Jahon | 13:07 / 30.04.2024
9147
10 daqiqa o‘qiladi

Netanyahuga qarshi order, AQSh talabalarining namoyishi va ishg‘ol etilish xavfi ostidagi Xarkiv - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoning Rafah shahridan reportajlar uyushtirayotgan Qatarning «Al-Jazeera» telekanali muxbiri Tariq Abu Azzumning ma’lum qilishicha, o‘tgan tun «tinch aholi uchun o‘ta og‘ir kelgan» va kamida 20 nafar falastinlik, jumladan 5 nafar yosh bola Isroilning aviazarbalari tufayli halok bo‘lishgan. O‘nlab odamlar yaralangan.

Shu kunga kelib, Isroil agressiyasi tufayli halok bo‘lgan falastinliklar soni 34 ming 488 kishiga yetgan. 77 ming 643 nafar inson jarohatlangan.

G‘azo janubida joylashgan Rafah shahridagi majburiy ko‘chirilgan aholi lageridan falastinliklar o‘z chodirlariga AQSh universitetlaridagi talabalarga tashakkur bildirib, nomalar yozib olishgan.

«Biz G‘azo bilan birdam talabalardan minnatdormiz. Sizning bizga yo‘llagan nomalaringizni o‘qidik. Tashakkurlar. Ayniqsa Kolumbiya universiteti talabalariga», deb yozilgan chodirga.

G‘azodagi bolalar ham amerikalik talabalarga Isroil genotsidiga qarshi Falastinni qo‘llab namoyish o‘tkazishayotgani uchun chin ko‘ngildan rahmat aytishmoqda.

Bolakaylar qo‘lidagi plakatda «G‘azoni qo‘llayotgan talabaga rahmat. Har doim inson bo‘lib qol», deb yozilgan.

AQShda Falastin tarafdorlari namoyishi

AQShning yetakchi universitetlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlab uyushtirilayotgan norozilik namoyishlarida hibsga olingan talabalar soni 700 dan oshgan.

Namoyishchilar G‘azoda Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan qirg‘inni to‘xtatish, shuningdek universitet ma’muriyatlari Isroilning G‘azoga hujumini qo‘llab-quvvatlayotgan firma va kompaniyalar bilan aloqalarni uzishga chaqirishmoqda.

Harvard universiteti talabalar harakati universitetning talabalar bilan ishlovchi dekani ularning ishi tartib-intizom qo‘mitasiga oshirilishi bilan tahdid qilganiga qaramasdan, Falastin bayrog‘ini o‘rnatishgan.

Baloga giriftor Isroil vazirlari

Isroil vazirlari birin-ketin falokatga yo‘liqa boshlashdi. Isroil harbiy vazirlar mahkamasining a’zosi, «Davlat lageri» partiyasi yetakchisi Beni Gans dushanba kuni mototsiklda sayr qilayotib avariyaga uchrab, jarohatlangan.

Voqea G‘azo sektori chegarasi yaqinidagi Yad-Mo‘rdahay qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. U shifoxonaga olib ketilgan.

O‘tgan hafta ichida bu Isroilning oliy martabali mansabdor shaxslari bilan bog‘liq uchinchi baxtsiz hodisa. Ularning ikkitasi vazirlarning shifoxonaga joylashtirilishi bilan yakunlangan.

26 aprel, juma kuni milliy xavfsizlik vaziri, ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvir Ramla shahrida avtohalokatga uchragan. Uning xizmat mashinasi juda katta tezlikda svetoforning qizil chirog‘ida o‘tayotib, boshqa mashina bilan to‘qnashgan va ag‘darilib ketgan.

Ben-Gvir arzimas jarohatlar bilan shifoxonaga yo‘l olgan edi.

Netanyahuga qarshi order

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi G‘azodagi adolatsiz harbiy operatsiya tufayli Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish to‘g‘risida order berishi mumkin.

The New York Times nashrining ma’lum qilishicha, Isroil hukumati bosh vazir doxil boshqa oliy martabali shaxslarga nisbatan order berilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumatidagilar HAMASning 7 oktyabr kungi hujumiga o‘ta shafqatsiz javob qaytarganlikda ayblanishi mumkin. Ayblov uchun yana bir sabab G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami kiritilishiga monelik ko‘rsatgani bo‘lishi mumkin.

Bir vaqtning o‘zida sud HAMAS yetakchilarini hibsga olish bo‘yicha order berish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq aynan kimlarga va qanday jinoyatlariga nisbatan order berilishi hozircha noma’lum. Nashrga ko‘ra, Xalqaro jinoyat sudining bunday qarori dunyoning ko‘plab davlatlarida Isroil manziliga haqoratomuz ma’naviy shapaloq bo‘ladi. Bu esa HAMASga qarshi harbiy kampaniyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Blinkenning bayonotlari

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroilning HAMASga taklifini maqtadi va arab davlatlarini Eronga qarshi birlashishga chaqirdi.

Blinkenga ko‘ra, Isroil HAMASga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «o‘ta himmatli» taklif bergan. Unga ko‘ra, yarashuv evaziga 20 dan 40 nafargacha garovda ushlab turilganlar ozod qilinishi kerak.

«HAMAS tezda bir qarorga kelishi kerak. Umid qilamanki, ular to‘g‘ri qarorga kelishadi», — degan Blinken.

