Jahon | 12:47 / 07.03.2024
8618
3 daqiqa o‘qiladi

CSIS AQShning Rossiyani tiyib turish bo‘yicha yangi strategiyasini taklif qildi

Rossiyani jilovlash yangi strategiyasida Ukrainadagi urush, Rossiya boshqa mintaqalardagi ta’siri va Moskvaning Pekin bilan do‘stligi hisobga olinishi kerak. 

Foto: Sergei Savostyanov / Sputnik / Reuters

AQSh Ukrainadagi urush va Moskvaning Pekin bilan hamkorligini inobatga olgan holda Rossiyani jilovlash yangi strategiyasini ishlab chiqishi kerak. Bunday fikrni Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari 6 mart, chorshanba kuni chop etilgan Foreign Affairs nashri maqolasida bildirgan

CSIS Ukraina mudofaasi Yevropada xavfsizlikni ta’minlashning asosiy komponenti, deb hisoblaydi. Moskvani Ukrainada ushlab turish, tahlilchilarga ko‘ra, front chizig‘ini iloji boricha Rossiya chegarasiga yaqinroq tutishda ifodalanishi kerak. Bu Rossiya Federatsiyasida ekspansionistik kayfiyatni kamaytiradi va ikki yadroviy davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroning oldini oladi. 

Yevropa Rossiyani tiyib turish uchun harbiy kuchini oshirishi kerak 

Xitoyning ta’siri kuchayib borayotgani sababli, Qo‘shma Shtatlar e’tiborini Hind-Tinch okeani mintaqasiga qaratish kerak. Shu munosabat bilan Yevropa Moskvani jilovlash majburiyatlarining bir qismini o‘z zimmasiga olishi darkor. «Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumi ortidan Yevropa mudofaa xarajatlari oshgani dalda beruvchi qadamdir, biroq qit’a harbiy jihatdan AQShga qaramligicha qolmoqda. 2023 yilda NATO 11 a’zosi yalpi ichki mahsulotning kamida ikki foizini o‘z xarajatlariga sarflash maqsadiga erishdi. Qolganlari ham shunga amal qilishi kerak», deyiladi matnda. 

CSIS ekspertlari, shuningdek, Rossiyaning tahdid ostida bo‘lgan qo‘shnilarini, ayniqsa NATOdan tashqaridagilarni himoya qilishga ustuvor ahamiyat berishga chaqirdi. Masalan, Gurjiston, Armaniston va Moldova. Tahlilchilar fikricha, Vashington bu davlatlar kiberhujumlardan tortib saylovlarga aralashishgacha bo‘lgan Rossiyaning kulrang zona tahdidlariga chidamliligini oshirishga yordam berishi kerak. U ular bilan razvedka ma’lumotlarini almashishi va muhim infratuzilmaga sarmoya kiritishi lozim.

Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanishi AQSh manfaatlariga tahdid solyapti

Yaqin o‘n yilliklarda Qo‘shma Shtatlar Moskvaning ta’sirini kamaytirish uchun Markaziy Osiyo va Afrika mamlakatlariga ko‘proq resurslar ajratishi kerak. Ukrainadagi urush Rossiya va Xitoyni birlashtirdi, deyiladi hisobotda. Har ikki davlat AQShning global yetakchiligini tahdid deb biladi. Urush Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni ham chuqurlashtirdi, u rus qo‘shinlarini qurol-yarog‘ bilan faol ta’minlab kelmoqda. 

Shunga qaramay, Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Xitoyga nisbatan ta’sir kuchiga ega. «Agar 2023 yilda Xitoy-Rossiya savdosi 240 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Xitoyning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 800 milliard dollarni, Xitoyning AQSh bilan savdosi esa 660 milliard dollardan ortiqni tashkil qilgan», - deydi CSIS tahlilchilari. 

Mavzuga oid