul-Mandab bo‘g‘ozidan o‘tishga cho‘chib qolishdi. Yevropa tomon yo‘l olgan, suyultirilgan tabiiy gaz ortgan tankerlar Qizil dengizni chetlab, Afrika yoqalab suza boshlashdi. O‘tgan jumadan buyon Bob ul-Mandab bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan bunday kemalar soni 96 foizga kamaygan.

AQSh husiychilarning «Ansorulloh» harakatini yana xorijiy terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shmoqchi, deb xabar bermoqda Associated Press agentligi. 2021 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari yamanlik isyonchi-husiychilarni AQShning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan rasman chiqargan edi.

Husiychilar ham bayonotda bo‘sh kelmayapti. «Ansorulloh» harakati matbuot xizmat rahbarining o‘rinbosari Nasriddin Amir harakat bundan buyon Qizil dengizdagi Isroil kemalari qatori Amerika kemalariga ham birdek hujum uyushtirilishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh «o‘zining dengiz xavfsizligini boy berish arafasida turibdi». 

Ukrainaga yordam

Fransiya Ukrainaga qo‘shimcha 40 ta SCALP raketalari va yuzlab aviabombalarni jo‘natadi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron e’lon qildi. Fransiya prezidenti fevral oyida Kiyevga borishini u yerda Buyuk Britaniya bilan imzolangani kabi, Ukraina bilan xavfsizlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishini ham xabar berdi.

Germaniya 2023 yilda jahonning eng yirik iqtisodiyotlari ichida eng yomon natijani qayd etgani, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 0,3 foizga kamayganiga qaramasdan, nemislar Ukrainaga harbiy yordamni ikki barobarga oshirmoqchi. GFR hukumati 2024 yilda Kiyevni harbiy qo‘llab-quvvatlashga avval reja qilinganidek 4 milliard emas, 7 milliard yevro ajratishni mo‘ljallamoqda, degan Olaf Shols.

Germaniya parlamentida Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berish ovozga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Germaniyaning muxolifatdagi Xristian demokratlar ittifoqi va Xristian sotsialistlar ittifoqi bloki Germaniya hukumatiga Ukrainaga Taurus qanotli raketalarini yetkazib berish borasida bosim o‘tkazmoqda.

«Biz Ukrainadagi vaziyatni kretik deb baholaymiz. Ukraina armiyasida hozir Rossiya qo‘shinlarini ortga surish uchun hech bir istiqbol yo‘q. Taurus raketalari esa Ukraina qurolli kuchlarining yangi g‘alabalariga yordam bergan bo‘lardi», — degan Xristian demokratik ittifoqi raisi Fridrix Mers.

Ukrainani kelgusida qo‘llab-quvvatlashni kelishish Kongressda tasdiqdan o‘tmayotgani borasidagi qiyinchiliklarga qaramasdan, Vashington Kiyevga yordam berishda davom etadi, degan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Davos forumida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda.

Payshanba kuni Yevropa parlamentida Vengriyani Yevropa kengashida ovoz berish huquqidan mahrum etuvchi rezolyutsiyaga ovoz beriladi. Bunday chora qo‘llanishiga sabab Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yevropaliklarning Ukrainaga 54 milliard yevrolik yordam paketini bloklagan edi. Vaziyatning bunaqa tus olishini kutmagan Viktor Orban qo‘rqib ketib, Ukrainani moliyalashtirishga vetoni olib tashlashga rozilik bergan. 

Rossiyaga qarshi choralar

Xitoy banklari AQSh sanksiyalaridan cho‘chib Rossiya bilan ishlashni cheklamoqda. Xitoy davlat banklari Rossiya bilan operatsiyalar ustidan qattiq nazorat o‘rnatadigan bo‘ldi, deb xabar beradi Bloomberg.

Agentlik manbasining xabar berishicha, Xitoyning kamida ikkita eng yirik banki o‘zining Rossiyadagi biznesini qayta ko‘rib chiqishga kirishgan. Bu banklar sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan kompaniyalarga xizmat ko‘rsatishni bas qiladi, Rossiya mudofaa sanoat komleksiga moliyaviy xizmatlar taqdim etmaydi.

Xitoy bankirlari o‘z mijozlari orasida benefitsiarlari va nazorat qiluvchi shaxslari Rossiyadan bo‘lganlarni ham axtarishga kirishgan. Tekshiruvlar Rossiya bilan biznes yuritayotgan yoki uchinchi davlat orqali Rossiyaga tovarlar sotayotgan kompaniyalarni ham qamrab oladi.

Turkiya banklari ham Rossiyaga nisbatan to‘lov qamalini joriy qilishgan. Rossiya kompaniyalariga sanksiyalarni chetlab o‘tishda asosiy hab vazifasini o‘tayotgan va Rossiyaga tovarlar yetkazib berishni ikki barobarga oshirgan Turkiya bilan ishlashda qiyinchiliklar vujudga kela boshladi.

2024 yilning yanvaridan boshlab Turkiya banklari Rossiyadan pul o‘tkazmalarini bloklay boshlagan. Savdo bitimlari uchun hisob-kitoblar to‘xtab qolgan. Turkiya banklari Rossiyadan rubl ham, lira ham qabul qilmayapti.

Ayrim banklar bitim «taqiqlangan tovarlar bilan bog‘liq» ekanini aytib, avval kelishilgan tranzaksiyalarni ham bekor qila boshlagan.

Muammo Turkiyaga AQSh davlat kotibi Entoni Blinken kelib ketganidan keyin boshlangan. Blinken o‘z tashrifi davomida Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan «sanksiyalar va eksport nazorati» hamda ularni ehtimolli chetlab o‘tish yo‘llariga to‘siq qo‘yishni muhokama qilgan.

Bu orada Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan zaxiralarini musodara qilish boshlanganini e’lon qildi. Yevrokomissiya tomonidan taklif qilingan va Rossiyaning 300 mlrd dollarlik muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar Ukraina manfaatlarini ko‘zlab ishlatiladi, degan Belgiya moliya vaziri Vinsent van Petegem. U va uning hamkasblari bu masalada tezda siljish qilish bo‘yicha qat’iy niyat borligini ma’lum qilishgan. 

Qurollanayotgan Turkiya

Turkiya Ispaniya bilan ikkinchi aviatashuvchi kema qurish to‘g‘risida kelishib oldi

Yangi aviatashuvchining nomi «Trakya» bo‘ladi va u Yevropadagi beshinchi, jahondagi to‘qqizinchi yirik «Navantia» kemasozlik kompaniyasi tomonidan Turkiyada yasaladi.

Turkiyaning birinchi aviatashuvchi kemasi TCG Anadolu 2023 yilning aprelida qabul qilib olingan edi. Bu bilan Turkiya o‘z flotida harakatdagi aviatashuvchi kemaga ega jahondagi 15-mamlakatga aylangan edi. 

Samsung’dan o‘zgan Apple

Samsung so‘nggi 13 yil ichida ilk bor eng yirik telefon ishlab chiqaruvchi kompaniya rutbasidan mahrum bo‘ldi. Apple birinchi o‘ringa chiqdi.

IDS tadqiqot kompaniyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Apple kompaniyasi o‘z mijozlariga 234,5 million qurilma yetkazib bergan. Samsung’da bu boradagi ko‘rsatkich 226,6 million. Samsung 2011 yildan buyon ilk marta yetakchilikdan tushib ketmoqda. O‘shanda Samsung kompaniyasi Finlandiyaning Nokia kompaniyasini 1-o‘rindan tushirib yuborib, yetakchilikni qo‘lga olgan edi.

Mavzuga oid