Blinken shuningdek arablarni Eronga qarshi birlashishga chaqirgan: Ko‘rfaz davlatlariga yanada jips mudofaa integratsiyasi kerak, degan u.

Blinkenning ta’kidlashicha, yaqin haftalar ichida AQSh olti davlat bloki bilan birga havo hujumidan va raketa hujumidan mudofaa tizimini integratsiyalashtirish va dengizda xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib boradi. Ko‘rfaz davlatlari arablari «katta integratsiya» va «katta tinchlik»ni tanlashdi, degan Blinken.

Ukrainadagi urush

Ukraina Xarkiv shahrining o‘n minglab rossiyalik askarlar tomonidan qamal qilinishiga tayyorlanmoqda.

Ukrainaning kattalik bo‘yicha ikkinchi shahari — Xarkivni ishg‘ol qilish uchun Rossiya 20 mingdan 40 minggacha bo‘lgan harbiylardan foydalanishi mumkin, degan BILD nashriga Ukraina armiyasidagi manba.

«Bu holatda biz shimolni mudofaa qilamizmi yoki sharqni, degan ikkilanish qarshisida qolamiz. Har ikkisini amalga oshirish amalda imkonsiz holat», — degan u. Boshqa bir ukrainalik harbiy rossiyaliklarning Xarkivga hujumini eng ehtimolli ssenariy deb atagan.

Avvalroq Ukraina razvedkasidagi oliy martabali manbalar Financial Times nashriga may oyi oxirlarida Rossiyaning Xarkivga yirik hujumini kutayotgani, bu hujum avvalida Rossiya shaharni raketalardan o‘qqa tutishini aytib chiqishgan edi.

«Ikki yil o‘tganidan so‘ng rossiyaliklar hujum uyushtirish uchun o‘z kuchlaridan qanday qilib samaraliroq foydalanishni tushunib yetishdi. Hozir frontga son-sanoqsiz bombalar tashlanmoqda. Avval faqat biz egallab turgan ayrim obektlarga emas, har bir binoga bomba tashlanmoqda», — degan ukrainalik zobit BILD nashriga.

Harbiy tahlilchi Dara Massikotga ko‘ra, Rossiya Xarkivga hujum uyushtirishi uchun yana bir safarbarlik to‘lqinini o‘tkazishi lozimligini, buning uchun kamida 100 ming askar kerak bo‘lishini ta’kidlagan.

«Agar Kreml Xarkivni yoki Ukraina janubini egallamoqchi bo‘lsa, bu avvalgidan ham murakkabroq masala bo‘ladi va ruslar juda katta kuch to‘plashiga to‘g‘ri keladi», — degan ekspert.

Putinning «teatri»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Timur Ivanovni qamoqqa olish bilan vazir Sergey Shoyguni zaiflashtirishni maqsad qilib, «teatr» o‘ynadi, deb yozmoqda Financial Times.

Nashrga ko‘ra, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin o‘ldirilgach, Shoyguning pozitsiyalari birdan kuchayib ketgan.

Nashrning harbiy idoraga yaqin manbasiga ko‘ra, Timur Ivanovning hibsga olinishi Rossiya Mudofaa vazirligidagi korrupsiya masalasini yana o‘rtaga olib chiqqan.

Bu haqda o‘tgan yilning avgustida Prigojin tinmay gapirar edi. Jumladan, «Vagner» yollanma jangarilar yetakchisi «o‘g‘rilik bilan shug‘ullanayotgan front ortidagi kalamushlar bilan shug‘ullanish kerak»ligini takrorlar edi, degan manbalardan biri. Unga ko‘ra, Putin Prigojin haddidan oshdi, deb hisoblagan bo‘lsa-da, lekin o‘zini xatoga yo‘l qo‘ygan deb hisoblamaydi. Chunki o‘zining elitasida qaysidir fraksiya juda katta ta’sir doirasiga ega bo‘lishidan juda qo‘rqadi.

O‘zining ta’sir kuchini ko‘paytirib borayotgan idorani tahqirlash maqsad qilinganini Ivanovning qay tarzda qo‘lga olingani ham ko‘rsatib turibdi, degan manba.

Tojikistonning norozilik notasi

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigoryyevga Tojikiston fuqarolarning Rossiyada jiddiy diskriminatsiyaga uchrayotgani fonida norozilik notasini topshirdi.

Diplomatik idora Rossiyada «ommaviy» xarakterga ega bo‘lib borayotgan, Markaziy Osiyo respublikasi fuqarolariga nisbatan «e’tiborli negativ munosabat» yuzasidan o‘z tashvishini bildirgan.

Notada bunday xatti-harakatlar aynan Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanayotgani, bu esa Rossiya-Tojikiston munosabatlarining «ruhi va an’analari»ga mutlaqo mos emasligi ta’kidlab o‘tilgan.

Avvalroq Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sodiq Imomiy Tojikiston fuqarolarga Rossiyaga kirishga «asossiz rad etishlar» soni ko‘payganidan tashvishini bildirgan edi. Masalan, Qozog‘iston va Rossiyaning Orenburg oblasti chegarasidagi «Sagarchin» nazorat o‘tkazish punktida mingga yaqin tojikistonliklar Rossiyaga o‘tolmay kutib qolishgan. Tojikistondan uchib kelganlar aeroportlarda ham to‘planib tushiribdi. Rossiyalik chegarachilar ularni so‘roqqa tutmoqda, smartfonlarini sinchliklab tekshirishmoqda. 

Mavzuga oid