Jahon | 20:23 / 26.03.2024
11909
8 daqiqa o‘qiladi

BMTning G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyasi, Putinning terakt bo‘yicha chiqishi va muddatli xizmatni tiklayotgan Yevropa - kun dayjesti

Kun davomida dunyoda ro‘y bergan eng muhim yangiliklar, voqea-hodisalarning batafsil sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Nihoyat, nechanchidir urinishdan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi G‘azoda ramazon oyida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chorlovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu — yaxshi xabar. Yomoni — Isroil bu rezolyutsiyani nazar pisand qilmoqchi emas.

Hujjat 25 mart kuni qabul qilingan. Unda garovga olinganlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilish hamda G‘azoga «shoshilinch yordam oqimini kengaytirish zarurligi» talab qilingan. Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi rezolyutsiya uchun ovoz bergan, AQSh buni yoqlamagan bo‘lsa-da, haytovur veto qo‘ymagan.

HAMAS BMT Xavfsizlik kengashining rezolyutsiyasi qabul qilinganini olqishladi va o‘t ochishni faqat ramazon oyida emas, doimiy to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. HAMAS harakati, shuningdek, Isroil bilan asirlar almashishga zudlik bilan kirishishga tayyor ekanini bildirgan. 

Isroilning reaksiyasi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShning bu harakati avvalgi pozitsiyasidan «aniq chekinish» ekanini va Isroilning harbiy harakatlariga hamda HAMAS tomonidan ushlab turilgan 130 dan ortiq garovga olinganlarni ozod qilishga urinishlariga zarar yetkazishini ta’kidlagan.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant esa G‘azo sektoridagi janglarni to‘xtatishga «ma’naviy haqqi» yo‘qligini aytgan.

«G‘azo sektorida garovga olinganlar qolayotgan paytda urushni to‘xtatishga ma’naviy haqqimiz yo‘q. G‘azo sektorida hal qiluvchi g‘alabaga erisha olmaslik bizni shimoldagi urushga yaqinlashtirishi mumkin», — degan Galant.

Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats BMT Xavfsizlik kengashining rezolyutsiyasiga qaramasdan, barcha garovdagilar ozod qilinmas ekan, armiya harbiy harakatlarni bir daqiqaga ham to‘xtatmasligini bildirdi.

AQShning BMT qoshidagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild BMT Xavfsizlik kengashining G‘azo bo‘yicha bu rezolyutsiyasi majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega ekanini aytgan. Bunga javoban Rossiyaning doimiy vakili Vasiliy Nebenzya AQShlik hamkasbi BMT Nizomini ochib o‘qib ko‘rishi kerakligi, BMT Xavfsizlik Kengashining barcha rezolyutsiyalari bajarilishi shartligini eslatgan. BMT Bosh assambleyasi rezolyutsiyalari tavsiyaviy xarakterga ega. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Husiychilar Qizil dengizda Rossiya va Xitoyga tegishli kemalarga aslo hujum qilmaslik to‘g‘risida bergan va’dalarini buzib qo‘yganga o‘xshayapti.

Bu har ikki davlatga aloqador tanker jangarilarning hujumiga uchragan. Bloomberg nashrining yozishicha, husiychilar o‘tgan shanba kuni Xitoy kompaniyasiga tegishli Huang Pu kemasiga raketa bilan zarba berishgan va kemada yong‘in kelib chiqqan. Voqea qurbonlarsiz tugagan. Ushbu kema Rossiya portidan Rossiya neftini ortib kelayotgan bo‘lgan.

Husiychilar Isroil bilan bog‘liq kemalargagina hujum qilayotganini ta’kidlab kelishadi. O‘zlari yoki ularga yordam berayotgan Eron kemalarning tegishliligi bo‘yicha ma’lumotlar bazasidan foydalanishadi va bu u qadar shaffof soha hisoblanmaydi. Boz ustiga kemalar qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan bo‘lishi, registratsiya o‘zgargan bo‘lishi ham mumkin. Husiychilar bunisini hisobga olmaydi.

G‘arbdagi harbiy manbalar yamanlik husiychilarning AQSh aviatashuvchi kemasiga hujumi chog‘ida bir nafar amerikalik askar halok bo‘lganini xabar qilgan. Amerika harbiy kemasiga qarata 20 dan ortiq raketalar va dronlar uchirilgan. Oqibatda bir askar halok bo‘lgan va uch kishi yaralangan. 

Putin terakt haqida

«Bundan kim manfaatdor ekani qiziq», degan Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan yig‘ilishda.

