Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda 2024 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar sohadagi ishlar ko‘lamini kengaytirib, bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligini aytdi.
Buning uchun, avvalo, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirish ko‘paytiriladi. Hududlarda yana 20 ta mobil laboratoriya tashkil etilib, Uzagrolab elektron platformasiga integratsiya qilinadi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.
6 mingta bog‘, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Yuqori samarali entomofaglar keltiriladi, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turdagi biologik kurash yo‘lga qo‘yiladi.
Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, yana 8 ta davlatga fitosanitar ruxsat olinadi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmalarda eksportchi korxonalar ishtiroki kengaytirilib, aniq buyurtmalar shakllantiriladi. Farg‘ona, Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlari hududida meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qilishga qaratilgan zamonaviy infratuzilmalar tashkil etiladi.
Xorij tajribasi asosida o‘simliklar himoyasi xodimlarining malakasi oshiriladi. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqiladi.
Davlat rahbari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
08:40 / 18.09.2024
Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vazifalari aniqlashtirildi
08:20 / 13.09.2024
Qishloq xo‘jaligiga bir oyda 77 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi
18:15 / 11.09.2024
Yana 50 ming gektar yer kambag‘al oilalarga bo‘lib beriladi
09:57 / 10.09.2024