Jahon | 22:05 / 01.02.2024
11175
7 daqiqa o‘qiladi

G‘azo bo‘yicha muzokaralar, qurol-yarog‘siz qolayotgan Ukraina va AQSh Senatidagi ziddiyatlar - kun dayjesti 

So‘nggi bir kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

Amerika G‘azo sektorida davomli otashkesimga erishish uchun sa’y-harakat qilmoqda. Shundan so‘ng harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra Isroil va HAMAS olti haftalik otashkesim evaziga G‘azodagi garovga olinganlarni ozod qilishni ko‘zda tutuvchi 3 qismli kelishuvni ko‘rib chiqmoqda.

AQSh Isroil va HAMASdan uzoq muddatli sulhga erishishni va bu yo‘lda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bir to‘xtamga kelishni talab qilmoqda, deb yozadi nashr.

Al Hadath telekanali bergan xabarlarga ko‘ra, HAMAS Isroil qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan mahbuslarning bosqichma-bosqich ozod etilishi evaziga garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod etishga rozilik bergan.

Axios portalining xabar berishicha, AQSh davlat departamenti Falastin davlatini tan olish masalasini o‘rganib chiqmoqda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken davlat departamentiga Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushdan so‘ng Vashington tomonidan Falastin davlati tan olinishining ehtimolli variantlarini tahlil qilish va taklif qilish vazifasini topshirgan.

Urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi chaqiriqlarga qaramasdan G‘azoda qirg‘in davom etmoqda va urushda jabrlanganlar soni 100 mingga yaqinlashmoqda.

7 oktyabrdan buyon o‘ldirilgan falastinliklar soni kamida 26 ming 751 nafarga yetgan. Yaradorlar soni 66 mingdan oshgan. G‘azodagi vayronalar ostida minglab insonlar bedarak yo‘qolgan. Ularning aksariyat qismi allaqachon o‘lgan.

Falastin tashqi ishlar vazirligi xalqaro hamjamiyatni Isroilning ommaviy qirg‘inlarini tergov qilishga chaqirdi. Vazirlik G‘azodagi maktablardan birida ko‘zlari bog‘langan holda 30 ta jasad topilganini o‘z xatida bildirib o‘tgan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

AQSh va Buyuk Britaniya Yaman hududida mahalliy sunniy hukumatga qarshi bosh ko‘targan va mamlakatning shimoliy g‘arbiy qismini o‘z nazoratiga olgan shia isyonchi husiychilarning «Ansorulloh» harakati obektlariga navbatdagi zarbalar seriyasini bergan. Bu haqda husiychilarga tegishli Al-Masirah telekanali xabar bergan.

Al-Mayadin telekanali muxbirining xabar berishicha, amerikalik va britaniyaliklarning to‘xtovsiz aviazarbalari Qizil dengiz sohilida joylashgan Hudayda shahrining shimoliy qismiga to‘g‘ri kelgan.

Shu telekanal orqali qilgan chiqishida husiychilar vakili Yahyo Sariya ta’kidlab, Amerikaning Isroilga yo‘l olgan savdo kemasi o‘qqa tutilganini ham ma’lum qilgan.

Generalning ma’lum qilishicha, 31 yanvar kuni husiychilar nazorati ostidagi qurolli kuchlar Amerikaning Isroilga yo‘l olgan «Cole» savdo kemasiga kemalarga qarshi raketalar bilan hujum qilgan.

Sariyaning aytishicha, ushbu savdo kemasiga hujum qilinishidan bir necha soat avval husiychilar Qizil dengizda amerikaning USS Gravely harbiy kemasiga ham hujum qilishganini aytib o‘tgan.

Sariya ushbu hujum muvaffaqiyatli yakunlangan-yakunlanmaganiga aniqlik kiritmagan. Biroq amerikalik harbiylar isyonchi-husiychilarning «Ansorulloh» harakatiga mansub kemalarga qarshi ishlatiladigan raketasi USS Gravely esminetsi tomonidan urib tushirgani haqida xabar bergan. 

