NATO: Vaziyat qiyin, ammo Ukraina ustunlikka erishishi mumkin
NATOning bir qancha davlatlari Patriot tizimlarini Ukrainaga o‘tkazish uchun o‘z omborlarida qidirib topishga va’da berdi. Ayni paytda alyans UQKga uzoq muddatli harbiy yordam ko‘rsatish rejasi haqida o‘ylamoqda.
4 aprel, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishida Ukraina tomoni ittifoqchilaridan o‘zini Rossiya raketa hujumlaridan himoya qilish uchun zudlik bilan ko‘proq Patriot havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlashni so‘radi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, bir qancha a’zo davlatlar Ukrainaga o‘zining qurol-yarog‘ zaxiralarini «inventarizatsiyadan o‘tkazish» va yordam ko‘rsatishga va’da bergan.
Yig‘ilish oldidan NATO qarorgohida Shimoliy Atlantika ittifoqining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. Bayramdan so‘ng darhol Stoltenberg va Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba jurnalistlar bilan suhbatlashdi. «Men tug‘ilgan kunni buzishni xohlamayman, lekin mening bugungi xabarim: Patriot», dedi Kuleba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oddiy ukrainaliklarning hayoti, Ukraina iqtisodiyoti va shaharlarining xavfsizligi havo hujumidan mudofaa tizimlariga bog‘liq. «Ammo biz aynan Patriot haqida gapiryapmiz, chunki bular ballistikani to‘xtata oladigan yagona tizimlar va birgina mart oyida Rossiya Ukrainaga 94 ballistik raketa uchirdi», — dedi vazir. Uning ta’kidlashicha, Ukrainani Patriot tizimlari bilan ta’minlash faqat «ularning ko‘piga ega» NATO ittifoqchilariga bog‘liq.
NATO zudlik bilan Ukraina uchun Patriot qidirmoqda
Kulebaning uchrashuvdagi dalillari ishonchli bo‘ldi, chunki yakuniy matbuot anjumanida Stoltenberg alyansga a’zo davlatlar Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashni «tushunishini» ta’kidladi va ularning ba’zilari «topish uchun» qurol zaxiralarini o‘rganishga rozi bo‘ldi.
Stoltenbergning ta’kidlashicha, samarali havo mudofaasi uchun nafaqat batareyalarning o‘zi, balki tutib oluvchi raketalarga ham ega bo‘lish muhim. «Bir nechta ittifoqchilar qo‘shimcha tizimlarni topish va yuborish uchun yana sa’y-harakatlarni amalga oshirishga va’da berdi. Lekin ularning o‘zi bu jarayonni yakunlamaguncha, men tafsilotlarga aytmayman», dedi bosh kotib.
Stoltenberg: UQKga ko‘proq yordam kerak
NATO Ukrainadagi frontda vaziyat jiddiyligicha qolayotganini tan oldi. «Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, ko‘proq o‘q-dorilar va yordam kerak», deb ta’kidladi Stoltenberg.
Shu bilan birga, u so‘nggi kunlarda NATOga a’zo bir qancha davlatlar yangi tashabbuslar va Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ga harbiy yordam jo‘natishini e’lon qilganini ta’kidladi. Xususan, Germaniya 155 mm kalibrli o‘q-dorilarni sotib olish bo‘yicha Chexiya tashabbusini amalga oshirish uchun deyarli 600 million yevro ajratishini e’lon qildi, Britaniya 10 ming dron, Fransiya esa «bundan ham ko‘proq raketalar va zirhli mashinalar» ajratish, Finlandiya esa - 188 million yevrolik qurol o‘tkazishga va’da berdi.
«Ammo biz bundan ham ko‘proq ish qilishimiz kerak, qo‘llab-quvvatlashimizni yanada kuchliroq va uzoq muddatli qilishimiz kerak», dedi NATO rahbari.
Ukrainadagi frontda vaziyatning ikkita ssenariysi
Alyans bosh kotibi Rossiya armiyasining may-iyun oylarida hujumi ehtimolini baholab, yaqin haftalar va oylarda frontdagi vaziyat rivoji ittifoqchilar birlashib, Ukrainaga barcha zarur harbiy yordam ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘ladi, dedi.
Stoltenbergning ta’kidlashicha, Rossiya «oldingi chiziq bo‘ylab hujumni davom ettirmoqda», ko‘proq odamlarni safarbar qilmoqda va «zarracha olg‘a siljish uchun odamlar va qurollarni qurbon qilishga tayyor».
«Bu jiddiy. Va aslida vaziyatning rivojlanishining ikkita ssenariysi bor. Yoki NATO ittifoqchilari yordamni safarbar qila oladi, Ukraina esa o‘zining ko‘proq hududlarini qaytaradi. Yoki biz bu yordamni safarbar qilmaymiz, shunda Rossiya yangi hududlarni egallab olishi va biz yanada xavfli vaziyatga tushib qolishimiz ehtimoli bor», - dedi bosh kotib.
Uning fikricha, agar ittifoqchilar Ukrainani barcha zarur qurollar bilan ta’minlasa, «ukrainaliklar frontda yangi ustunliklarga ega bo‘lishi mumkin», shuning uchun UQKni mustahkamlash - «Rossiyaga g‘alaba qozonmasligini ko‘rsatishning yagona yo‘li».
«Va bu uni muzokaralar stoliga o‘tirishga, Ukraina suveren va mustaqil davlat sifatida ustunlikka ega bo‘ladigan maqbul yechimga kelishib olishga ishontirishning yagona yo‘li. Bu yuz berishi mumkinligiga qat’iy ishonchim komil», - deya ta’kidladi Stoltenberg.
Mavzuga oid
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
17:41 / 26.11.2024
«Putin doim hujumga tayyor, Tramp – tabiatan developer». Merkelning memuaridan parchalar
13:20 / 26.11.2024