«Terakt radikal islomchilarning qo‘li bilan amalga oshirilganini bilamiz. Bizni buyurtmachi kim ekani qiziqtiradi. Terakt 2014 yildan buyon Kiyev rejimining qo‘li bilan bizga qarshi urushayotganlar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Natsistlar har qanday iflos ishlardan tap tortmay foydalanishadi. Ustiga-ustak, hozir ularning qarshi hujumi barbod bo‘lgan vaqt», degan Putin.

Putinga ko‘ra, ularning bundan ko‘zlagan maqsadi Kiyev rejimi hali mavjudligini ko‘rsatish, oxirgi ukrainalik qolguniga qadar jang qilish.

«AQSh har xil kanallari orqali go‘yoki o‘z razvedka ma’lumotlariga ko‘ra hammani teraktga Ukrainaning aloqasi yo‘qligiga ishontirmoqchi. Ular hammasini Rossiyada taqiqlangan IShID qilganiga ishontirmoqchi. Bir savolga javob topish kerak: terrorchilar jinoyatni qilgach, nega Ukraina tomonga qarab qochgan? Ularni u yerda kim kutib turgan?» — degan Putin.

Garchi terrorchilarning ushlangan joyi Belarus chegarasigacha 43 km, Ukraina chegarasigacha 118 km bo‘lsa-da, Rossiya tomoni negadir nuqul terrorchilar Ukrainaga qochmoqchi bo‘lganini ro‘kach qilmoqda. Ukrainadagi harbiy to‘siqdan oson o‘tgan taqdirda ham, Rossiya hududini tark etish oson emas-ku?

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti matbuot kotibi Karin Jan-Piyer Moskva ostonasida ro‘y bergan teraktda Ukrainaning aloqadorligini bildiruvchi birorta isbot-dalil yo‘qligini ta’kidlagan edi.

Bu orada Moskvadagi Basmanniy rayon sudi «Crocus City Hall»dagi terakt bo‘yicha yana uch kishini qamoqqa oldi. Tojikistonlik fuqarolardan biri terrorchilar harakatlangan «Reno»ning egasi bo‘lgan, qolgan ikkisi — uning otasi va akasi.

Aka-uka Dilovar va Aminjon Islomovlar, shuningdek, ularning otasi Isroil ikki oy muddatga, 22 mayga qadar qamoqqa olingan. Ularning uchalasiga nisbatan uyushgan guruh tarkibida insonlar o‘limiga olib kelgan terakt sodir etish moddasi qo‘llangan. Aka-ukalarga ayblov e’lon qilingan, ularning otasi hozircha gumonlanuvchi maqomida qolmoqda. 

Ukrainada Telegramʼni cheklashmoqchi

Ukrainada Telegram messenjerida Rossiya propagandasini cheklash to‘g‘risida qonun qabul qilinishi mumkin. Deputatlar Telegram messenjeriga kontentni o‘chirish va kanallarni bloklash majburiyatini yuklamoqchi

«Ukrainaliklarning 72 foizi axborot olish uchun foydalanadigan platforma qamrovi kamroq bo‘lgan boshqa ommaviy axborot vositalaridan kam bo‘lmagan tarzda tartibga solinishi kerak», — deyiladi qonun loyihasiga tushuntirish xatida.

Oliy Radaga kiritilgan qonun loyihasiga ko‘ra, TV va radioeshittirish milliy kengashi talabiga ko‘ra messenjer kanallardagi kontentni o‘chirishi, shuningdek kanallar va ayrim foydalanuvchilarni bloklashi lozim bo‘ladi. Axborotdan umumiy foydalanish platformalari provayderlari media sohasidagi alohida sub’yektga tenglashtiriladi va ular Ukrainada o‘z vakolatxonasini ochishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, ular mulk va moliyalashtirish tuzilmasini ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. 

Yevropada urush ko‘lankasi

Rossiyaning zarbasini eng birinchi qabul qilib olishi mumkin bo‘lgan Boltiqbo‘yi davlatlari yetakchilari NATO a’zolarini muddatli harbiy xizmatni tiklashga chaqirgan, deb yozadi Financial Times.

Latviya va Estoniya prezidentlari Yevropaning boshqa davlatlarini Rossiya tomonidan bo‘ladigan harbiy tahdidga tayyorlanish uchun ko‘proq ishlar qilish, chunonchi, armiyaga chaqiruvni tiklashdan boshlab, harbiy xarajatlarni keskin oshirish uchun maxsus soliq joriy etishga chaqirgan.

Yevropada harbiy majburiyat tiklanmoqda. Latviya uni o‘tgan yili tiklagandi, Litva va Shvetsiya yaqinda tiklagan. Estoniya, Finlandiya va Norvegiya «sovuq urush» davridan buyon uni bas qilmagan, Daniya esa ayollarni ham erkaklar qatori harbiy xizmatga majbur qilishni taklif etgan.

Mavzuga oid