Ukrainadagi vaziyat

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni bir hafta ichida iste’foga chiqaradi, deb xabar bermoqda CNN telekanali o‘z manbalariga tayanib.

O‘zaro suhbat chog‘ida Zelenskiy Zalujniyga boshqa mansab taklif qilgan, biroq bosh qo‘mondon bu taklifni rad etgan. Bunga javoban, Zelenskiy boshqa mansabni rad etganlik iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi qarorga ta’sir o‘tkaza olmasligini aytgan.

Frontdagi vaziyat ham Ukraina uchun og‘ir kechmoqda. Bloomberg nashrining yozishicha, Rossiya armiyasining qurollanishi Ukrainanikidan uch barobarga ko‘proq.

Shu sabab Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov Yevropa Ittifoqidagi o‘z hamkasblariga artilleriya snaryadlari kritik yetishmovchiligi bo‘yicha xat yo‘llagan.

Xatda ma’lum qilinishicha, Ukraina qurolli kuchlari 1,5 ming kilometrga cho‘zilgan front chizig‘i bo‘ylab kuniga 2 mingdan ortiq snaryad ishlata olmayapti. Rossiya esa har kuni front chizig‘iga Ukrainanikidan uch borobar oshuvchi o‘t ochish quvvatlarini joylashtirmoqda.

Umerovning ta’kidlashicha, Ukrainada qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetishmovchiligi kun sayin oshib bormoqda. Shu sababli u Yevropadagi ittifoqchilaridan millionta snaryad yetkazib berish bo‘yicha tezroq harakat qilishni so‘ragan.

Yanvar oyida Ukraina davlat budjeti faqat Yaponiyadan 390 mln dollar yordam olgan va bu 2024 yilda Ukrainaga g‘arblik hamkorlar tomonidan ko‘rsatilgan yagona yordam bo‘lib turibdi.

Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu mablag‘lar Yaponiya tomonidan Jahon banki loyihalari doirasida qishloq xo‘jaligini tiklash va ijtimoiy himoya qilish uchun berilgan. Mablag‘larning 90 millioni grant, 300 millioni qarzdir.

Orbanning injiqligi

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi rahbariyati almashtirilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Unga ko‘ra, hozirgi rahbariyat Ukraina manfaatlarini himoya qiladi, Ukraina dempingi tufayli aziyat chekayotgan yevropalik fermerlar manfaatiga loqayd. Bu haqda u Yevropa Ittifoqi sammitida ishtirok etish uchun Bryussel shahriga keliboq jurnalistlar huzurida bayonot bergan.

Bryusselda o‘tadigan Yevropa Ittifoqining shoshilinch sammitida ittifoqqa a’zo 26 ta davlatning yetakchilari ikkinchi bor Orbanni Ukrainaga kelgusi 4 yilga 50 mlrd moliyaviy yordam ajratish masalasiga rozilik berishga ko‘ndirishga ikkinchi bor urinib ko‘rishadi.

Eslatib o‘tamiz, Orban ushbu yordam ajratilishiga qarshilik ko‘rsatmasligi, biroq yordam birvarakayiga 4 yil uchun emas, har yili alohida ajratilishi kerakligini ta’kidlamoqda. 

AQSh Senatidagi ziddiyat

Ukrainaga ajratiladigan yordam bog‘liq bo‘lib turgan Amerika-Meksika chegarasida xavfsizlik choralarini qat’iylashtirish bo‘yicha kelishuv AQSh Kongressi Senatida barbod bo‘lish arafasida turibdi, deb xabar bermoqda Axios portali o‘z manbalariga tayanib.

Portal manbalarining ma’lum qilishicha, to‘rt oylik maslahatlashuvlardan so‘ng qonun chiqaruvchilar mamlakatning janubiy chegaralarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ikki partiyalik tizimdan voz kechishlari mumkin. Shu sababdan bo‘lsa kerak, tegishli qonun loyihasi matni haligacha e’lon qilinmagan. 

Mavzuga oid