O‘zbekiston | 19:27 / 13.05.2024
13729
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida janjal ko‘targan Rossiya fuqarosi 3 sutkaga qamaldi

U kecha, 12 may kuni Toshkent–Moskva yo‘nalishida uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgan reys bortida mast holatda janjal chiqargan va ekipaj a’zolarini haqorat qilgan. Bugun xorijlik huquqbuzarga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent xalqaro aeroportida janjal ko‘targan va ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan Rossiya fuqarosiga jazo qo‘llandi. Kun.uz sud hujjatini o‘rgandi.

Holat bugun, 13 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud qarorida keltirilishicha, 12 may kuni soat 15:00da Rossiya fuqarosi, 39 yoshli Aleksey Mesheryakov spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda Toshkent–Moskva yo‘nalishida uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgan reys bortida janjal ko‘targan. U jamoat tartibini buzib, ekipaj a’zolarini haqorat qilgan.

Mesheryakov bu harakatlari uchun IIBga olib borilgan, lekin ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga ham bo‘ysunmagan.

Sud qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid